Ustozlar doimiy e’tiborda
O‘qituvchilik — dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasbdir. Ustozlarimiz yoshlarga ilm, bilim berish bilan bir qatorda barkamollik sari yetaklaydi. Ustoz har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning ustoz otangdek ulug‘, degan purhikmat naqlida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtirom namoyon.
Sir emas, bugungi pandemiya davrida ham ustozlar va murabbiylar xalqimiz va jamoatchilikning diqqat e’tiborida. Ularning ijtimoiy , iqtisodiy, huquqiy qo‘llab-quvvatlanishi uchun zaruriy chora-tadbirlar qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, sog‘liqlarini tiklash, kasallik yuqtirmaslikning oldini olish uchun muhim ishlar qilinmoqda.
Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan Samarqand shahar kasaba uyushmalari xodimlari tomonidan tadbirlar uyushtirildi. O‘qituvchilar kasb bayramlari bilan muborakbod etildi. Samarqand shahridagi 37-IDUM da faoliyat yuritayotgan bir guruh ustozlar esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar. Ularning mahobatli va e’zozli ishlariga omad tiladi.
Zamira Tashmuhammedova, 37-IDUM kasaba uyushmasi raisi