Direktor, nega darsingizni o‘tmayapsiz?
Har bir maktabning yillar davomida shakllangan qadriyatlari mavjud. Bular o‘zidan kattalarga hurmat, kichiklarga izzat... Jamoaning o‘zidan chiqqan rahbar buni qadrlaydi va o‘zi ham amal qiladi.
Yangi kelgan rahbar, avvalo, o‘qituvchilarni diqqat bilan kuzatishi lozim. Mabodo yangi qoidalarni tatbiq etsa, birinchi navbatda ularga o‘zi amal qilishi shart. O‘zining 10 soat darsini o‘tmagan rahbarning darsga kechikib kelgan yoki dars qoldirgan o‘qituvchiga tanbeh berishga haqqi yo‘q.
Ishga endi kelgan paytlarim rus tili o‘qituvchisi bo‘lgan direktorimiz biror joyga yig‘ilishga chaqirilgan bo‘lsa, darslarining o‘rnini almashtirib o‘tib, so‘ng majlisga borardi. Hozir aksariyat rahbarlar o‘zlari maktabda bo‘lsa ham darslarini deyarli o‘tmaydilar. Odatga aylanib ulgurgan achinarli holat. Buni jamoadagilarning hammasi biladi, ammo bilmaslikka olishga majbur. Oqibatda qaysidir sinfning 30 nafardan oshiq qorako‘zlari direktor o‘tishi kerak bo‘lgan darsni faqat sinfxonada g‘ala-g‘ovur ko‘tarish bilan o‘tkazib yuboradilar.
Rahbarlarni ranjitish niyatidan yiroqman. Ammo bir narsani unutmaylik, mahalla aholisi va farzandlari borligi uchun maktablar bor. O‘quvchilar borligi uchun o‘qituvchilar bor. Maktab, o‘qituvchilar va o‘quvchilar borligi uchun sizlar borsiz. Orangizda o‘z maktabining jonkuyar va fidoyi rahbarlari bor bo‘lsa, o‘z tajribalaringiz bilan o‘rtoqlashing. Ta’lim-tarbiya uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.
Norchuchuk NORMURODOVA, Shahrisabz shahridagi 16-maktab o‘qituvchisi