Onlayn olimpidalar “omadlilarniki”mi?
Bugun internet foydalanuvchilari uchun tanlovlar shunchalik ko‘pki, kanallar, guruhlar, botlar tanlov uyasiga aylanib qolgan. Qiziq tomoni, ayrim tanlovlarda o‘quvchi va o‘qituvchilar, talaba bilan o‘quvchilar, boshlang‘ich sinf hamda yuqori sinf o‘quvchilarining teng qatnashayotganini kuzatyapmiz.
Shunday tanlovlarning birida 7-sinf o‘quvchisi Saida Zunnunovaning darslikdagi she’rini “o‘z ijodimdan” deya qatnashibdi. Tanlov shartlari izohida mualliflik huquqi haqida hech narsa qayd etilmagan. Bu haqda tashkilotchilarga aytilganda, bilasizmi qanaqa javob bo‘lgan: “Hakamlar tarkibiga maktab o‘qituvchisini kiritishimiz kerak ekan-da, chunki biz qayerdan bilamiz she’rni kim yozganini”. Mana darajamiz. Shunday ekan, bunday ko‘zbo‘yamachilikka uyushtiriladigan tanlovlardan nima naf?
Yaqinda o‘tkazilgan “Ta’lim taraqqiyoti — kelajak nashidasi” tanlovidagi 819-ishtirokchining “Vatan” she’rining ham muallifi boshqa. Qizig‘i, xato yozilganidan she’rning mazmuni ham o‘zgarib ketgan. Tanlov tashkilotchilari, nazoratchilar qayerga qaraydi? Axir o‘quvchilarni tayyor oshga ega chiqishga o‘rgatib qo‘yamiz-ku bu ketishda.
823-qarorda talab etilgan ballar uchun kerak bo‘lgan olimpiada masalasi. Xullas, hozir eng zaruri olimpiadalarda ishtirok etish. “S.Bazarbayev” telegram kanalida juda yaxshi olimpiada tashkil etildi. Jarayon qizg‘in. Kanalda katta kontingent yig‘ilgan. Bu yaxshi albatta. Ammo ona tili va adabiyot fanidagi olimpiada testlari ustozlarni o‘quvchi oldida mulzam qiladi. Adabiyot fanidan darslikda berilgan ma’lumot qanchalar to‘g‘ri bo‘lmasin, qanchadan-qancha bolalar “sindi”, shu bilan birga “yangilik” yaratgan 6 nafar bola 100 balni qo‘lga kiritgan. Misol keltiraman: (15-savol) Qaysi gapda asosdosh so‘zlar qo‘llangan? To‘g‘ri javob sifatida “O‘quvchilar ta’til davomida o‘qib kelgan ertaklari haqida matn yozib berishlari lozim”. Qani, bu yerda asosdosh so‘z? 17-savolda: “Avlodlar dovoni”da hind eli yomg‘ir faslida sayohatga chiqmasligi aytilgan. Mana shu yomg‘ir fasli hindlarda nima deb ataladi? 6-sinf darsligida bu “Pashkol” deyilgan, to‘g‘ri javob sifatida esa “kutvol” tanlangan. Aslida “kutvol” so‘zi “qal’a boshlig‘i, komendant” degan ma’noni anglatadi.
Yaqinda iqtidorli bolalar bilan ishlash departamenti tomonidan onlayn olimpiada o‘tkazildi. Savollar to‘g‘ri tanlanganmi, javoblar aniq manbaga asoslanganmi deb o‘ylab qolasan kishi. Masalan, 8-sinflarning ona tili fanidan test savollarida “Bog‘langan qo‘shma gap” mavzusiga doir savol bor. Aslida bu mavzu 9-sinf “Ona tili” darsligida berilgan. Yoki “Baldayi mahfuza” deb ta’rif olgan shahar ham adashmasam, 9-sinf “Adabiyot” darsligida qayd etilgan.
Yana bir savol. “Abdulla Qahhor O‘tkir Hoshimovning qaysi asari haqida “Sof, samimiy, tabiiy, iliq, rohat qilib o‘qiladigan” asar deya fikr bildirgan?”. To‘g‘ri javob: “Dunyoning ishlari”. Axir, A.Qahhor 1968-yili vafot etgan. “Dunyoning ishlari” asari esa 1981-yilda yozilgan. Yoki Usmon Nosir “Monolog” she’rida “guldan yaralgan pari”, “tosh ko‘ngilli” deya kimni ta’riflagan? Javob: Dezdemona ekan. Buning Beatriche ekanini hamma bilsa kerak. Bu kabi savollar o‘quvchini ma’naviy sindiradi xolos.
Yana diqqatingizni quyidagi savolga qaratmoqchiman: A.Qahhorning “O‘g‘ri” hikoyasida ellikboshining og‘ilga kirib qilgan harakatlaridan maqsad nima edi? Testda belgilangan javob: “o‘g‘rini topish” va yana bitta mujmal gap. Yana davom etamiz. A.Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida saxovatsiz odamni nimaga o‘xshatgan? Javob: “qimmatbaho libosga”. E.Vohidovning ilk to‘plamining nomi, javobda “Qo‘shiqlarim sizga”.
Eh, voh, tinimsiz dod solging keladi. Bu nima degan gap? Bu qanday yangilik? Yoki fanda yangi “innovatsiyami?”. Kuzatuvlarimdan o‘zim qo‘rqib ketdim. Bu ishlar nomiga o‘tkazilyaptimi, yoki ustoz bilan o‘quvchi orasida ishonchsizlik hosil qilish maqsad qilinganmi?! Balki yana kompyuter xato qilgandir. Yaxshi ustoz vaziyatdan chiqib ketishni biladi deyish mumkin, ammo bu o‘rinda zo‘r malakali, tajribaga ega ustoz ham boshini changallab, menga o‘xshab, “Qo‘y, bolam, tinch o‘tir, qatnashmay qo‘yaqol” deydi, mana eng yaxshi vaziyatdan chiqish usuli. Savollar bisyor.
Aziz gazetxon, bu mening qarashlarim, siz ham kuzatib, qatnashib borayotgandirsiz. Balki sizda ham fikrlar bordir. Bu kabi “yangiliklar”, javobi izohtalab jumlalar, xatoligi ko‘rinib turgan testlar emas, balki aniq va lo‘nda javoblar bilan tayyorlangan testlar tashkil etaylik.
Dilbar NORMURODOVA, Termiz shahridagi 11-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi