Maktablarda inklyuziv ta’lim joriy qilinadi
“Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi (PQ–4860, 13.10.2020-y).
Qaror bilan 2020-2025-yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi va uni 2020-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, 2021/2022-o‘quv yilida tajriba-sinov tariqasida:
— shaharlarda va Toshkent shahrining tumanlarida joylashgan bittadan maktablarda inklyuziv ta’lim joriy qilinadi;
— Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan maktabda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochiladi;
— Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida joylashgan bittadan kasb-hunar maktabida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etiladi.
Shuningdek, 2021/2022-o‘quv yilidan:
— ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida majburiy o‘rta ta’lim 11 yillik (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 9 yillik) muddatda amalga oshiriladi;
— ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 10-11-sinf (intellektual rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun (yordamchi) maktablar, maktab-internatlarda 8-9-sinf) o‘quvchilari uchun kasbga o‘qitish kurslari tashkil etiladi va bitiruvchilarga sertifikat beriladi.
— 2021-yil 1-yanvardan ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining rahbar xodimlariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi bazaviy tarif stavkasining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.
O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi qoshida uning belgilangan shtat birliklari doirasida “Inklyuziv ta’lim laboratoriyasi” tashkil etiladi.
Mazkur laboratoriyaning asosiy vazifalaridan biri maktablarda inklyuziv ta’lim uchun shart-sharoitlar yaratish, inklyuziv ta’lim berishning sifati va samaradorligini aniqlash mezonlarini ishlab chiqish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish hisoblanadi.
Manba: Huquqiy axborot