Rahbar qanday bo‘lsa — maktab ham shunday!
Keyingi yillarda davlatimiz rahbari va hukumatning ta’limga oid 40 ga yaqin farmon va qarorlari qabul qilindi. Natijada sohadagi islohotlarning huquqiy asoslari mustahkamlanib, tizimda rivojlanish va sifat o‘zgarishi kuzatilmoqda. O‘zbekiston o‘z qudratini oshirishning manbayini ilm-fanda deb biladi. Ayni paytda Xalq ta’limi vazirligi rahbarligida milliy o‘quv dasturi yaratilyapti.
Bu hujjat to‘rt muhim jihatga qaratilgan:
— tanqidiy fikrlash;
— ijodiy yondashish;
— hamkorlik o‘rnatish;
— muloqot qilish.
Bugungacha maktab o‘quvchisi 21 fanga oid 51 ta kompetentsiyani egallashi lozim edi. Amaldagi 5-sinf o‘quvchilariga 17 ta fan o‘qitilgan. Aksariyat rivojlangan davlatlarda 12 ta fan o‘qitiladi. Bu borada ham aniq rejalar amalga oshirilmoqda.
Milliy o‘quv dasturida fanlardan kelib chiqib, o‘quvchiga 5 ta: filologiya, ijtimoiy-gumanitar, aniq, tabiiy, iqtisodiy va amaliy yo‘nalishlar bo‘yicha talablar qo‘yiladi.
Shularni hisobga olib, o‘tgan o‘quv yilining 3-choragidan boshlab, 10-11-sinflarda variativ o‘quv reja tajriba-sinov tariqasida tatbiq etildi. Bu degani, o‘quvchi majburiy fanlardan voz kechib, qiziqqan fanlarini o‘qiydi. Boshlang‘ich sinflarda 5 kunlik o‘quv tashkil etilishi ham sohadagi yangilikdir.
Milliy o‘quv dasturini tayyorlashda yana bir jihat e’tiborga olingan. Endi har bir sinf bo‘yicha o‘quvchiga qo‘yiladigan talablar o‘quv yili yakunida o‘quvchi qanday ko‘nikmaga ega bo‘lishiga qarab belgilanadi. Amaldagi ta’lim standartlarida esa bitiruvchiga nisbatan umumiy talab qo‘yilib, bu o‘quvchidagi rivojlanishni baholashda muayyan qiyinchilik tug‘dirar edi.
Milliy dasturda jahon tajribasiga e’tibor qaratilgan, masalan, Singapur tajribasiga ko‘ra, avval o‘quvchida zamon talab qilayotgan ko‘nikmani shakllantiruvchi darslik yaratiladi, so‘ngra pedagoglarning bilim va malakasi oshiriladi.
Dastur asosida umumta’lim fanlari soni 5 taga qisqarib, 17 ta fanni tashkil etadi.
Shunga qaramasdan hali yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Maktablarning o‘quv-moddiy bazasining mustahkamlanishi, aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanish chora-tadbirlariga oid dastur loyihasi ishlab chiqilgani va amaliyotga tatbiq etilayotgani, iqtidorli o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari uchun moddiy va ma’naviy rag‘batlar berilayotgani muammolar yechimining kaliti bo‘lmoqda.
Bunday g‘amxo‘rliklarga biz, ta’lim xodimlari qanday javob qaytaryapmiz? To‘g‘ri, shahar va tumanlarda mas’uliyatni his etib, mehnat qilayotgan jamoalar, ilg‘or soha vakillari bor. Jumladan, Jizzax shahridagi 1-, Zomin tumanidagi 60-, Mirzacho‘l tumanidagi 5-, Baxmal tumanidagi 1-, G‘allaorol tumanidagi 44-maktab kabi ilg‘or jamoalarni ko‘rsatish mumkin.
Hozir Jizzax viloyatida tarmoq maktablari tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlandi. Bunda ilg‘or maktabga reytingi yuqori bo‘lmagan maktab biriktirilib, unga rahbarlik qilinadi. Ilg‘or o‘qituvchilar bilan ta’minlanadi. O‘quv-moddiy bazani yaxshilashga e’tibor qaratiladi.
Sir emaski, ta’limdagi ko‘p muammolar kadrlar bilan bog‘liq. Maktab ilg‘or bo‘lishi, undagi muhit yaxshi bo‘lishi uchun yaxshi rahbar, yaxshi mutaxassis kerak. Xalq orasida direktor qanday bo‘lsa — maktab ham shunday, degan gap bor. Bugungi maktab rahbarining saviyasi davr talabiga mos kelishi shart.
Joylarda fidoyi mutaxassislar bor. Gap ularni izlab topishda. Shuningdek, yaxshi rahbarni qadrlash ham kerak. Bu masalaning to‘g‘ri yechimidir.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bu masalaga alohida e’tibor qaratib, ta’lim tizimidagi rahbar kadrlarni yoshartirish maqsadida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Afsuski, ta’limdagi jiddiy islohotlarga qaramay, o‘quvchilar bilimining davlat ta’lim standartlariga mosligi pastligicha qolmoqda. Respublika bo‘yicha tanlov asosida 1000 dan ziyod maktab faoliyati o‘rganilganda o‘quvchilarning o‘rtacha o‘zlashtirishi 67 foiz, sifat ko‘rsatkichi 22 foizni tashkil etgan. Viloyatdagi qator ta’lim muassasasalarida ham shunday holat kuzatilmoqda. Bu ko‘rsatkich juda achinarli, albatta.
Joriy o‘quv yilidan e’tiboran viloyat xalq ta’limi boshqarmasida “Progress” rivojlanish-laboratoriya markazi ish boshladi. Markaz salohiyatli kadrlar bilan ta’minlanmoqda. Uning maqsadi ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib qilish, ta’limda adolat tamoyiliga qat’iy amal qilish, yosh kadrlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yishdir. Shuningdek, “Jizzax — ta’lim, adolat va ishonch” telegram boti tashkil etilib, unga bugunga qadar viloyatdagi 500 ga yaqin ota-ona va pedagoglar a’zo bo‘lishdi.
2021-yilda o‘tkaziladigan PISA xalqaro tadqiqotida bizning o‘quvchilar ham ishtirok etishi, xalqaro arenalarda O‘zbekiston ham o‘zini munosib tarzda namoyon etishi uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Saidahmad MIRZABEKOV, Jizzax viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mas’ul xodimi