Fransuz va nemis tili o‘qituvchilari nima qilsin?
Sherzod Shermatovga navbatdagi ochiq xat
Hurmatli Sherzod Shermatov!
Avvalroq “Ma’rifat” gazetasi orqali sizga murojaat qilib, yurtimizda fransuz va nemis tillariga e’tibor qoniqarli emasligidan shikoyat qilgan edik. Mazkur murojaatdan so‘ng ahvol yaxshilanish o‘rniga yomonlashgani yurtimizdagi fransuz va nemis tili o‘qituvchilarini qattiq xavotirga solmoqda.
O‘zbekistonda chet tili deganda faqat ingliz tili tushunilishi odatga aylanib bo‘lgan edi. Ammo ingliz tilining foydasiga boshqa chet tillarini chetga surish, dars soatlarini qisqartirish davom etayotgani ayanchlidir.
Sizlarga asos bo‘lib xizmat qilayotgan 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida misol sifatida ingliz tilining ko‘rsatilishi O‘zbekistonda faqatgina ingliz tiliga e’tibor berilsin, degani emas!
Dastlab ingliz tili hisobiga boshqa chet tillari qisqartirilganda mantiqsiz bo‘lsa ham chora taklif qilingan edi. Ya’ni, 4 yil mobaynida fransuz yoki nemis tili mutaxassisligiga o‘qib, oliy ma’lumot olgan o‘qituvchi ingliz tili bo‘yicha 6 oylik qayta tayyorlov kurslarini o‘qib, ingliz tilidan dars berishi mumkin edi. Men o‘zim ham majbur bo‘lganimdan ingliz tili bo‘yicha qayta tayyorlov kurslarida o‘qiganman va hozir ingliz tilidan ham dars beraman.
Endi ilgari mavjud bo‘lgan chora hozirga kelib o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda va chet tillari o‘qituvchilarini qiyin ahvolda qoldirmoqda.
Emishki, 4 yoki 6 oylik qayta tayyorlov kurslari 4 yillik oliy ma’lumot diplomiga teng bo‘la olmas ekan. Buni biz ham bilamiz, lekin shu sertifikat bilan dars berishni joriy qilgan sizlar!
Endi shu sertifikat bilan dars berishni boshlagach, o‘rnimizga ingliz tili bo‘yicha oliy ma’lumotli o‘qituvchi kelsa, bizning ingliz tili soatlarimiz olinib, ularga berilar ekan. Agar men birinchi yoki oliy toifani olgan taqdirimda ham ingliz tili o‘qituvchisi diplomi bilan kelgan mutaxassis mening dars soatlarimga ega chiqishga haqli bo‘ladi. Bu qanday adolatsizlik? Bir tomondan mutaxassislik soatlarimizni qisqartiryapsiz, boshqa tomondan o‘zingiz taklif qilgan chorani tan olmasdan bizni ishsiz qoldirmoqchisiz. Bizning aybimiz fransuz, nemis va boshqa chet tillari bo‘yicha mutaxassis bo‘lganimizmi? Ingliz tili soatlarimiz boshqaga berilsa, o‘z mutaxassislik soatlarimiz qisqarib ketgan bo‘lsa, biz qayerga ish izlab boraylik? Axir boshqa davlatning fuqarolari emasmiz va bizni o‘z yurtimiz — O‘zbekiston Respublikasi ish bilan ta’minlashi kerak. Qolaversa, biz ham shu yurtning oliy ta’lim muassasasida tahsil ko‘rganmiz va shu yurtning diplomiga egamiz.
Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchilarni ish bilan ta’minlashdan tashqari yoshlarning kelajagi va O‘zbekistonning iqtisodiy-siyosiy istiqbollariga ham mas’ul hisoblanadi. Shundan kelib chiqilsa, vazirlik O‘zbekiston o‘zining tashqi aloqalarini faqat AQSH, Angliya va ingliz tilida so‘zlashuvchi davlatlar bilangina emas, dunyodagi boshqa tilli davlatlar bilan ham amalga oshirishini bilishi kerak.
Respublikamizda Germaniya, Fransiya va ularning tillarida so‘zlashuvchi davlatlar bilan hamkorlikda ochilayotgan korxonalar bor, fransuz, nemis va italiyanlar respublikamizga eng ko‘p tashrif buyuruvchi sayyohlar hisoblanadi. Shunday ekan, bu tillarda gapirishni va ushbu xalqlarning madaniyatini
biladigan mutaxassislarni ham tayyorlash kerak. Bu narsalarni shu sohaga mas’ul sifatida siz o‘ylamasangiz, kim o‘ylaydi?
Men sizga faqat o‘z dardimni yo‘llamayapman. Bu respublikamizning barcha viloyatlaridagi hamkasblarimning xavotirlaridir. Sizdan ushbu murojaat bilan yaqindan tanishib chiqishingizni va unga ijobiy yechim taklif qilishingizni so‘rab qolaman.
Qunduz RO‘ZMETOVA, Qo‘shko‘pir tumanidagi 36-maktabning fransuz tili fani o‘qituvchisi