Yaxshi darslik – yarim muvaffaqiyat
Avvallari ham, hozir ham hayron qolaman: nahotki g‘oyaparastlar “rus tilini bilgan, hamma narsani biladi” degan sayoz ashulaga biror aqlli odam ishonadi deb o‘ylashadi? Tarixga nazar tashlang, Suqrot ham, Aflotun ham, Arastu ham rus tilini bilishmagan, lekin insoniyat ularning falsafasidan hamon saboq olmoqda va bundan keyin ham saboq olaveradi. Buyuk vatandoshlarimiz Xorazmiy, Beruniy, Ulug‘bek ham rus tilini bilishmagan, ammo ular qoldirgan boy ilmiy meros hanuzgacha dunyo ziyolilariga qo‘llanma vazifasini o‘tayapti. Bilaman, g‘oyaparastlar hozir boshqa davr deya chuvvos solishayapti. Shu yilgi Xalqaro Nobel mukofoti sovrindorlari nomlariga qarang, ular orasida rus bormikan, ular rus tilini bilarmikan? Gap til bilishda emas, bolalikdan mustaqil fikrlashni o‘rganishda, tinmay izlanishda, teran tafakkur qilib mantiqiy xulosalar chiqarishda, yuksak maqsadlar sari izchil intilishda.
To‘g‘ri, til bilgan el biladi. Rus tilini o‘rganish ham zarar qilmaydi. Xalqimizda yaxshi ibora bor: kerakli toshning og‘irligi yo‘q. Biroq, shu kerakli toshni ko‘tarib yuraman deb xalqimizning qadami sekinlashdi, taraqqiyotdan orqada qoldi. Bundan yarim asr ilgari maktablarda rus tilini o‘qitishga mukkasidan ketildi. Bu davrda shiorbozlar “Rus tili – ikkinchi ona tilim”, degan mantiqsiz gapni o‘ylab topishdi. Odamning onasi bitta bo‘lgandan keyin uning ona tili ham bitta bo‘lishi oddiy haqiqat. O‘shanda rus tili darslari soatlari keskin ko‘paytirildi, hatto sinflar bir necha guruhga bo‘lib o‘qitildi. Natijasi aniq, bu davrda o‘qiganlarning vaqtlari ketdi, lekin rus tilini piyonista rus tanishimday o‘rgana olmadi. U umrini aroq-vinoga pul topish uchun sovurdi, lekin “Литературная газета”ni tinmay o‘qib borardi, hushyor vaqtida(bunday vaqt bir necha oyda bir marta bo‘lib qolishi mumkin edi) gazetada chiqqan materiallar haqida suhbatlashardik.
G‘oyaparastlar juda puxta reja tuzishgandi, ular o‘sha darslik va o‘qitish uslubi bilan o‘quvchilar rus tilini o‘rgana olmasligini yaxshi bilishardi. Ular uchun muhimi, o‘zbek bolalari rus tilini o‘qish bilan chalg‘isin, boshqa fanlarni o‘rganishga vaqti qolmasin. Aytish mumkinki, ular maqsadlariga erishdi, o‘sha davrda rus tilini ham, boshqa fanlarni ham chala biladigan avlod voyaga yetdi.
Keksa avlod yaxshi biladi, bundan oltmish yil ilgari 5–7-sinflar uchun oddiy va tushunarli yozilgan “Русский язык” qalin darsligi bo‘lardi. Men bu darslikni yuqori sinflarga o‘tganda ham, talabalik davrimda ham o‘qib yurardim. Jonkuyar rus tili o‘qituvchimizning “Помиловать нельзя стрелять” gapida vergulning ahamiyati to‘g‘risida tushuntirgani hamon esimda. Bu gapda birinchi so‘zdan keyin vergul qo‘yilsa oqlanadi, ikkinchi so‘zdan keyin vergul qo‘yilsa otiladi. Tilda so‘zlargina emas, hatto tinish belgilari ham katta ahamiyatga ega. Endi bu darslikni talabalik davrimda nega o‘qib yurganimni biroz tushungandirsiz. Talaba do‘stlarim darslikni o‘qishimni ko‘rib oldin kulishdi, keyin darslikni tez-tez so‘rab o‘qishdi. Oxiri bu darslikni o‘g‘irlab ketishdi.
O‘sha darslik o‘rniga chiqarilgan darsliklarni, hatto maqtalgan “Русский язык” o‘quv qo‘llanmalarini sotib oldim. Ularga ko‘z yugurtirgach, menga bu qo‘llanmalar rus tilini o‘rgatib qo‘ymaslik uchun yozilganday taassurot qoldirdi. Bunday hissiyotni nashriyotda ishlagan paytimda kimyo darsligiga muharrirlik qilgan vaqtimda ham boshdan kechirganman. Kimyoning ham asosiy qoidalari aniq va oddiy ifoda etishni talab qiladi. Darslik qo‘lyozmasi esa ezma gaplarga va bema’nidan-bema’ni testlarga to‘la edi.
O‘zbekcha aytganda, testni topganning ham, undan foydalanishni joriy etganning ham nafsiga o‘t tushsin. O‘zingiz ayting, o‘zbek, rus yo ingliz tilidan, adabiyotdan yo tarixdan qanday qilib testdan foydalangan holda sinov-imtihon topshirish mumkin? Xolisanlillo ayting, siz buyuk olim Abu Nasr ibn Iroqning Beruniyga, ulug‘ ustoz Abu Abdulloh Notiliyning Ibn Sinoga bolalik davrida test savollari berganini ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Agar ularga ustozlari dangasalikka o‘rgatadigan test savollari berganda, Beruniyday, Ibn Sinoday allomalar voyaga yetarmidi?! Unutmang, oliy o‘quv yurtini tugatgan mutaxassislar odamlar bilan test orqali muloqot qilishmaydi.
Universitetga kirish imtihonlari yodimda: abiturient “5” baho olishni istasa yoki qo‘yilayotgan bahodan norozi bo‘lsa, professor savoliga javob qaytarishi kerak edi. Men professorlarning mantiqiy savollarini eshitib, mahliyo bo‘lib qolganman. Xullas, berilgan javobga qarab, baho ko‘tarilardi yoki pasayardi. Testdan foydalanayotgan ekanmiz, demak, imtihon paytida mantiqiy savol beradigan professorlarimiz qolmagan bo‘lsa kerak. Og‘zaki imtihonda abituriyentning nafaqat bilimi, balki ona tilimizni bilishi va javoblarni to‘g‘ri ifoda etishi ham baholanardi. Bunday kirish imtihonida “5” baho olganlar keyinchalik yaxshi mutaxassislar bo‘lib yetishganiga guvohman.
Biroz mavzudan chalg‘idik. Biz kimyo darsligi haqida gaplashayotgandik. Undagi moddalar saqlanish qonuni mavzusini diqqat bilan o‘qidim. Moddalar saqlanish qonuni bundan ming yil ilgari Beruniy va Ibn Sino yozishmalarida isbotlangani to‘g‘risidagi so‘zni uchratmadim. Muallifi bilmagandir demoqchimisiz. Unda sizga savol beraman: tariximizning birinchi yuksalish davridagi bu kashfiyotni bilmaydigan muallifga har yili 500 ming o‘quvchi o‘qiydigan darslikni yozishga kim ruxsat berdi? Kim buni darslik sifatida tasdiqladi? Shu bois ta’lim islohotlari Respublika ta’lim markazi(RTM) faoliyatini tubdan isloh qilishdan boshlanganda ayni muddao bo‘lardi. Axir, darslik va qo‘llanmalar shu joyda tayyorlanadi va tasdiqlanadi. Talabga javob bermaydigan darslik va o‘qitish uslubi bilan qanday qilib ta’lim sohasini yaxshilash mumkin? Maktab binosi zamonaviy ta’mirlangani, fan xonalari jihozlangani bilan darslik va o‘qitish uslubi yaroqsiz bo‘lsa, samaraga erishish mumkinmi?
Ta’lim islohotini RTMdan boshlash kerak, degan gapimga qisqacha izoh bermasam, ayrimlar menga qarshi qilich yalang‘ochlaydi. Bu dargohda rus tarixchisi ham ishlardi va tabiiyki darslik ham yozardi. Uning 2002-yilda chiqqan “O‘zbekiston tarixi” darsligida shunday so‘zlar bor edi: “Temirlang savodsiz, qaroqchi, qonxo‘r jallod edi...” Bu so‘zlar Qur’oni karimni o‘n yoshlarida yoddan bilgan, adabiyot va san'at g‘amxo‘ri, dunyoga “Amir Temur tuzuklari” degan noyob kitobni yozib qoldirgan, Nizomiddin Shomiyga “Zafarnoma” kitobini yozishni buyurgan va bu kitobni o‘qib tasdiqlab bergan, yurtimizda ikkinchi yuksalish davriga asos solgan Sohibqiron Amir Temur bobomizga qarata yozilgan. Ayting, shunday xodim RTMda ishlashga, darslik yozishga haqqi bormidi? Shu dargohda ishlayotgan bir xodimning gapi hamon esimda: “O‘g‘lim kechasi bilan bitta kitobni paqqos o‘qib qo‘yibdi, unga hech narsa qilmaydimi?” Axir, bu xodimlar maktab darsliklariga mas’ul edilar. O‘ylaymanki, islohotni RTMdan boshlash kerakligini tushuntira oldim.
Yaxshi darslik – yarim muvaffaqiyat. Ikkinchi yarim qism muvaffaqiyatni o‘qitish uslubi, o‘qituvchi va o‘quvchining harakati belgilaydi. Biroq, yaxshi darslik bo‘lsa, muvaffaqiyatning kamida yarmini kafolatlaysiz. Lekin yomon darslik bo‘lsa, ikkinchi qismning astoydil harakatlari ham kutilgan samarani beravermaydi.
Pichoqni o‘zingga ur, og‘rimasa birovga. Boshqa tildagi darsliklar haqida yozishdan oldin ona tilimizdagi darsliklar haqida to‘xtalsam. Ona tilimiz ta’lim dargohlarida qanday o‘qitilardi? 1981-yilda “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” deb nomlangan kitob sotib olgandim. Uni 2004-yilda chiqqan shu nomdagi darslik bilan solishtirdim. Ikki kitob deyarli bir xil, faqat mualliflari boshqa-boshqa edi. 1981-yildagi kitob mustabid tuzum talablari asosida yozilganini bilganimiz uchun ona tilimizni o‘qitish ko‘ngildagidek emas desam, Amerika qit’asini yangidan kashf qilmasam kerak. Adabiyot darslariga kelsak, maktab bitiruvchilari Abdulla Qahhorning otasi temirchi bo‘lganini yaxshi bilishadi, lekin yozuvchining adabiy mahorati haqida so‘z boshlasangiz o‘quvchilar jim qolishadi. Albatta, Abdulla Qahhorning otasi temirchi bo‘lganini aytish lozim, ammo yozuvchining adabiy mahorati, ona tilimizdagi so‘zlardan mohirona qo‘llaganini tushuntirish maqsadga muvofiqroq.
O‘quvchi o‘n yil maktabda rus tili darslariga qatnashib, rus tilini o‘rganmagan bo‘lsa, aybni faqat bolalardan, o‘qituvchilardan qidirmang. Hamma kamchilik darslikda. “Rus tilini bilgan, hamma narsani biladi” deguvchilarning yana bir cho‘pchagini misol keltiraman: “Falonchi “daho” olti oy arab tilini o‘rganishga harakat qilgan. Nuqtalari bo‘lmaganda olti oyda arab tilini o‘rgangan bo‘lardim degan. Arab tili shunday qiyin til”. Rus tilini biladigan bu “daho” arablarning yosh bolasi ham biladigan tilni olti oyda o‘rgana olmagan bo‘lsa, nega bizga rus tilini bilgan, hamma narsani biladi deya cho‘pchak aytayapsiz? Mustabid tuzum g‘oyaparastlarining maqsadi boshqa edi, bizning ko‘nglimizni arab tilidan sovutish bo‘lgandi. Agar arab tilini o‘rgansak, Qur’on, Hadis, dunyoviy kitoblarni(Sharqda arab tili ilmiy til hisoblangan) o‘qib, bilimimiz oshib ketardi-da.
Arab tilini o‘qitadigan maktablarimiz bor dersiz. O‘n yil maktabda rus tilini o‘qib, rus tilini chala biladigan bitiruvchilar bo‘lganiday bu maktablarda ham arab tilini chala biladigan o‘quvchilar bor edi. Nega deysizmi, darsliklari tilni o‘rganish uchun qiyin qilib yozilgandi. Chunki tub millat vakillari rus tilini yaxshi o‘rgansa, o‘zini xo‘jayin deb hisoblaydiganlarning nonini yarimta qilardi, joyini tortib olardi. Arab tilini o‘rgansa, Qur’onning, ilmiy asarlarning mag‘zini chaqardi, ularning puch g‘oyalariga qarshi chiqardi. Darsliklar tilni, fanni o‘rganishga atayin yaroqsiz qilib yozilgandi deb, kuyinayotganimni endi tushungandirsiz.
Holbuki, arab tilini o‘rganish o‘shalar aytganday unchalik mushkul emas ekan. Bundan 35 yil ilgari ozodlik shabadalari esa boshladi. Yurtimizda arab tilini o‘rganishga qiziqish oshdi. Bir eshon savob bo‘ladi deb, qishlog‘idagi katta-kichikni uch oy ichida arab tilida yozishga, o‘qishga o‘rgatib bo‘libdi(bizga qancha vaqt bitta “daho”ning olti oyda arab tilini o‘rgana olmagani to‘g‘risidagi cho‘pchakni aytishdi, biz esa ularga o‘sha “daho” g‘irt savodsiz ekan deb ayta olmadik). Mustabid tuzum davrida ham eshonlar bolalariga arab tilini o‘rgatib kelishdi. Ular arab tilini o‘rgatishning oson va samarali usulini bilishadi.
Ta’lim mutasaddilarimiz peshqadam eshonlarni to‘plab, arab tilini o‘qitish tajribasini o‘rganishlari va ular asosida yaxshi arab tili darsligi yaratishlari kerak. Shunda uch oyda o‘rgansa bo‘ladigan arab tili maktablarda o‘n yil o‘qitilmaydi.
Bu gap rus tiliga ham tegishli. Ta’lim sohasi kishilariga yaxshi ma’lum, donetsklik maktab direktori Viktor Shatalov barcha fanlarni, mavzularni tezkor va oson oson o‘rgatish uslublarini o‘quv jarayoniga joriy etgandi. Unda rus tili fanini ham o‘qitish bo‘lgan. Shu o‘rinda taniqli hajvchi Ilhom Zoyirning Bozorboy haqidagi hangomasi esimga tushdi. Shaharga do‘stini ko‘rgani kelgan Bozorboy bekatda so‘zlashib turgan ona-bola ruslarni ko‘rsatib deydi:
– Qara, ruslarning kichkina bolasi ham ruschani bilar ekan.
Ruslarning kichkina bolasi ham biladigan rus tili maktabda o‘n yil o‘qitiladimi? Bu o‘quvchilarning oltinga teng vaqtini behuda isrof qilish emasmi? Yaxshisi, rus tilini tezkor sur’atda o‘rgatadigan darsliklar yarataylik.
Bundan qirq yilcha oldin yapon tilini o‘rgangim keldi va fan nomzodi bo‘lgan mutaxassis tanishim bilan maslahatlashdim. Uning gaplari hanuzgacha qulog‘im tagida jaranglab turibdi:
– Siz tushungan odamsiz, vaqtingizni behuda sarflamang. O‘z tilingizda qancha o‘qiydigan kitoblar bor. Agar yapon tilidagi manbaning tarjimasi kerak bo‘lsa, menga ayting, tarjima qilib beraman.
Ta’lim sohasida ham qancha fan doktorlarimiz, akademiklarimiz bor. Nahotki ular o‘sha fan nomzodi biladigan haqiqatni bilishmasa? Maktabda o‘n yil rus tili fanini o‘qitib, bolalarning vaqtini isrof qilmaylik. Zero, bu masala yaxshi darslik va o‘qitish uslubi yaratish bilan oson yechiladi. Bundan tashqari, tarjima bo‘yicha muammo yo‘q, hozirgi kunda kompyuterdagi “tarjimon” mushkulingizni oson qiladi. Biz hamon talabga javob bermaydigan darsliklar asosida rus tilini yaxshiroq o‘qitishga mablag‘ sarflash bilan ovoramiz.
Maqolani rus tili o‘qitishning sifatini oshirishga qaratilgan “Zo‘r”(“Klass”) loyihasiga tadbirkorning 5 million dollar ajratganiga ishora bilan boshlagandim. Yaqinda Toshkentda bitta to‘yxona 400 million dollarga sotilganini hisobga olsak, ajratilgan 5 million dollar katta pul emas va bu mablag‘ bilan yurtimizda rus tilini o‘qitishning sifati keskin darajada oshib ketmaydi. Biroq, bu mablag‘ rus tili bo‘yicha yaxshi darslik yaratishga va uni maktablarimizga yetkazib berishga bemalol yetadi. Ehtimol, tasodifan bu tashabbus xalqimiz O‘zbek tili bayramiga ko‘tarinki kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgandir... Ishonchim komil, agar 5 million dollar bilan yurtimizda rus tilini o‘qitishning sifati oshganda edi, Prezidentimiz bu mablag‘ni, hatto undan ko‘proq mablag‘ni shu sohaga allaqachon yo‘naltirgan bo‘lardilar.
Rus tilini o‘qitish sifatini birinchi navbatda yaxshi darslik va o‘qitish uslubi yaxshilaydi. Siz mablag‘ni shunday darslikni yaratishga sarflab, maktablarga yetkazib bering. Bu xayrli ishingiz tezda bo‘y ko‘rsatadi. O‘zbek farzandlari ayrimlar o‘ylaydigan darajada uquvsiz va yalqov emas, ularni Rossiyadan rus tili o‘qituvchisi kelib o‘qitishiga hojat yo‘q. Agar yaxshi darslikni yaratib, maktablarga yetkazib bersangiz, o‘zbek farzandlari uni shunday qiziqish bilan o‘rganadiki, ular orasida Rossiyadan keladigan rus tili o‘qituvchilariga rus tilida savol berib dovdiratib qo‘yadigan o‘quvchilarni albatta ko‘rasiz.
Bunday o‘quv qo‘llanmasining bir qismi kitob do‘konlariga chiqarilsa, men ham darhol sotib olardim. 70 yoshni qoralayotgan bo‘lsam ham rus tilini teran o‘rganish men uchun hali kech emas. Bu tarjimonlik ishim uchun juda foydali. Qachongacha biror rus so‘zining ma’nosini bilish uchun Vladimir Dal yoki Sergey Ojegovning izohli lug‘atlarini ko‘raman. Ularning kitoblari hozirgi paytda anqoning urug‘i. Agar o‘sha “Zo‘r” loyihasiga yo‘naltirilgan mablag‘ Dal va Ojegov izohli lug‘atlarini chop etishga yo‘naltirilib, bir qismi maktablarga, qolgan qismi hamyonbop narxlarda kitob do‘konlariga chiqarilganda edi, bu yurtimizda rus tilini sifatli o‘rganish(o‘qitish emas) yo‘lidagi katta qadam bo‘lardi. Bundan tashqari, lug‘atlar Pushkin, Lev Tolstoy kabi buyuk rus adiblarining asarlarini to‘la tushunishga ham yordam berardi.
Bu lug‘atlar qanchalar qiziqarli va foydali ekaniga bir misol keltiraman. “Tal tilsimoti” kitobini tarjima qilayotganimda shohmot bo‘yicha 8-jahon chempioni Mixail Tal da’vogarlar bahsida Lev Polugayevskiyga yutqazgandan keyin shunday deydi: “Men Polugayevskiyga yutqazganimdan keyin Polutal bo‘ldim”. Men Tal filolog bo‘lgani uchun hech bir so‘zni bekorga aytmasligini bilardim. Shu bois Dalning izohli lug‘atini ko‘zdan kechirdim. Bildimki, tal ham buta, gayev ham buta. Farqi tal butasi gayev butasidan biroz balandroq ekan. Endi yuqoridagi gapning mag‘zini chaqamiz: “Men bu bahsda Polugayevskiyga yutqazib Polutal bo‘lsam ham hamon undan balandman, kuchliman”. Shubhasiz, bu lug‘atlar katta adadlarda chop etilsa, barchaning sevimli kitoblariga aylanardi. Chunki men sizga ummondagi bir tomchini misol keltirdim. Pushkin, Lev Tolstoy asarlarida shunday rus so‘zlari ishlatilganki, ularni lug‘atdan qarab ma’nosi bilsangiz, bu adiblarning naqadar buyukligi ko‘z oldingizda yaqqol gavdalanadi.
Bilaman, kimdir tayyorlagan luqmasini menga otishga shay turibdi: “Ruslar yurtimizda 20-30 yil, hatto 80 yil istiqomat qilsa ham o‘zbek tilini o‘rganishmaydi. Nega biz rus tilini o‘rganishimiz kerak?” Azizim, biz dunyoga dong‘i ketgan buyuk allomalarning avlodlarimiz. Allomalarimiz ellikdan, hatto yuzdan ortiq tilni bilishgan. Agar biz ona tilimizga qo‘shimcha ravishda ingliz, arab va rus tillarini o‘rganmasak, buyuk ajdodlarimiz oldida uyatga qolmaymizmi? Bizga shu uchta tildan kamida bittasini o‘rganish hayotiy zarurat, yalqovlik qilmasdan til o‘rganishga kirishing.
Ha, ona tilimizga qo‘shimcha ravishda til o‘rganishimiz kerak. Ammo shu haqiqatni hech qachon unutmang: birinchi navbatda ona tilimizda bolalikdan mustaqil fikrlashga o‘rganing, tinmay izlaning, teran tafakkur qilib to‘plagan bilimingizdan mantiqiy xulosalar chiqaring, yuksak maqsadlar sari izchil intiling. Sizning bu xulosalaringiz, ezgu ish va ixtirolaringiz ona tilimizni, millatimizni dunyo miqyosida sharaflanishiga xizmat qiladi.
Ona tilimizda Mahmud Koshg‘ariy umrboqiy “Devonu lug‘otit turk” risolasini bitganlar, Hazrat Alisher Navoiy Jomolungma cho‘qqisiday baland “Xamsa” asarini yaratganlar, buyuk adibimiz Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” romanini yozish bilan dunyodagi yangi romanchilik maktabiga asos solganlar, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT yuksak minbaridan nutq so‘zladi. Shunday bebaho tilimizni qadrlang, uni yanada boyitishga va jahon miqyosidagi o‘zining nufuzli o‘rnini egallashiga hissangizni qo‘shing. To‘g‘ri, dunyoda o‘zbeklar ko‘p, o‘zbek tilida so‘zlashadigan odamlar ko‘p, lekin jonajon o‘zbek tilimizni rivojlantiradigan makon bitta – bu O‘ZBEKISTON! Bu xayrli vazifani bekam-u ko‘st bajarish o‘tgan buyuk ajdodlarimiz, hozirgi va kelajak avlodlarimiz oldidagi har birimizning muqaddas burchimizdir.
Asror MO‘MIN, shoir va tarjimon,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan journalist