O‘qituvchini nishonga olmang!
Ba’zan ijtimoiy tarmoqlarda maktabdagi o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyatlar bilan bog‘liq xabarlarga duch kelamiz. Ayniqsa, keyingi vaqtda pedagogning asabiyligi, o‘quvchiga qattiq tanbeh berishi, ba’zan qo‘l ko‘targani tasvirlariga guvoh bo‘lyapmiz. Bu holat shunchalik kuchayib ketdiki, natijada ko‘pchilik o‘z aybini berkitish uchun shu usuldan foydalanish, ya’ni o‘qituvchini foto, videotasvirga olib tarqatishga urinmoqda. Atrofdagi odamlar esa masalaning asl mohiyatini bilmay xulosa chiqarishadi. Axir tanganing bizga noma’lum bo‘lgan ikkinchi tomoni ham bor-ku.
Ko‘p hollarda o‘qituvchining asabiylashishiga o‘quvchining noo‘rin xatti-harakati, nojoiz intizomi sabab bo‘ladi. Yana bilim berish va uni uqib olish kishidan mashaqqat talab qiladi. Buning uchun sabr-toqat va qat'iyat zarur. O‘quvchilar yosh bo‘lgani uchun mazkur jarayonga biroz beparvo qaraydi. O‘qituvchi esa qay usul bilan bo‘lsa-da, ular mavzuni qiziqib tushunishini istaydi. Agar bitta sinfda o‘rtacha 25 bola bo‘lsa, bu 25 xil fe’l-atvor degani. Afsuski, ularning barchasi ham yumshoqko‘ngillik bilan qilingan muomalani suiiste’mol qilmaslikka qodir emas. Chunki ular hali bola, o‘zlariga nima yaxshi-yu, nima yomon ekanini to‘la anglab yetgani yo‘q. Ana shu jarayonda ba’zi o‘qituvchilarning biroz qattiqqo‘llik qilishiga to‘g‘ri keladi. Bunga chidamagan o‘quvchi esa o‘zini “qutqarishga” harakat qila boshlaydi. Natijada biz guvoh bo‘layotgan muammolar yuzaga keladi. Bunday voqea kelib chiqishiga yana bir sabab shuki, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi biroz yanglishishidir. Ayrimlar “biz ko‘rmaganni bolamiz ko‘rsin” qabilida ish tutib, hamma narsani muhayyo qilishga harakat qilishadi. Ammo bu moddiy ta’minot bilan bola tarbiya topib qolmaydi, taltayib ketadi, o‘ziga qo‘yilgan cheklovlarni tan olmay qoladi.
Qadimda ota-bobolarimiz farzandini ta’lim olishi uchun madrasaga olib borishgan. Ustozlarga bo‘lgan hurmatning kuchliligi, qolaversa, bolaning puxta bilim olishiga bo‘lgan ishtiyoqi ziddiyatli vaziyatning kelib chiqishiga to‘sqinlik qilgan. Bolani ustozga topshirar ekan “eti sizniki, suyagi bizniki” iborasini qo‘llashgan. Bu bilan ilm olish mashaqqatlariga dosh beramiz, faqatgina mehnatimiz zoye ketmasa bas, deya fikrlashgan ular. Ehtimol, shuning uchun ham ko‘pgina sohalarning asoschilari, piru donishlari bizning bobokalonlarimiz bo‘lishgandir. Aslini oladigan bo‘lsak, bolaning yaxshi o‘qishi, ulg‘ayib, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishidan avvalo uning ota-onasi manfaatdor. Har bir oilada bir farzandning dunyoga kelishi ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlaydi. Nurli kelajakdan umidvor ota-ona esa, bu yo‘ldagi mashaqqatlarga ham dosh bera olmog‘i lozim. Ana shu yo‘lda ular bilan tengma-teng harakat qilayotgan o‘qituvchini ham hurmat qilmog‘i shart.
Sabohat SAMATOVA, Termiz shahridagi 20-maktab o‘qituvchisi