Mahmudxo‘ja Behbudiy va til masalasi
Amerikalik shoira Emili Dikkenson yozadi: “Men Bresk maydonini ko‘rmaganman, biroq u yerda gullar qanday ochilishini bilaman; dengizda bo‘lmaganman, biroq uning mavjlari yuragimning to‘lqinlariga mengzashidan xabardorman; Tangrini ko‘rmaganman, ammo uning mehribonligini bilaman…”.
Men esa roppa-rosa yuz yil oldingi hayotni ko‘rmaganman, ammo badiiy adabiyotlar, tarixiy hujjatlar, bobolar xotiralari tufayli ko‘p voqea va hodisalarni dildan his qilaman.
Buvim hikoya qilar edi: o‘ttizinchi yillarda o‘lkamizda qahatchilik shu darajaga yetganki, kishilar hatto ko‘chalarda ochdan o‘lishgan. Ilojsizlikdan kunjara yeganlar ham bo‘lgan. Qaroqchilik, o‘g‘irlik, talon-torojlik avj olgan. Tut pishig‘igacha yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilgan. Farzandlarini boqolmay bozorda sotib yuborishgani yoki qulchilikka berishgani sir emas. Kichik yoshdagi bolalar uchun sanash ohangida aytiladigan she’r bo‘lardi:
Lelak-lelaki Boki, dastam gulaki Boki,
Soki bozorba raftas, duxtarchesha gum kardas,
Tilingni tiy, tilingni tiy.
Ya’ni, bozorga borgan Boqi yoki Soqi qizchasini yo‘qotib kelibdi, shundan tilingni tiyib yur, hech kimga aytma, degan ma’noni anglash mumkin. Qizini Boqi yoki Soqi (buning ahamiyati yo‘q) nega bozorga olib borgan? Nega yo‘qotib kelgan? Nega jimgina yurgan? Demak, ahvol og‘irligidan boylar xonadoniga xizmatkorlikka qo‘yib kelgan yo sotib yuborgan.
“Boshqa millatning yosh bolalari maktabda, lekin bizniki hammollikda va gadoylikda. Boshqa millat ulamosiga tobe, bizning ulamo bil’aks, avomga tobedir. Buning oxiri xarobdur. Yigirma, o‘ttiz sana yana yomonroq bo‘lur. Musulmonlik ilm va adab ila qoim, millat, axloq, fazl va hunar ila boqiy qolur!”.
Bu so‘zlar Turkistonda jadidchilik harakati sarvari Mahmudxo‘ja Behbudiyga taalluqli. XX asr boshida kuyinib yozilgan ushbu so‘zlar…
Behbudiy 1917-yilgi burjuaziya inqilobiga katta umid bog‘lagan. Yillar o‘tib, tarixiy hujjatlar tilga kirgach ma’lum bo‘lmoqdaki, Behbudiy va uning safdoshlari inqilobdan milliy o‘zlikni tiklash, til va madaniyat rivojini kutgan. Afsuski, bunday bo‘lmadi.
Behbudiy o‘zi yashab turgan jamiyat kamchiliklarini 300 dan ortiq maqola, sahna asarlarida ochiq-oydin ko‘rsatdi, Turkistonda yangi tuzilayotgan “Rus tuzem maktablari”, undagi muallimlar va darsliklar ham talay kamchiliklarga ega ekanligini-da isbotlab berdi. Tabiiyki, bu ko‘pchilikka yoqmagan.
Jadidlar yangi tuzum – Mustaqil Turkiston tarafdori edilar. Bu tuzumda diniy ta’lim bilan dunyoviy ta’lim birdek olib borilishi lozim edi. Shu e’tiqod ila yangicha maktablar tashkil etildi, darsliklar yozildi.
1917-yil aprelida Turkiston musulmonlarining o‘lka qurultoyi o‘tkazildi. Katta umid ila shu yilning noyabr oyida Qo‘qonda o‘lka musulmonlarining 15-favqulodda qurultoyi ish boshladi va Turkiston muxtoriyati e’lon qilindi.
Afsuski, muxtoriyat yer bilan yakson qilinib, qurultoy ishtirokchilari turli tazyiqqa duchor bo‘ldi. Chunki yer osti va yer usti boyliklarimizga ega bo‘lmoqni istagan bolshevizm tarafdorlariga bu mustaqillik ma’qul kelmagan edi. Shunda jadidlar, hech bo‘lmasa milliy tilimizni saqlab qolish uchun harakatni boshladilar. Turkiston ahlini birlashmoqqa chaqirdilar va yagona turkiy adabiy til uchun kurash olib bordilar. O‘lkaning turli hududlarida yashaydigan aholi shevasi va lahjasi turli bo‘lgani sabab Andijonda yozilganni Buxoroda, Avliyootada yozilganni Qarshida tushunish mushkul edi. Buning uchun turkiy tilni saralash, ming yillardan beri o‘z ta’sirini o‘tkazgan fors va arab so‘zlaridan iloji boricha tozalash kerak edi. “Til masalalari” maqolasida aytilganidek, “Tillar zamon ila isloh bo‘lur, birdan isloh bo‘lmas”.
Behbudiy “To‘rt tilni bilmoq kerak. Va har bir tilni mukammal ishlata olish lozim. Bir-biriga qorishtirish mumkin emas. Rus tilini bilmoq jahon tillarini o‘rganishga turtki bo‘ladi. Dunyodagi ilm-fan taraqqiyotini tushunish uchun nemis, fransuz, ingliz, italyan, arab, yapon tillaridan birini bilish kerak”, deb yozadi.
Turkistonda yagona turkiy tilni barqaror qilish mushkul ish edi. Buning uchun forsiy va arabiy so‘zlarni tilimizdan “quvish”, iloji boricha xorijiy tillarning hujumidan himoya qilish kerak edi. Butun Turkistonda fan, maktab-madrasalar, gazeta-jurnallarda ham yagona mukammal til bo‘lishi lozimligini orzu qildi.
Turkiy tilni isloh qilish lozimligini uqtirishdi jadidlar. Masalan, “Sadoyi Turkiston”da chop etilgan “Til masalasi” maqolasida shunday so‘zlar bor: “Kurrayi arzda yashamakda bo‘lgan har bir millatni o‘ziga maxsus bir lisoni milliysi bordir”. Shu gapning o‘zini ham biroz turkiy qilish mumkin, deb yozadi Behbudiy. Jamlash ohangida aytiladigan arabcha so‘zlarni ham turkcha jamlash mumkin. Masalan: “funun, ulamo, quzzot, demoq o‘rnida fanlar, olimlar, qozilar” deyish mumkin.
“Oyina” jurnalida millat va uning haq-huquqiga, tarixiga, til va adabiyot masalalariga doir qiziqarli ma’lumotlar yozdi. Tilning muhofazasi uchun “Har bir millat o‘z tili ila faxr etar”, “O‘zaro munosabatlar”, “Til masalasi” maqolalari chop etildi. Behbudiy millat sha’nini oyoqosti qiluvchi fikr-qarashlarga zarba berib, Turkiston xalqini o‘z nomi bilan atamoq lozimligini talab qilib chiqdi. Hatto, mahalla, qishloq nomlarini qo‘yishda shu joyning tarixi va milliy urf-odatlariga amal qilishga chaqirdi.
Oradan qariyb yuz yil o‘tgach, Behbudiy va uning safdoshlari orzu-umidlari ro‘yobga chiqa boshladi. O‘zbek tili davlat tili maqomini oldi. Adabiy til yanada sayqallandi. Milliy til rivoji davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Joy nomlarini atashda milliylikka, urf-odatlarga e’tibor berildi. Milliy qahramonlarimiz nomlari abadiylashtirildi. Donishmand bobolardan qolgan badiiy va ilmiy merosni tarjima emas, asliyatda o‘q ish, o‘rganish imkoniyati yaratildi. O‘zbek tili turkiy tillarning asosiy bo‘g‘iniga aylandi.
Dilafro‘z RAHMATOVA, Samarqand shahridagi 37-IDUMning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi