Ustoz ham do‘st bo‘la oladi
Bu voqea ancha ilgari, hali maktablarda psixologlar bo‘lmagan davrda ro‘y bergan edi. O‘quvchilarim bilan “Men va yaqinlarim” mavzusida suhbatlasha turib, bir o‘quvchi qizning mahzun tortganini zimdan payqadim. Keyingi safar “Akam yoki opamga qanday murojaat qilaman?” mavzusida har bir o‘quvchi bilan gaplashayotib yana o‘sha o‘quvchining nimadandir siqilayotganini sezdim. Hamkasblarimdan surishtirib bu qizaloq o‘gay ota qo‘lida tarbiya topayotganini eshitgach, u bilan yolg‘iz suhbatlashishga qaror qildim.
Ochilib hech kimga gapirmaydigan qizning dilidagilarni bilish oson kechmadi. Biror dugonasi bor yoki yo‘qligi, dilidagi eng yashirin sirlarini kim bilan o‘rtoqlashishini bilish uchun talay vaqt ketdi. Zimdan olib borgan surishtiruvlarim orqali onasi birinchi turmushidan ajrashib, ikkinchi bor turmush qurganini, asli befarzand bo‘lgan o‘gay ota qiz va uning akasiga yaxshi munosabatda bo‘lsa-da, onasini mudom kaltaklab, xo‘rlab kelishini bilib oldim. Shu muhitda tarbiya topayotgan qiz na onasiga, na akasiga dilidagilarni tortinmay ayta olar ekan. Shundan so‘ng ishonch bilan agar kim bilandir dildan gaplashishga, maslahat so‘rashga ehtiyoj sezsa, uni har qanday holatda eshitishga va to‘g‘ri tushunishga tayyor ekanimni hamda eshitganlarimni hech kimga aytmasligimni tushuntirdim. Qizcha biroz hadik bilan ortiga qaytdi. Darslarda kuzata boshladim. U ilgarigidan ancha quvnoq. Yonimga ayricha erkalik bilan vazifalarini tekshirtirishga olib kelardi. Hatto bir kuni menga yozgan maktubida o‘z otasining ismini ko‘rsatib, bu mening haqiqiy sharifim, eng katta orzum — o‘z otamni izlab topish, deb yozgan edi. Esimda, har bir maktubini “eng aziz ustozim — do‘stimga”, deb boshlardi. Uning maktublaridan biriga yozgan javobimda dunyodagi eng katta baxtsizlik — ota va qizning ayro yashashi emasligini, to‘kis oilalarda ham hayot bir tekis ketmasligini aynan qishlog‘imizdagi kishilar misolida tushuntirdim.
Ko‘p o‘tmay qiz meni suhbatlashish uchun xoliroq joyga chaqirdi. Gaplaridan ma’lum bo‘ldiki, uni o‘z otasi izlab kelibdi. Mustaqillikdan keyin chegaralar yopilgani tufayli Tojikistonda qolib ketgan ota farzandlarini olib ketishni istayotgan ekan. 16 yoshga to‘lguncha barcha dilxiraliklar sababi otasi bilan yashamayotgani deb bilgan, tun-u kun otasini ko‘rish, u bilan yashash ishtiyoqida yurgan qiz ko‘zi to‘la yosh bilan nima qilishni bilmayotgani haqida gapirsa ham ich-ichidan otasi bilan ketishni xohlayotgani ravshan edi. U bilan suhbatimiz ancha cho‘zildi. Otasi yana turmush qilgan-qilmagani, o‘gay otasi uning ketishiga qanday qarashi, agar ketmoqchi bo‘lsa onasi qay ahvolga tushishi haqida uzoq gaplashdim. Qizning aytishicha, o‘gay otasidan yomonlik ko‘rmagan, aksincha o‘z otasini esini tanigandan buyon ko‘rmagani uchun unga nisbatan ichida mubham bir tuyg‘u bor. Faqat bolalik orzulari, voz kechishni istamayotgan orzulari sabab otasi bilan ketishni judayam xohlayotganini o‘rtanib gapirdi. Men esa o‘gay otasi, garchi onasi bilan ko‘p ham murosaga kelolmasa-da, uni bolalikdan mehr berib katta qilganini (bir og‘iz ham qattiq gapirmaganini o‘zidan eshitganman), o‘tgan ancha vaqt oralig‘ida o‘z otasi oila qurgani, bolaligidan mehr qo‘yib ulg‘aytirgan farzandlari borligi, agar qiz otasi bilan ketsa, o‘gay ona uni qanday qabul qilishini oldindan bilib bo‘lmasligini aytdim. Bordi-yu qiz otasi bilan ketib u yoqda qo‘nim topolmay qaytib kelsa, uni bu yerda yaxshi kutib olmasliklari mumkinligini uqtirdim. Xulosa va qarorni faqat uning o‘zi qabul qilishi lozimligini ham qo‘shib qo‘ydim. Bir necha kun o‘tib o‘quvchi qiz yana oldimga keldi va kichkina qog‘oz parchasini uzatdi. U maktubida ketmaslikka qaror qilganini aytgandi. Maktub so‘ngida shunday so‘zlar bor edi: “Ustoz, sizdan juda minnatdorman. Faqat bu gaplar oramizda sir bo‘lib qolsin. Axir do‘stlar bir-birining sirini sotmaydi-ku”.
Oradan 18 yil o‘tib kichkina do‘stim bilan oramizda bo‘lib o‘tgan gaplarni sizga aytgim keldi. Maqsadim — ustoz har bir o‘quvchiga uning xarakteri, sharoiti, oilaviy muhitidan kelib chiqib yondashishi lozimligini, o‘quvchining qalbini egallamay turib, uning ongini boshqara olmasligini aytish edi.
Zebuniso JUMAYEVA, Qumqo‘rg‘on tumanidagi 11-IDUMIning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi