Attestatsiya ortidagi xayollar yoxud “O‘qituvchi, sizga “3” baho yarashmaydi!”
Ona tili va adabiyot malaka sinovi uchun Jizzax politexnika instituti sport zalida test topshirdik. Sinov uchun 14:00 ga chaqirilgan edik, lekin jarayon 15:00 da boshlandi. 40 ta savol uchun 60 daqiqa vaqt berildi. Tegishli ma’lumotlarni to‘ldirib, test topshiriqlarini bajarishga kirishdik. Savollarni o‘n besh daqiqa ichida ishlab bo‘ldim. Hayajon bosdi. Albatta bosadi-da, axir bu yerda nafaqat bilimim sinovdan o‘tadi, balki o‘qituvchilik sha’nimni ham himoya qilishim kerak.
Orada meni ikkilantirgan ikkita savol qoldi. Shu asnoda ishlagan savollarimni yana qayta ko‘rib chiqdim. Bu orada oldin belgilagan savollarimdan bittasini xato bajarganimni boshqa savol orqali bilib qoldim va uni darhol tuzatdim. Yana o‘sha ikkita savol “javobimni top” deb turibdi. Ikkalasi ham adabiyotdan edi. Adabiyotdagi hamma ma’lumotlarni eslab qolish mushkul. Qarasam, 15 daqiqa vaqt qolibdi. Tavakkal qilib ikkalasini belgiladim va nazoratchini chaqirdim. Nazoratchi o‘zi bilan vedomost olib keldi va natijamni ko‘rsatdi. 95 ball, 38 ta javob to‘g‘ri. Imzo qo‘yib tashqariga chiqdim. Maktablardan juda ko‘p o‘qituvchilar kelgan ekan. Ularning ko‘pchiligi attestatsiyadan o‘tolmadim, deyishayotgan edi. Chunki aksariyati 50 baldan past natija ko‘rsatgan ekan. Ayrim o‘qituvchilargina 60 yoki 80 ball to‘plaganini eshitib qoldim. “Savollar juda qiyin ekan”, deb bir-biri bilan gaplashayotgani qulog‘imga chalindi. Bittasining savolini eshitdim: “Tomchilar tomchilar boshimga” misrasidagi shakldosh so‘zlarning gapdagi vazifasini aniqlang”.
Eshitganlarimdan xafa bo‘lib ketdim. O‘qituvchi o‘z fanidan 50 baldan kam ball to‘plasa, u dars berayotgan o‘quvchilarning holi nima kechadi?! Gunohi nima ekan bechora o‘quvchilarning?! Boshimni har xil xayollar chulg‘ab oldi va hozirgacha tark etmayapti. Bu ahvolda kelajagimiz nima bo‘ladi? Farzandlarimiz qachongacha repetitorga borib o‘qishadi?! Axir, hukumatimiz butun e’tiborni maktabga, o‘qituvchilarning nufuzini oshirishga qaratsa-yu, ular esa “3” bahoga yetarli ball to‘play olmasa… Bu shuncha e’tibor va yaratilayotgan sharoitlarga nisbatan xiyonat emasmi?! Xayolim o‘z-o‘zidan malaka oshirish institutlari tomon yetaklab ketdi. Malaka oshirishda bir oy mobaynida turli xil fanlar o‘tiladi. Bugungi kun siyosati, iqtisodi, pedagogika, psixologiya, texnologiya va hokazo. Nima keragi bor bularning? Undan ko‘ra mutaxassislik fanlari qayta-qayta o‘rgatilmaydimi?! Ingliz tili ham bormi-yey. Bir oylik malaka oshirish kursida ingliz tili o‘qib, kim tilni o‘zlashtirib, gapirib ketibdi? Xayolim yana oliy ta’lim tomon sayr qilgisi keldi. OTMda ham ahvol shu. O‘z fanini 71 foizdan past o‘zlashtirgan talabani kursdan kursga o‘tkazmaslik masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilishni o‘ylab qoldim. Malaka oshirishda yana allambalo pedtexnologiyalarni o‘rgatishadi. O‘z fanini yaxshi bilmagan o‘qituvchiga nima keragi bor texnologiyalarning, turli xil o‘yinlarning?!
Avvalo, malaka oshirish tizimi va OTMlarni tubdan isloh qilmas ekanmiz, kelajak mana shunday o‘qituvchilar qo‘lida qolib ketaveradi. Menda bir taklif bor: mutaxassislik fanidan 71 foizdan kam ball to‘plagan barcha o‘qituvchilarni malaka oshirishga emas, balki repetitorlarga jo‘natish lozim. Nima deysiz, repetitorlik malaka oshirish institutlari tashkil qilish kerakdir balki. Faqat bunday ta’lim dargohi o‘qituvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, bir oyga emas, bir necha oyga rejalashtirilishi lozim va oxirgi sinovdan 71 foizdan yuqori ball to‘plaganlarga sertifikat berilsa va shu asosda ishni davom ettirsa yaxshi bo‘lardi…
To‘lqinbek XOLJO‘RAYEV, Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi