O‘quvchi jahldor bo‘lsa...
Bir keksa donishmandning uyi tog‘ning etagida, soya-salqin yerda joylashgan ekan. Bir kuni daladan kelsa, kelini daraxt ostida bolasini beshikda tebratib yig‘layotgan ekan. Shunda chol bu yig‘ining sababini so‘rabdi. Kelini unga “tog‘dan tosh dumalasa, uning ostida qolib ketamiz” deya yig‘lashda davom etibdi. Shunda chol har narsadan hadiksiramaslikni aytibdi va o‘sha tosh ziyon yetkazmasligi uchun ehtiyotimizni qilishimiz lozim, deya tushuntiribdi.
Rahbarlik qilayotgan sinfimdagi bir o‘quvchi juda qo‘pol, jahldor, hatto oddiy narsaga ham asabiylashadigan bola edi. U bu holati bilan yon-atrofidagi bolalarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazardi. Bir kuni o‘quchilarimga topshiriq berdim. Hamma uyiga borib onasini quchib: “Men sizni yaxshi ko‘raman”, deyishlarini tayinladim. Ertasiga esa onasining shu vaziyatdagi holatini tasvirlab berishlarini so‘radim. O‘quvchilarim navbat talashib, labi labiga tegmay gapirishdi. Jahldor o‘quvchim jim, qog‘ozga tushunarsiz nimalarnidir chizardi. Bu holat bir necha bor takrorlangani sababli onasi kelishini so‘rab, taklifnoma yozdim. Onasi kelmadi. Darsdan so‘ng uylariga bordim. Ota-ona janjal aralash suhbat qilishayotgan ekan. Qush uyasida ko‘rganini qiladi. Albatta bunday holat bolaning ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. O‘quvchimning onasi bilan uzoq suhbatlashdim. Shunda topshirig‘imni qanday bajarganini so‘radim. Suhbatimizdan tushunib yetdimki, o‘quvchim bu haqida onasiga aytmagan ham. Ularnikiga tez-tez boradigan bo‘ldim. Bir safar borganimda o‘quvchimning onasiga ota-onalar yig‘ilishini o‘tkazishimni va albatta qatnashishi lozimligini aytdim. Yig‘ilishga keldi. Ota-onalarga vaqtida bolaga yaxshi gapirilmasa, qo‘pollik qilinsa, bu holatlar qanday oqibatga olib kelishi aks etgan videoroliklarni qo‘yib berdim. Ishtirokchilar o‘rtasida test so‘rovnoma o‘tkazdim. O‘quvchilarimning “Mening oilam” mavzusida chizgan rasmlarini onalariga berdim. Ota-onalarni dars mashg‘ulotlarida qatnashishga taklif qildim. Bir kuni darsga o‘sha o‘quvchimning onasi kelgan ekan. Shunda bor imkoniyatimni va mahoratimni ishga solib, o‘quvchimni faollikka undadim. Dars so‘ngida “Onamga guldasta” mavzusida chizgan rasmlarini onalariga berishlarini aytdim. Onasining yuzidagi tabassumni ko‘rgan farzandning o‘ziga ishonchi yanada ortdi. O‘quvchim bilan bir necha marta mashg‘ulotlar o‘tkazdim. Hozir u eng faol, tirishqoq, a’lochi o‘quvchilarimdan biriga aylandi. Hatto o‘tgan yili bir dasta chiroyli gullar bilan meni maktabimiz ostonasida qarshi oldi. Shunday ekan, bolaga keragida mehr, o‘qishiga kitob beraylik, vaqtida e’tibor ko‘rsataylik. Toki tarbiya qilayotgan farzandlarimiz yurt koriga yaraydigan komil inson bo‘lib voyaga yetishsin.
Sharbatoy SHOMURODOVA, Pitnak shahridagi 9-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi