Savodxonlikka qaratilgan telegram kanali tashkil etilsa...
Qaysidir sohada yangi kashfiyot qilinsa, avvalo, shu kashfiyot til sathida namoyon bo‘lishi barchaga ma’lum. Keyingi jarayonlar, ya’ni uning ommalashishi, yashashi yoxud inqirozini ham til vositasida bilamiz.
Alisher Navoiy inson haqida gapirar ekan, “Chu bo‘ldi nutq ila mumtoz barcha hayvondin” (tili tufayli inson hayvondan ajraldi, hayvondan insonni nutqi ajratib turadi), deydi. Yoki so‘z, tilni “guhari sharif” deb e’lon qilingan uning mashhur qit’asida ham insoniylik va hayvoniylik o‘rtasidagi chegara til bilan aloqadorlikda talqin etiladi:
Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin.
Binobarin, insonni inson qilib turgan buyuk ne’mat til, deydi Alisher Navoiy.
Buyuk mutafakkir Jaloliddin Rumiy hazratlari yozganlaridek:
Sen sari kelganda so‘z – bahri latif,
Anglagaysenkim, o‘shal dengiz sharif,–
so‘z, til sharif dengiz xabarini beradi. So‘z vositasida olam sinoati yechiladi. Tafakkur va tasavvur qudrati, kuchini ham so‘z hal etadi. Insonga ulug‘lik, shariflik maqomini ham yuksak so‘z hadya etadi. Shu bois ham buyuklar doimo tilni ulug‘lashgan.
Til – ijtimoiy hodisa, jamiyat bilan tengdosh va yondosh. Til va jamiyat – et va tirnoqdek, ularni ajratib bo‘lmaydi. Kishilik jamiyati haqida so‘z yuritilganda, avvalo, til xayolni band etadi. Har qanday jamiyatning ruhi, qiziqish-u intilishlari, yashash tarzi, an’ana va odati – barcha holat va jarayonlar til (axborot) orqali yetkaziladi, qabul qilinadi. Tilning mazmuni, shakli, sifati, miqdori, yashashi, qo‘llanishiga qarab davrga baho beriladi. Taraqqiyotning ham, tanazzulning ham yagona ko‘rsatkichi – til. Til barcha bilimlarning kaliti.
Ona tilimizning istiqboli haqida o‘ylaganda bir qator masalalar bugungi kunda ayniqsa dolzarblik kasb etayotganini payqagandek bo‘lamiz. Ularning ayrimlarini sanab o‘tsak:
1. Muntazam ravishda turkiy so‘zlar, o‘zbek xalq maqollari, iboralari izohi uzluksiz berib boriladigan biror manba (resurs, platforma) ishga tushirilsa yaxshi bo‘lardi.
2. Ushbu resurs(platforma)da tilimizdagi kichik, ammo hal qilinmagan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha forum tashkil qilinsa maqsadga muvofiqdir.
3. Bolalar uchun o‘zbek so‘zlari ma’nosini o‘rgatishga qaratilgan o‘yin dasturlari (mobil) yaratish uchun tanlov e’lon qilish (chunki bugun barcha bolalar tili chiqmasdan turib telefon bilan o‘rtoqlashmoqda).
4. O‘zbek adabiy ertaklari asosidagi animatsion filmlarni ko‘paytirish va shu multfilmlarni ko‘proq efirga uzatishni tegishli tashkilotlardan so‘rash.
5. So‘zlar imlosi, savodxonlikka yo‘naltirilgan turli tipdagi topshiriq, testlar bankini yaratish va undan foydalanishni qulaylashtirish (maxsus telegram kanalida yoxud shunga mos kanal tashkil etib berib borish).
6. Maktab o‘quvchilarini o‘zbek tili shevalari bilan tanishtirish maqsadida o‘zbek tili shevalarining mavzulashtirilgan lug‘atlarini tuzish va shevalarda o‘z aksini topgan jonli o‘zbek tilining so‘z boyligini shevalar misolida ko‘rsatish yo‘llarini izlash.
Ushbu masala xususida bosh qotirish quyidagilarni hal qilishda yordam beradi deb o‘ylaymiz: texnika va texnologiya, sun’iy intellekt rivojlangan bugungi kundagi tilimizning ahvoli qanday? Turli “gajet”larga tili chiqmayoq bog‘lanib qolayotgan bolalarimiz qalbida qanday qilib so‘z ruhini tiriltirish mumkin? Qanday qilsak o‘quvchilarimiz so‘zdan hayrat tuyadi, murg‘ak qalbida so‘z zavqi uyg‘onadi? Nahotki ona tilimizning go‘zalligi, ohori kitoblar qatida qolib ketaversa? Bugun yoshlarimiz kundalik ishlatiladigan so‘zlar bilan chegaralanib, undan nariga o‘tolmay, chet so‘zlarni nutqida ko‘p qo‘llayverishining oqibatlari qanday bo‘lishini tasavvur qilishimiz kerak. Ona tilimizning sofligi, tarixiy-madaniy qiymatini oshirish, boyitish, yuksaltirish borasida aniq vazifalar belgilab amalga oshirmasak, zamon shiddati tilimizning “shirasi”ni olib qo‘yishi aniq. Bu borada har birimiz til jonkuyari bo‘lishimiz, til bilan bog‘liq muammolarga, garchi u kichik, arzimas tuyulsa ham, jiddiy munosabatda bo‘lishimiz lozim. Biz katta avlod o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbiga ona tilimizga muhabbat urug‘ini ekmasak, ertaga ularning yuragi MILLAT, VATAN, YURT, O‘ZLIK mevasini tugmaydi.
Nodir RAMAZONOV, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,
Nasiba BOZOROVA, filologiya fanlari nomzodi, Toshkent davlat yuridik universiteti “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi dotsentlari