Bo‘lajak o‘qituvchi – bo‘lajak tarbiyachi hamdir!
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Farzandlarimizning iste’dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham bosh maqsadimiz bo‘lib qoladi... Shu maqsadda biz “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi” doirasida umumta’lim maktablarida birinchi marta “Tarbiya” fanini joriy etmoqdamiz”, deb ta’kidlashi xalq ta’limi xodimlari, maktab o‘qituvchilari oldiga ulkan vazifalarni qo‘ydi.
Xo‘sh, aslida tarbiya nima? Bo‘lajak tarbiyachi qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak? Shu xususida fikrlarimizni bayon qilsak.
Tarbiya insonning aql-idroki, bilimi, irodasi va e’tiqodini, yetuklik sifatlarini rivojlantirishda muhimdir. U so‘nmas mash’ala sifatida farog‘at saltanatiga hech bir zahmatsiz yetkazadi kishini.
Tarbiya har qanday sharoitda ham nurli cho‘qqilarga yetishish yo‘lini ko‘rsatishi bilan birga kishi zehnini, fikrini qilich kabi o‘tkir qiladi va har bir shaxsga ma’naviy ozuqa berib, madaniyat, ma’rifat dunyosiga olib kiradi. Yomon odamlardan, yomon ishlardan qaytaradi. Yaxshi xulq va odobli bo‘lishga xizmat qiladi. Natijada kishilar har yerda aziz va hurmatli bo‘ladilar. Kishi hayotini to‘g‘ri yo‘lga soladigan vosita bu – tarbiyadir.
Shuning uchun ham xalq orasida tarbiya orqali oliy fazilatlarga, ulug‘likka va orzu-istaklarga erishgan buyuk kishilar qadrlanadi. Tarbiya yaxshi-yomonni tanish, halol-haromning farqiga borish, do‘stlik va qarindosh-urug‘ning fazilatlarini anglash, qonun-qoidalarni tushunish, haq-huquqlarini bilish kabi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan sifatlarni ham kamol toptiradi.
Bizda bola tarbiyani oilada ota-onadan, maktabda ustoz-murabbiydan oladi. Shu o‘rinda tarbiya borasida o‘qituvchilarning o‘rnini alohida ta’kidlash zarur. O‘qituvchi tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda istiqbolli rejalarni ishlab chiqishi va unda har bir tadbirning mazmuni, muddatlari, mas’ul ijrochilar va mo‘ljallanayotgan tadbirlarning samaradorlik darajasiga ahamiyat berishi muhim o‘rin tutadi. Shu munosabat bilan bo‘lajak o‘qituvchi o‘quv-tarbiya jarayonlarini tahlil qilish, turli uslublarni qo‘llash, ongli ravishda faol fikr yuritish, bilimni safarbar qilish, o‘zi bajaradigan barcha ish jarayonlarini mustaqil ravishda amalga oshirish kabi tajriba va pedagogik mahoratga ega bo‘lishi zarur.
Shiddat bilan o‘zgarayotgan yangi O‘zbekistonda o‘quvchi-yoshlarni ijtimoiy hayotga muvaffaqiyatli tayyorlashda mas’uliyat, majburiyat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, teran dunyoqarash, sog‘lom e’tiqodlilik, ma’rifatlilik, diniy va milliy bag‘rikenglik, ma’naviyat, fuqaroviy madaniyat kabilarni shakllantirish kun tartibidagi asosiy masalalarga aylanib bormoqda. Chunki tarbiya dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarga to‘g‘ri baho bera olish, ijtimoiy muammolarni hal etishda to‘g‘ri qaror qabul qilish, hayotda o‘z o‘rnini topish bilan bog‘liq bo‘lgan aniq maqsadlarni shakllantirish, oila – jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar uzilib qolishining oldini olish, loqaydlik, huquqbuzarlik, «ommaviy madaniyat»ning turli ko‘rinishlaridan saqlash imkoniyatini yaratishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shu jihatdan ham bo‘lajak o‘qituvchilar tarbiya ishlarini tashkil etish va boshqarishda ilg‘or pedagogik tajribalarni aniqlash, o‘rganish va ularni ommalashtirish, ilmiy-tadqiqot izlanishlarini amalga oshirish, o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, o‘quvchilar tarbiyasida oilaning maktab bilan o‘zaro samarali hamkorligini mustahkamlash, ota-onalarga, boshqa millat va madaniyat vakillariga bo‘lgan hurmatni umuminsoniy tamoyildan kelib chiqib shakllantirishni qo‘llab-quvvatlash, bola huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratishi lozim.
Shuningdek, yangi avlod tarbiyasiga oid o‘quv-metodik majmualarini yaratish va amaliyotga joriy etish asosida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish, ularning o‘quv materiallarining to‘liq o‘zlashtirilishi natijasida fanlar mazmun-mohiyatini to‘liq anglashi va hayotga tatbiq qilishiga ham erishish darkor. Bularning barchasi tarbiya samaradorligini oshiradi.
Bo‘lajak o‘qituvchilarning asosiy vazifalari ta’lim orqali o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik va ijodkorlikni oshirish va shu asosida tarbiya mazmunini takomillashtirishdan iboratdir.
Bo‘lajak o‘qituvchi o‘zining faoliyatida malakali va tajribali, chuqur bilimga ega bo‘lishi, davlat va chet tillarni, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni va o‘qitishning innovatsion uslublarini bilishi, klaster metodi asosida boshqa tashkilotlar, yirik kompaniya va birlashmalar bilan aloqada bo‘lishi asosida ta’lim mazmunini takomillashtirishi zarur. Shuningdek, u milliy va jahon adabiyoti, musiqa, kino, haykaltaroshlik, amaliy san’at va boshqa ijodiy yo‘nalishlardagi bilimlarga ega bo‘lishi ham foydadan xoli bo‘lmaydi. Bundan tashqari, u ta’lim jarayonida axborot yangiliklarini joriy etish, zamonaviy talablarni hisobga olgan holda va tasdiqlangan me’yorlardan kelib chiqib, yangi o‘quv-laboratoriya, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda ham faol bo‘lmog‘i darkor.
Shu bilan birga, o‘quvchilar o‘rtasida ijodiy tanlovlar, test va boshqa sinovlar o‘tkazib, ularning bilim, ko‘nikma va malakalarini, iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar olib borishi ta’lim-tarbiya samaradorligini oshiradi.
Albatta, bunda o‘qituvchining malakali bo‘lishi, o‘quvchi-yoshlarga hozirgi kunda dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni ularning ongi va qalbiga yetkazishi muhim hisoblanadi. Ushbu jarayonda o‘qituvchi O‘zbekiston xalqining tarixiy va milliy an’analari, ma’naviy qadriyatlari hamda jahon madaniyati yutuqlari bilan o‘quvchilarni tanishtirishi, ularda ilmiy, texnikaviy va badiiy ijodkorlikni rivojlantirishi, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi va o‘zaro munosabatlar orqali bir-biriga ishonch, o‘ziga va o‘zgalarga halol, haqiqat bilan qarashi, o‘z oldidagi ma’suliyatini to‘laqonli his eta olishga tayyorlashi kerak.
O‘qituvchi tarbiya jarayonida o‘quvchi shaxsini o‘rganishi, ularning ishonchini qozonishi, o‘zaro tushunishga erishishda to‘g‘ri yondashuvni qo‘llashi, o‘z munosabatlarini ifodalashi, his-tuyg‘ularini sezishi va ularga ko‘mak berishda zamonaviy va oqilona tizim yaratishi darkor. Bu orqali o‘qituvchi ta’lim-tarbiya oluvchilarda ijodiy fikrlash, hayotda faol ishtirok etish va tashabbus ko‘rsatishga oid ijtimoiy-psixologik munosabatni qaror toptiradi.
Shu jihatdan ham o‘qituvchi jamiyat, davlat va oila oldida o‘z ma’suliyatini his etadigan, davlatning ichki va tashqi siyosatini to‘g‘ri anglaydigan vatanparvar va xalqparvar shaxsni shakllantirshga e’tibor qaratishi birlamchi masalalardan.
Darvoqe, pedagogning o‘quvchi faoliyatini ziyraklik va diqqat bilan kuzatishi, ularga yordam berishi, muammolarni muhokama qilishi, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishi jarayonida suhbatlar, so‘rovnomalar, testlar o‘tkazishi ularning fikri, dunyoqarashini o‘rganish, xato va kamchiliklarini aniqlash imkoniyatini beradi. Ushbu jarayonda ta’lim-tarbiya natijalarini o‘rganish, xulosalar tayyorlashda o‘qituvchining nazariy, uslubiy tayyorgarlik darajasi, pedagogik mahorati va shaxsiy sifatlari muhim o‘rin tutadi.
Bo‘lajak o‘qituvchilar tarbiyaviy ishlarni amalga oshirishda o‘z vazifasini puxta va halol bajarishi o‘quvchilarning ma’suliyati va ma’naviyatini yuksaltirishda o‘z samarasini ko‘rsatadi.
O‘qituvchining kasb mahorati va zamonaviy tafakkurga ega bo‘lishi, tarbiya jarayonini boshqarishda har tomonlama to‘g‘ri qarorlar qabul qila olishi, belgilangan maqsadlarga erishishda aniq vazifalarni belgilab beradi. O‘qituvchi nafaqat ta’lim-tarbiya ishlarini olib borishda, balki jamiyatning taraqqiy etishida katta vazifani bajaradi. Shuning uchun har qanday o‘qituvchi, avvalo, o‘z o‘quvchilarining hayotiy darajalarini puxta bilishi va bu sohada iloji boricha katta tajriba hosil qilishi muhim.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘quvchilar ko‘p jihatdan o‘qituvchilariga taqlid qiladilar. Ushbu jarayonda o‘qituvchi to‘g‘ri yo‘l tutsa, o‘quvchilar ham to‘g‘ri yo‘l tutadi.
Tarbiya jarayonini boshqarishning eng samarali usullaridan biri o‘qituvchi o‘z nuqtayi nazarini ko‘rgazmali shaklda, rang-barang, kutilmagan, hayotdan olingan voqealar va misollar bilan taqdim etishidir.
Har bir o‘qituvchining o‘ziga xos tarbiya usullari bor. O‘qituvchining xulq-atvori, orzulari, maqsad va yutuqlari o‘quvchining o‘ziga xos bo‘lib yetishishiga ta’sir qiladi. O‘quvchidagi kamchilik va xatolarni aniqlashda dastlab o‘qituvchi uning muomalasini o‘rganishi sezilarli natija beradi. Bola o‘zida aynan ota-onasining fazilatlarini mujassamlashtirmasa-da, tarbiya jarayonida o‘qituvchi o‘quvchilarga mehr berib, ularni qo‘llab-quvvatlash, ko‘maklashish, sevish va sevilish kabi go‘zal tuyg‘ularni rivojlantiradi. Tarbiya esa o‘quvchilarga bilimlar, qoidalar, qadriyatlar, shaxsning ijtimoiylashuvi uchun kerak bo‘lgan barcha an’analarni beradi.
Tarbiya jarayonini boshqarishda belgilangan tartibga amal qilish ularda bilimlarni kengaytirish, darrov muloqotga kirishish, adashgan insonni kechirish, unga ko‘maklashish, kechirimli bo‘lish, o‘ziga va atrofdagilarga ishonish, mehribon bo‘lish, yaxshilik qilish, ko‘mak berish tuyg‘ularini rivojlantiradi.
O‘quvchining to‘g‘ri va noto‘g‘ri, yaxshi va yomonni ajratishini o‘qituvchi uning o‘ziga qo‘yib beradi. Unga nima qilish yoki nimani qilish mumkin emasligi to‘g‘risida berilgan yo‘nalishlar o‘quvchi haq-huquqlarini rivojlantirishiga qaramay, belgilangan tartibga bo‘ysunishi qat’iy talab etiladi. Mazkur boshqaruvni tanlagan o‘qituvchi “Mening o‘quvchim ideal fazilatlar sohibi bo‘lishi lozim”, deb hisoblaydi va hech qachon unga tazyiq o‘tkazmaydi. O‘qituvchi o‘quvchining maqsadi va harakatlari, hayot sinovlarida ko‘makchi bo‘lib, uni baxtli qilishni o‘ylaydi. O‘quvchilar o‘rtasida yaxshi munosabat ma’naviy yaqinlik, qadriyatli yo‘nalishlarning birligi, vaziyat va manfaatlarning umumiyligida paydo bo‘ladi.
Bugungi kunda tarbiya ishlarini boshqarish mamlakat va jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotining barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham shu, aslida.
Ulfat MAHKAMOV, TVChDPI professori, pedagogika fanlari doktori,
Fotima JUMANOVA, TVChDPI dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi