Tayanch nuqta
Dunyoda jamiki narsa-hodisalarning o‘z tayanch nuqtasi bor. Bu faqat kurrayi zaminimizdagi voqelikka tegishli bo‘lib qolmasdan, galaktikadagi barcha sayyora, yulduz, samoviy jismlarga ham taalluqli. Tayanch nuqtasi bor bo‘lmagan narsaning o‘zi yo‘q. Bo‘lgan taqdirda ham, u omonat.
E’tibor bering, hashamatli, naqshinkor, baland imorat oldida turibsiz. Qanchalik ko‘kka bo‘y cho‘zmasin yoki qanchalik “viqorli” bo‘lmasin, uning tayanch nuqtasi — poydevori mustahkam bo‘lmasa, u hech nimadir. Bir yer silkinishi bilan qulab ketishi tayin. Yoxud daraxtni tasavvur
qiling. U gurkirab o‘smagan, soya ham, meva ham bermagan bo‘lardi uning teran tomiri — tayanch nuqtasi, ildizi bo‘lmaganda. Hatto yerning ham tayanch nuqtasi bor. Beruniy, Arximedlar bu haqda qanchalik o‘y surib, umrini band etgan bo‘lmasin, tayanch nuqta mutlaq haqiqat ekanini anglab yetishgan. Yerning tayanch nuqtasi bo‘lmaganda edi, u allaqachon o‘z orbitasidan chiqib ketgan bo‘lardi. Shunday ekan, davlatlarning, xalqlarning, insoniyatning ham o‘z tayanchi, suyanchi bor. Tinchlik mamlakatlarning, totuvlik, o‘zaro hamjihatlik xalqlarning osoyishtaligi va farovonligiga tayanch. Shoir bejiz yozmagan:
Yer tayanch nuqtasin Arximed izlab
Ketdi-ku, topolmay armon yetaklab,
Ona alla aytib umumbasharga
“Bu nuqta – tinchlik!” – deb
berdi yo‘rgaklab.
BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz tilidan yangragan va mag‘rur jaranglagan so‘z ham jahonga tinchlik ekani buning isbotidir.
Xuddi shunga monand rivojlangan, taraqqiy etayotgan davlatlarning ham o‘ziga xos va mos tayanch ustunlari bo‘ladi.
Bu shubhasizki, yosh avlodga berilayotgan ta’lim-tarbiya va unga mas’ul mutasaddilardir. Taqdiri ta’lim va tarbiyaga bog‘langan fidoyi o‘qituvchi va murabbiylar davlatimiz poydevori, xalqimizning iqboli va istiqboliga mezondir.
Prezidentimizning 1-oktabr — “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan yo‘llagan tabrik nutqida xuddi shu tayanch ustunlarni, yuksak ehtiromni his etdik. O‘qituvchi va murabbiylarni yangi O‘zbekistonni barpo etishda katta kuch, tayanch va suyanchimiz deya e’tirof etdi. Yangicha dunyoqarash, yangicha tafakkur, zamonaviy, kuchli bilim va iste’dodgina yangi O‘zbekistonni qurishga qobil ekani ayni haqiqat. Shuning uchun ham davlat rahbari Yangi O‘zbekistonning ostonasi maktabdan boshlanishini ta’kidlagani bejiz emas.
Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida har doim ilm-ma’rifatni najot va taraqqiyot yo‘li ekanini uqtirishlari e’tiborga molik. Tantanali marosimdagi nutqida ham xuddi shu fikrga urg‘u beradi. Ma’rifatparvar adibimiz, mavlono Furqatning ushbu she’riga ishora qildi.
Jahon bastu kushodi — ilm birla!
Nadur dilning murodi — ilm birla!
Ko‘ngullarning sururi — ilmdandur!
Ko‘rar ko‘zlarning nuri — ilmdandur!
Ilm, ta’lim, muallim so‘zlari bir o‘zakdan yasalgan jamiyatning o‘zani, ustunidir. Qolaversa, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarga aytilgan tahsin hamdir bu. Pandemiya bo‘lishiga qaramasdan, ilm-u ta’limga e’tibor bir soniya bo‘lsa-da to‘xtamagani buning isbotidir.
Nutqda miloddan avval yashab o‘tgan yunon faylasufi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”,
degan fikrlari keltirildi.
Demak, ta’lim va tarbiya masalasi faqat bugunning gapi emas ekan. Moziyga nazar tashlansa, kuch-qudratimiz namoyon bo‘ladi. Birinchi, ikkinchi renessans davri allomalari fan, san’at va madaniyatning tamal toshlarini qo‘yganliklari jahon ahliga ma’lum. Ajdodlarga munosib bo‘lish orzusida ilm-fan yo‘lida izlanayotgan yosh avlodga ishonch uchinchi renessans davriga qadam qo‘yayotganimizning nishonasidir.
“Islom madaniyatining oltin asri” deb e’tirof etiladigan bu davrda ona zaminimizdan yetishib chiqqan Imom Buxo-riy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abul Mu’in Nasafiy kabi ulug‘ ulamolar, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariy singari o‘nlab buyuk allomalarimizning jahonshumul ilmiy-ijodiy meroslari ana shu ulug‘ maqsadlar sari yetaklamasligi mumkinmi? Aslo, yo‘q. Prezident nutqidagi ishonch ruhi yoshlarga qaratilgan da’vat va fidoyilikka chorlov hamdir. Jadid ma’rifatparvarlari ham bu maqsadni amalga oshirishlari mumkin edi. Afsuski, o‘sha mudhish, mustabid zamon iskanjasi bunga yo‘l bermadi. Ular hurmatini joyiga qo‘yish maqbul, shoyista va sharafli ishdir.
Vatan va xalq ozodligi, obodligi yo‘lida milliy ta’lim va tarbiya tizimini muqaddas tutgan Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani davlatimiz rahbarining ajdodlar ruhini ulug‘lash borasidagi navbatdagi qutlug‘ qadamlaridandir.
So‘zdan so‘zning farqi bor deganlaridek, ta’lim bilan ta’limning, muallimdan muallimning farqi bor. Pedagogik mahoratga ega bo‘lgan o‘qituvchi pedagogik texnikani yaxshi egallagan bo‘ladi. Ya’ni, uning mavzuni, ma’lumotni o‘quvchi ongiga singdira olish mexanizmi, boshqacha aytganda, kommunikativ kompetensiyasi kuchli bo‘ladi. O‘z ishining mohir ustasi bo‘lgan pedagogdan ta’lim olgan o‘quvchining fikri teran, intellektual salohiyati, saviyasi yuqori bo‘lishi tabiiy. Pedagoglar o‘quv yuklamalarini a’lo darajada bajaradi, lekin o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi ko‘ngildagidek emas. Maktab ta’limini olgan o‘quvchilarning aksariyati o‘qishga kira olmaydi. Xo‘sh, bu kimga va nimaga bog‘liq? Shubhasizki, bu pedagogik mahoratga taalluqli masala. Kompetentliligi yuqori bo‘lgan o‘qituvchi o‘z fanini sevadi, o‘quvchini unga qiziqtiradi va ergashtira oladi. O‘quvchining qiziqishi o‘qituvchining qiziqtirishi bilan bog‘liq. Qiziqtirish esa pedagogning muloqot mahorati, nutq madaniyati bilan yuzaga chiqishi tabiiy hol.
Prezidentimiz talab etadigan ta’limning sifati va samarasi kengqamrovli bilim, xorijiy tajribalarga asoslangan zamonaviy ta’lim texnologiyalarni egallash bilangina emas, balki bilganlarini o‘quvchiga yetkaza olish iqtidori bilan belgilanadi. Demak, hamma gap pedagogning kommunikativ kompetensiyasida. Mohir pedagogning nufuzi uning malakasi, bilim bera olish qobiliyati bilan oshibgina qolmay, balki u maktabni ham mashhur qiladi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida Qorako‘l tumanidagi fidoyi muallim To‘xtamurod Jumayev haqida so‘z ochib uning tinimsiz izlanishi, yangi ta’lim metodikasi bilan oddiy bir qishloq maktabini respublika darajasidagi mashhur ta’lim dargohiga aylantirgani xususida fikr bildirdi. Ushbu maktab Buxoroning olis cho‘l tumanida joylashgan bo‘lib, zamonaviy sharoitga, qulay imkoniyatlarga ega bo‘lmagan paytda ham maktab bitiruvchilarining 95 foizdan ortig‘i oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirayotgani, Xalqaro olimpiadalardan eng ko‘p medal olib kelayotgani borasida faxr bilan so‘zladi. “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q”, deb, beparvo bo‘lib yurishimiz haqida kuyunib gapirdi. Ochig‘ini aytish kerak, o‘zining pedagogik mahorati, yetuk bilimi va kommunikativ kompetentliligi bilan o‘quvchi yoki talabani mahliyo qiladigan pedagoglar bor. Ularning tajribalarini, ish uslublarini ommalashtirish kerak, ularga yo‘l berish kerak, imkon berish kerak. Kishini esnatadigan, beta’sir usulda dars beradigan o‘qituvchi hatto o‘quvchini fandan bezdirishi, qiziqishini so‘ndirishi ham hech gap emas. Shu o‘rinda Uilyam Uordning ushbu fikrini keltirish o‘rinli: “O‘rtacha o‘qituvchi bayon qiladi, yaxshi o‘qituvchi tushuntiradi, mashhur o‘qituvchi ko‘rsatadi, namoyish qiladi, buyuk o‘qituvchi ilhomlantiradi”. Ilhomlangan o‘quvchi yoki talabada yaratuvchilik, kreativlik kayfiyati, innovatsion ixtiroga intilish mayli yuqori bo‘ladi.
Bu esa ta’lim tizimining tayanch ustunlarini idrok etish zaruriyatini anglatadi. Muntazamlilik, mustahkamlik va tizimlilik asosiga qurilgan ta’lim strategiyasi mamlakatning har tomonlama rivojiga zamin hozirlaydi.
“Biz maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz” — deya ta’kidlagani bejiz emas. Yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni sifatida ota-onalar ma’naviy-ma’rifiy hayotimizning eng mustahkam ustuni deb e’tirof etilishida ularga nisbatan katta mas’uliyat yuki va majburiyat burchi borligini anglatdilar. Chunki bolalarning kamolotida, ta’lim-tarbiyasida ota-onaning o‘rni va roli o‘qituvchinikidan kam bo‘lmasligi kerak.
Xalqimizning “Intilganga tole yor” degan naqlida ulug‘ haqiqat bor. Uyg‘onish, o‘zni qiynash, ulkan maqsadlar sari talpinish, voqelikka ilm ko‘zi bilan qarash har birimizning tabiatimizga, faoliyatimizga ko‘chsagina istiqbolli rejalarning natijasi bo‘y ko‘rsatadi. Bunga aslimiz ham, naslimiz ham asos bo‘la oladi.
Davlatimiz rahbarining quyidagi da’vatida ham ana shu haqiqatni uqish mumkin: “Birodarlar, agar intilsak, astoydil harakat qilsak, har qanday baland marrani egallash qo‘limizdan keladi. Biz ma’rifat borasida, ta’bir joiz bo‘lsa, “iligi to‘q” xalqmiz. Ilm-fanga intilish bizning qonimizda, bugungi til bilan aytganda, genimizda bor”.
Darhaqiqat, orzu-umidning o‘zigina bo‘lmaydi, balki uning ro‘yobini ta’minlaydigan harakat, tinimsiz izlanish kerak. Ana shunday ishga kamarbasta, fidoyilar zarur. Bu esa iste’dod uchqunlarini talant alangasiga aylantirish zaruriyatini keltirib chiqaradi. Mashaqqatli dovonlardan oshganlargina nurli cho‘qqilarga yeta oladi.
“Uchinchi Renessans poydevorini yaratish — besh-o‘n yilda bo‘ladigan ish emas, — deydi Prezident, — buning uchun, avvalo, yuzlab, minglab iste’dodli kadrlar, fidoyi shaxslar kerak.”
Sahroda ekin bitmasligi, daraxt ko‘karmasligi tayin. Shuning uchun ham unga tabiiy iqlim sharoiti zarur bo‘lganidek, ilm-u ta’lim olishga ahd qilgan iqtidor sohibiga ham ijodiy muhit, parvarish kerakligini, agar o‘z vaqtida sharoit yaratib berilmasa, har qanday iqtidor ham so‘nib qolishi mumkinligi ham marosimdagi nutqda alohida uqtirildi.
Ahli donishlardan biri “o‘zimdagi barcha yaxshi fazilatlar uchun kitobdan minnatdorman”, deganidek, erishgan yutuq va natijalarimizda ham ta’lim bergan ustozlarning munosib hissasi bor. Bilim bilan ma’rifatning ochqichi, ilm ila ikki dunyo ochqichi ekanini unutmaslik xayrli ish.
Muhtaram Prezidentimiz oldingi Murojaatnomasidagi bir fikrni qayta keltirdilar. “Eng katta boylik — bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros — bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik — bu bilimsizlikdir”.
Haqiqatan ham jaholatga qarshi ilm-ma’rifat bilan qarash va kurashish bugungi kunning talabi va taqozosidir. Qonun ijrosi bilan kuchli va mohiyatli bo‘lganidek, ilm ham amal va tajriba bilan qudratlidir. Shuning uchun ilm, ta’lim, amaliyot, ishlab chiqarish, integratsiya va innovatsiya uyg‘un bo‘lgan jamiyatda doimo taraqqiyot hamda har tomonlama rivojlanish bo‘lishi muqarrardir.
Dunyoning moddiy asosi to‘rt unsur(suv, havo, tuproq, olov)dan iborat ekan, biz hech ikkilanmasdan olam va odamning ma’naviy asosi, tayanch nuqtasi besh ustundan iborat deya olamiz. Bular yuqorida ta’kidlaganimiz, Prezidentimiz e’tirof etganiday — bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilar va ota-onalardir.
Kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarga e’tibor mamlakat istiqboliga e’tibor demakdir. Chunki xalqimizning ishonchi, quvonchi, tayanchi va suyanchi bolalari bilan, ularga berilayotgan ta’limiy va tarbiyaviy oziq bilan va bu ishga mas’ul va mutasaddi bo‘lgan o‘qituvchi va murabbiylar bilan ekanini aslo unutmasligimiz kerak.
Ro‘zimurod CHORIYEV, TIQXMMI prorektori, pedagogika fanlari nomzodi,
Rahimboy JUMANIYOZOV, filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi