O‘qituvchisiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi
Har yili 1-oktabrda butun O‘zbekiston xalqi O‘qituvchi va murabbiylar kunini keng nishonlaydi. Prezidentimiz poytaxtdagi Xalqaro Kongress markazida ushbu sanaga bag‘ishlangan tantanali marosimda o‘qituvchi va murabbiylarga murojaat yo‘lladi. Yurtboshimizning bu yilgi bayram tabrigi yangicha mazmun-mohiyat kasb etdi. Ta’lim sohasi vakili sifatida mazkur nutqni barcha yurtdoshlarimiz qatori e’tibor va hayajon bilan tingladim.
Prezidentimiz ustoz siymosiga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatib, ularni ushbu qutlug‘ sana bilan tabriklar ekan, hayotda qanday muvaffaqiyat va natijalarga erishgan bo‘lsak, bu yutuqlarda o‘qituvchi va murabbiylarning beqiyos hissasi borligini ta’kidladi. Shuningdek, islohotlar davrida ta’lim tizimi, kadrlar tayyorlash, o‘qituvchi maqomini yanada oshirishga oid ishlarga to‘xtalib, bu boradagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Darhaqiqat, ilm-fan va ta’limga qaratilgan ulkan e’tibor bois dunyodagi rivojlangan mamlakatlar yuksak taraqqiyot va turmush farovonligiga erishmoqda. Shu bois keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi O‘zbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori ta’lim tizimida ham tub islohotlar olib borilmoqda.
Bu borada mamlakatimizda o‘nlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi va ijrosi ta’minlanmoqda. Yaqinda tasdiqlangan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun ushbu soha taraqqiyotida, hech shubhasiz, yangi ufqlarni ochib beradi. Qonunga muvofiq, ta’lim olishning masofaviy, inklyuziv shakllari joriy qilindi, ta’lim muassasalariga xorijiy muassasalar bilan qo‘shma fakultet va o‘quv markazlari tashkil qilishga ruxsat etildi. Shuningdek, o‘qituvchilarga mualliflik dasturi va o‘qitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, o‘qitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga e’tibor qaratar ekan, “Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanchi, ustuni deb hisoblaymiz”, deya alohida ta’kidladi. Hurmatli ota-onalarni esa bu tashabbusni, albatta, qo‘llab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni bo‘lishini aytib o‘tdi.
Prezidentimiz murojaatnomada o‘qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo‘lishini qat’iy belgilash lozimligi, kelgusi ikki yil davomida maktablarni moddiy-texnik jihatdan ta’minlash xarajatlarini 2 barobar oshirish, ularning zamonaviy jihozlar va ko‘rgazma qurollari bilan to‘liq ta’minlanishi zarurligini ta’kidladi. O‘qituvchilar ishini yengillashtirish va ularning salohiyatidan oqilona foydalanishda kelgusi yilda ta’limni raqamlashtirish ishlarini yakunlab, “Onlayn maktab”, “Raqamli va xavfsiz maktab”, “Elektron darslik”, “Elektron kundalik” kabi tizimlar joriy etilishi, 2020-yil oxirigacha maktablarni keng polosali Internet tarmog‘iga ulash darajasi 70 foizga yetkazilishi xususida fikr bildirdi.
Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xalqaro mehnat bozori talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash, professional ta’limning mazmuni va sifatini oshirish dasturini ishlab chiqishi zarurligi aytib o‘tildi.
Prezidentimizning soha xodimlariga qaratayotgan e’tibori hamda belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va xodimlari ham o‘z oldilariga tegishli maqsad-vazifalarni belgilab, shu yo‘lda ish olib boradilar.
Abduhakim MAMANAZAROV, Moskva davlat universitetining Toshkent shahridagi filiali rahbari o‘rinbosari, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent
Xalq deputatlari Mirobod tumani kengashi deputati