O‘quvchini ijodiy fikrlashga o‘rgataylik
Bir necha yillik ish faoliyatimda o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini rivojlantirib borish va o‘z fikrlarini muayyan voqelik hamda tasavvur asosida shakllantirib, uni erkin bayon etishga undab bordim. Bu qanday tashkil etiladi?
O‘quvchini savod o‘rgatish davrida darslikda berilgan rasmga diqqat qaratishga undayman. Rasm asosida qanday gaplar tuzishni mantiqiy savollar berish orqali aniqlab boraman va o‘quvchi bu jarayonni, bunday tahlil qilishni boshqa fanlarga doir rasmlarda ham qo‘llab boradi. Suratdagi buyumlar, jihozlarga qarab voqeaga aniqlik kiritiladi. Bu o‘rinda buyumlar nimalardan yasalgani, qayerda ishlatilishi ham e’tiborga olingan.
Bunday fikr yuritish bir necha dars jarayonida bosqichma-bosqich amalga oshirib borilsa, o‘quvchining fikrlash doirasi kengayib boradi. Shu tariqa ijodiy matn tuzishga tayyor bo‘la boshlaydi. Bu ularga yuqori sinflarda va kelajakda asqotadi. Ijodiy fikrlashga undaydi. Buni o‘z ish tajribamda ham ko‘rdim. O‘quvchilardan — Zarina Ashurova, Sarvinoz Sunnatova, Gulhayo Qobilovaning ilk she’riy to‘plamlari chop etildi. Chunki ular 2-sinfdan beri she’r mashq qilishadi. Ijod namunalari tuman gazetalarida ham chop etildi. Bu ham mustaqil fikrlash jarayoniga ilk odimdir.
Ziyoda DAVLATOVA, Nurota tumanidagi 18-maktabning boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi