O‘quvchining natijasi — maktabning bahosi
yoxud 84 foiz o‘quvchisi oliy ta’lim muassasasi talabasi bo‘lgan Sirg‘ali tumanidagi 6-IDUM tajribasi
Bugun o‘qituvchining layoqati, maktab faoliyatining samarasi bitiruvchilarning natijalari bilan belgilanayotgan, quruq gaplardan ko‘ra real yondashuv asosida ta’lim muassasasining imiji yaratilayotgan pallada har bir pedagog, har bir rahbar o‘zining mavqeyi, kerak bo‘lsa, obro‘si uchun kurashga kirgani bor gap. Bu kurashda xohlaymizmi, yo‘qmi oldingi safga tushib, eng yangi pedagogik texnologiyalar bilan qurollanib, o‘z “armiya”sini jangga tayyorlaganlar g‘olib bo‘ladi. Yoki aksincha, pedagogik jihatdan taktik tayyorgarlik ko‘rishdan ko‘ra kun shunchaki o‘tishini afzal biladigan jamoalar mag‘lublik alamidek yukni(aslida ta’nalarni) ko‘tarib yurishga majbur.
Respublika maktablari o‘rtasida 4 ta yo‘nalishdagi parametrlar — pedagogik kadrlar salohiyati, 9–11-sinf o‘quvchilaridan barcha fanlardan olinadigan testlar natijasi, bitiruvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichi va ish beruvchi tomonidan pedagog xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ko‘ra aniqlanadigan reyting har yili g‘alvir suvdan ko‘tarilgan mavsumda yangilanadi. Reytingda eng yaxshi 10, 20, ana qo‘yingki, 50 talik ro‘yxatdan o‘rin olgan maktab jamoalariga havas bilan qaraladi. Bugun biz faoliyatini yoritadiganimiz tumanda 1-, Toshkent shahrida 1-, Respublika reytingida 4-o‘rinni egallagan jamoa — Sirg‘ali tumanidagi 6-IDUMda o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan.
Maktab reyting natijalariga ko‘ra 2017-2018-o‘quv yilida respublikada 14-o‘rinni;
2018-2019-o‘quv yilida 91-o‘rinni;
2019-2020-o‘quv yilida 32-o‘rinni;
2020-2021-o‘quv yilida 4-o‘rinni egallagan.
O‘qituvchiga rag‘bat kerak
108 ta sinfda o‘qiyotgan 3613 nafar bolaning har birining ismi, ota-onasining ism-familiyasini yoddan biladigan direktor Dilorom Eshmamatova ertalabdan o‘quvchilarni kutib oladi.
Har bir o‘quvchining taqdiriga befarq bo‘lmaslik tufayli maktabda jipslikda maqsad sari intiladigan 242 kishilik jamoa shakllangan.
— O‘qituvchi xalqi mehnati qadr topsa, o‘quvchilari yutuqlarga erishsa, ota-onalardan rahmat eshitsa, jonini fido qilib ishlaydigan fidoyilardir. Shuning uchun maktabimizda har bir o‘qituvchining natijalari alohida e’tirof etiladi, — deydi maktab direktori Dilorom Eshmamatova. — Maktab pedagogika kengashida, avvalambor, natijaga erishgan o‘qituvchilar taqdirlanadi, undan keyin kamchiliklar tahlil qilinib, oqsayotganlarga metodik ko‘mak berish chora-tadbirlari ishlab chiqiladi. Bu yilgi o‘quvchilarning talabalikka qabul qilinish ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatgan sinf rahbarlarga ham direktor jamg‘armasidan 5 million so‘mdan mukofot puli ajratildi. Shuningdek, ushbu pedagoglar o‘quv yili davomida 40 foizlik ustama olishadi. Bunday rag‘bat olgan o‘qituvchi o‘zining ustida ishlashga, o‘quvchilarining vaqti zoye ketmayotganiga, qiziqishlari bo‘yicha maktabdan keyingi ta’limni davom ettirish maqsadida harakat qilayotganini tizimli nazorat qilishga hafsala topadi, mas’uliyat sezadi. Bu esa bir o‘quvchi, bir sinf, bir maktab misolida yurtimizda ulg‘ayayotgan avlodning salohiyati oshishiga hissa bo‘lib qo‘shiladi.
2020-yilda ushbu maktabning 11-sinfini 223 nafar o‘quvchi tamomladi. Ularning 185 nafari, ya’ni 84 foizi oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
“10 ta OTM talabasi bo‘ldim”
Maktabning OTMga qabul qilingan bitiruvchilari yig‘ma jildini kuzatar ekanmiz, ko‘plab o‘quvchilarning yurtimizdagi hamda xorijiy OTMlarning ko‘pchiligiga birvarakayiga kirganini kuzatdik.
— Bugungi kunda yurtimizda rivojlangan davlatlardagi kabi abituriyentlarga tanlash imkoniyati berilgani, yo‘nalishi bo‘yicha cheklanmagan miqdorda OTMlarga hujjat topshirib, bilimlarini sinashga yo‘l ochilgani ayni muddao bo‘ldi, — deydi Shohrux Hamroyev. — O‘zim ham O‘zbekiston va xorijning 10 ta oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirib, kirish ballarini to‘plab, talabalikka tavsiya etildim. Bular:
Mazkur maktab bitiruvchilari 2018-2019-o‘quv yilida 5 ta oltin, 3 ta kumush, 2019-2020-o‘quv yilida 9 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Oltin medalga munosib bo‘lish zarur
— 1-sinfdan maktabni tamomlagunimcha baholar tabelimga “4” tushmagan, — deydi Samariddin Yo‘ldoshev. — Fanlarni yaxshi o‘zlashtirishimni sinf rahbarim Aliya Usmonova har doim nazorat qilardi. Ona tili va adabiyot fanidan olimpiada bo‘lishini har yili kutardim va doim muvaffaqiyatli qatnashardim. Maktabni oltin medal bilan tamomladim. “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovida qatnashishimga ham turtkini maktabdan olganman. Badiiy adabiyotni ko‘p o‘qiganim sari ijod qilishga ishtiyoqim ortdi va O‘zbekiston jurtnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga davlat granti asosida qabul qilindim.
Maktabda 25 nafar oliy, 51 nafar 1-, 48 nafar 2-toifali o‘qituvchi faoliyat olib boradi.
O‘quvchi qo‘shimcha shug‘ullanishi kerak!
11-“L” sinf rahbari Shahodat Usmonovaning sinfidagi 27 nafar bitiruvchidan 25 nafari talabalikka qabul qilindi.
— O‘quvchilarim darsdan tashqari qiziqishi bo‘yicha to‘garaklarga borishini har doim ota-onalar yig‘ilishida asosiy masala sifatida ko‘tarardim. Ayniqsa, fan to‘garaklari yoki o‘qituvchilar tomonidan olib boriladigan qo‘shimcha darslarni muntazam nazorat qilardim. Chunki bola darslardan tashqari qo‘shimcha shug‘ullanib borsa, yuqori sinflarga borganda tanlagan fanlaridan tayyorlanish uchun moslashib boradi. Natijada tamomlangan o‘quv yilida bitiruvchilarni yorug‘ yuz bilan kuzatdim. Ularning kelajakda kerakli mutaxassislar bo‘lib yetishishiga ishonaman, — deydi muallima.
2019-2020-o‘quv yilida 21 nafar o‘quvchi fan olimpiadasining tuman bosqichida 1–3-o‘rinlarni egalladi.
O‘quvchi yutug‘i — o‘qituvchi muvaffaqiyati
Jamoada pedagoglarning mahoratini oshirish va tajribasini ommalashtirish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yaratilgan. Shu sababli, ona tili, biologiya va fizika fanlaridan integratsiyalashgan darsliklar mualliflari shu maktab o‘qituvchilari hisoblanadi.
— O‘qituvchi o‘zining fanini chuqur bilsa va uni o‘quvchiga tushuntirib berish metodlaridan yaxshi xabardor bo‘lsagina, bolani darsga qiziqtira oladi. Agarda o‘qituvchi darsiga o‘quvchini jalb qilolmasa, bolaning qobiliyati shu yo‘nalishda bo‘lsa ham, biror natijaga erishib bo‘lmaydi. Lekin tajribamda fizikaga qiziqishi bo‘lmagan o‘quvchini ham turli qiziqarli usullardan foydalanib, fanga qiziqtirib, qo‘shimcha ma’lumotlarni tinimsiz berish orqali shu soha ortidan ketgan o‘quvchilarim bo‘lgan. O‘quvchining yutuqlarida o‘qituvchining to‘laqonli hissasi va mehnati yotadi, — deydi 8–9-sinflar fizika darsligi muallifi Modil Yo‘ldosheva.
Shuningdek, Dilnoza Abduqayumova, Nigora Qarshiyeva, Muazzam Isroilova Britaniya Kengashining O‘zbekistonda ingliz tili fanining o‘qitilish samaradorligini oshirish Dasturi hamda Xan akademiyasining innovatsion darslar yaratish bo‘yicha jonkuyarlari sanaladi.
Maktabga bahoni ota-ona va jamoatchilik beradi
Ayubxon Abduqahhorov yurtimizdagi 5 ta OTMga davlat granti hamda M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent filialining ham talabasiga aylanganidan ota-onasining umid g‘unchalari ochila boshladi. Bu haqda uning onasi Muattar Bo‘ronboyeva faxrlanib gapirdi:
— O‘g‘lim matematika va ingliz tili fanlari chuqurlashtirib o‘tiladigan sinfda ta’lim oldi. Fizika fani o‘qituvisi Mohidil Yo‘ldosheva va matematika fani o‘qituvisi Yekaterina Anikina topshiriqlarini jon dili bilan bajarardi, tez-tez shu fanlardan qo‘shimcha adabiyotlar olib berishimni so‘rardi. Xalqaro darajadagi fizika-yadro institutlari jamiyati o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada 1-o‘rinni olganida o‘g‘limning kasbiy yo‘nalishini aniqlab olganiga ishonch hosil qildim. Maktabdagi bazaviy bilimlar puxta bo‘lsa, oliy o‘quv yurtida o‘qish armon bo‘lmasligini tushunib yetdim. Bolaning kelajakda kim bo‘lib ulg‘ayishi, qanday kasb egallashi maktabga bog‘liqligini farzandim misolida ko‘rib turibman.
Yana shu maktabga qaytdim
— O‘qituvchilarimizning yil davomida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida ishtiroki, o‘quvchilarining fan olimpiadalarida ko‘rsatgan natijalari va boshqa musobaqalar hamda tashkiliy va jamoatchilik ishlarida qatnashish ko‘rsatkichlariga qarab har chorak yakunida qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash an’anasini yo‘lga qo‘yganmiz. Shuningdek, yurtimizning tarixiy shaharlari bo‘lmish Samarqand, Buxoro va Xivaga ilg‘or o‘qituvchilarning sayohatlarini uyushtirish ham ularning samarali mehnatiga sabab bo‘lmoqda. Eng namunali o‘qituvchilarga sihatgohlar uchun bepul yo‘llanmalar berilishi esa pedagoglar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti yuzaga kelishida omil bo‘lyapti, — deydi maktab kasaba uyushmasi raisi Ma’suma Yusupova.
Jamoada yosh o‘qituvchilarga tajribali pedagoglarning ustozlik qilishi an’anaga aylangan. Har bir yosh o‘qituvchining biriktirilgan hamkasbi yaxshi natijalar bilan birgalikda kamchiliklarga ham sherik hisoblanadi. Shuning uchun bu tarzda ishlash faqat qog‘ozlarda emas, amaliy faoliyat tarzida shakllangan. Shundanmi, so‘nggi yillarda maktabni tamomlab, pedagogika yo‘nalishidagi OTMlar diplomini qo‘lga kiritgan yosh o‘qituvchilar o‘zlarining qadrdon maktabida ish boshlagan.
— 2008-yilda TDPUning rus tili va adabiyoti fakultetini tamomlab, shu fandan dars bera boshladim, — deydi Galina Sheptuxina. — Ilk darsga kelgan kunlarimdagi hayajonimni ustozlarimning maslahatlari va pedagogik ko‘magi bilan yengdim. Tez orada 1-toifali tajribali o‘qituviga aylandim.
Maktabni xalq orasida pirxona
deyish odati bor. Ana shu pirxonaning fayz-u tarovati chin ma’nodagi ma’rifatparvar o‘qituvchilarning zahmatli mehnati orqali himoya qilinadi, saqlab qolinadi. Fayzli maktabning o‘quvchilari natijalari maqtangulik, ota-onalar minnatdorlik qurshovida bo‘ladi.
Nasiba ERXONOVA, jurnalist