Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun izohli lug‘at chop etildi
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan O‘zbek tilining izohli lug‘atchasi — "So‘z sandiqchasi" kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Yozbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mutaxassislari, o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Lug‘at O‘zFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov tomonidan tayyorlangan.
O‘zbek tili ajoyib so‘z sandiqchasidir. Shu boy xazina o‘rganilsa, egallansa til burrolashadi, zehn o‘tkirlashadi. Aynan bolalarga mos ruh va shaklda tayyorlangan lug‘at yurtimiz yoshlarining o‘zbek tilida bilmaganini bilishi, o‘rganishiga xizmat qiladi.
Mazkur lug‘atchada yetti yuz atrofidagi so‘z, so‘z ma’nolarining sodda, ixcham va lo‘nda shakldagi izohlari jamlangan.So‘z ma’nolari bolalar adabiyoti, bolalar matbuoti va xalq og‘zaki ijodi namunalaridan olingan misollar bilan boyitilgan.
To‘plamda so‘zlarni tanlashda ularning bolalar nutqidagi faollik darajasidan kelib chiqilgan. Yorni bilan mazkur so‘zlarning ma’nosiga ko‘ra zidi, ma’nodoshlari va ular ishtirokidagi iboralar ham ko‘rsatilgan.
Dunyo lug‘atchiligi tajribasida aynan bolalarbop bunday izohli lug‘atlar tuzish an’anasi ko‘pdan beri mavjud bo‘lsada, mazkur lug‘at o‘zbek tilidagi dastlabki ishdir. Yon ming nusxada nashr etilgan "So‘z sandiqchasi" yurtimizdagi barcha umumta’lim maktablariga yetkazish uchun taqdim etildi.
— Bu lug‘atlar barcha umumta’lim maktablari kutubxonalariga yetkaziladi, — deydi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov. — Kitobning taqdimotlari esa, o‘zga tillarga ixtisoslashgan maktablarda o‘tkazilyapti.
Bunda ham ramziy ma’no bor. Turli millat va elat vakillari yashaydigan, turli tillarda so‘zlashadigan yurtdoshlarimizga o‘zbek tilini chuqur o‘rganishi uchun ko‘maklashishdan iborat. Yurtimizda yettita tilda ta’lim beriladi. Ana shunday ta’lim muassasalarida o‘zbek tili soatlari ko‘paytirilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar o‘zbek tili nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Manba:Uza.uz