Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimi nima uchun kerak?
Mamlakatimizda o‘quvchilarning umumta’lim fanlarini o‘zlashtirish darajasini yanada yaxshilash muhim vazifalardan biri.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12-oktabrdagi “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim hujjat bo‘ldi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish bizga kerakmi? Albatta. Chunki millat kelajagi yosh avlod qo‘lida bo‘lib turgan bir paytda ularning ertangi kuni, ta’lim-tarbiyasiga e’tibor har qachongidanda dolzarb. Bu borada ertamiz egalarining fanlarni o‘zlashtirish darajasini bilish, salohiyatini baholash, qiziqishini aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Qarorga asosan, aynan o‘qitish sifati va o‘quvchilarning salohiyatini baholash maqsadida “Bilim va ko‘nikmalarni baholash markazi” nodavlat ta’lim tashkiloti tashkil etish ko‘zda tutilgan. Markaz zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:
– xalqaro e’tirof etilgan baholash metodikasidan kelib chiqqan holda, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini baholashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish;
– umumiy o‘rta ta’limda berilayotgan bilim va ko‘nikmalar sifatini tizimli baholash uchun nazorat ishlari materiallarini ishlab chiqish;
– ta’lim sifatini baholash bo‘yicha dasturiy mahsulot ishlab chiqish;
– O‘zbekiston Respublikasi ta’lim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari va muassasalari buyurtmasiga ko‘ra saralash, qabul qilish va yakuniy imtihonlarni o‘tkazish;
– ta’lim muassasalarida pedagogik faoliyat olib borish huquqini beruvchi ta’lim litsenziyalari va sertifikatlarini joriy etish.
Shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash, o‘quvchilarning qiziqishlarini aniqlab, ularni mustaqil fikrlashga undash, ta’lim tizimidagi yutuq va kamchiliklarni aniqlash, o‘qituvchilarning o‘z faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritishini ta’minlash, ota-onalarga farzandlarining o‘zlashtirish darajasi haqida ma’lumot berish markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Bunda baholash tizimi qanday samara beradi?
Bilim va ko‘nikmalarni baholash o‘quvchilarning o‘qishga ongli ravishda munosabatda bo‘lish, ongli intizom, qiyinchiliklarni yengish, o‘zida metin irodani o‘stirish, atrofdagilariga nisbatan talabchan bo‘lishni o‘rgatadi.
Umumta’lim maktablarida o‘quvchilar o‘zlashtirgan bilimlarini baholash, ularni o‘quv darsliklarida berilgan materiallarni puxta o‘rganib olishlariga va fanlarga qiziqishini orttiradi.
O‘quvchi va o‘qituvchilarning bilimi va bajargan ishlaridagi kamchiliklari sezilishi natijasida mazkur kamchiliklarni bartaraf etish choralari belgilanadi. Aynan bu jarayonda o‘quvchilar keng fikr yuritishga, o‘quv materiallarini asoslashga, mulohaza yuritish va isbotlashni o‘rganadilar.
Bu bilan o‘quvchi bilimidagi kamchiliklarni to‘ldirishga, har bir masalaning asl mohiyatini anglashga, materiallarni tushunishga keng imkoniyat yaratiladi. O‘quvchining o‘qishga ishtiyoqi va nutqining o‘sish darajasi o‘rganiladi.
Ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchining faoliyati uyg‘unligi ta’minlanadi. O‘z bilimining boshqalar tomonidan haqqoniy va to‘g‘ri baholanishiga ishonch xosil qilgan o‘quvchida ta’lim olishga bo‘lgan qiziqish yanada ortadi.
Hozirda o‘qituvchilar o‘quvchilarning bilim darajasini baholashda kiyinchilik va muammoli vaziyatlarga duch kelmoqda, chunki ular eski usullardan foydalanadi. Ya’ni baholash oddiygina savol va javob tarzida olib borilishi o‘quvchilarning fanga bo‘lgan qiziqishini susaytirishga sabab bo‘ladi.
Baholash o‘quvchida o‘zlashtirish saviyasi necha foiz ekanligini ko‘rsatib beradi. Nafaqat o‘zlashtirganlik saviyasini, balki ta’lim oluvchilar ichida iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni aniqlashda ham muhim omil sanaladi.
Boshlang‘ich sinfdan boshlab ta’lim sifatini va bilimni baholash bolaning intellektual imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga asos bo‘ladi. O‘qituvchidan ham tinimsiz izlanishni, yangi texnologiya va metodlardan foydalanishni chuqur o‘zlashtirishni talab etadi.
Darhaqiqat, o‘quvchilar bilimini baholashning an’anaviy tizimi bir qancha nuqsonlarga ega ekanligi sir emas. Shunday ekan, uni yanada takomillashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda nafaqat ilg‘or pedagogik mahoratga ega va baholash mezonlarini ham yaxshi o‘zlashtirgan, balki kreativ fikrlay oladigan o‘qituvchilarga ehtiyoj oshishi hech kimga sir emas.
Bilim va ko‘nikmalarni baholash natijasida darslikdagi materiallarning qaysi biri oson yoki qiyin o‘zlashtirilishi aniq bo‘ladi. O‘quvchi o‘z xohishiga monand darsga ijodiy tayyorgarlik ko‘radi. Qaysi o‘quv materiallari qoniqarliligi bilinadi.
O‘quvchilarning darslikda ko‘rsatilgan materiallarni tushunishi, anglashi, amalda qo‘llay olishi va o‘z bilimiga tanqidiy baho berish darajasi aniqlanadi. Nafakat o‘quvchining, balki o‘qituvchining ham kuchli va kuchsiz tomonlari, bilim salohiyati va kamchiliklari aniqlanadi.
Mana shu yo‘ldan oqilona va to‘g‘ri foydalanilsagina, o‘z-o‘zidan umumta’lim fanlarini bilish darajasini aniqlash va davlat namunasidagi sertifikatni olish uchun test topshirgan har bir abituriyentda ijobiy va yaxshi ko‘rsatkichlar bo‘lishiga erishiladi. Testlar ularning dars jarayonida o‘qigan va intellektual imkoniyatlarini hisobga olgan holda tashkil etilsa, yuqori samaradorlikka erishiladi.
Ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish jarayonida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini eng samarali metod va vositalar yordamida nazorat qilish hamda baholash muhim ahamiyatga ega.
Baholash tizimi orqali o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishida bo‘shliqlar hosil bo‘lishining oldi olinadi. Jahon yoshlari bilan tengma-teng raqobatlasha oladigan, kuchli bilim va tafakkurga ega avlod shakllanadi.
Mohinur QUDRATULLAYEVA
O‘zA