Xorijiy til faqat ingliz tili degani emas!
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimida chet (ingliz, nemis, fransuz) tillari ta’limini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqqan va uni umumxalq muhokamasiga havola qilgan, hurmatli ustozlar va mutasaddi rahbarlar!
Hujjat loyihasi bilan tanishish jarayonida ko‘zga tashlangan ayrim munozarali o‘rinlarni ko‘rib, o‘z fikr-mulohaza va takliflarimni bildirishni lozim topdim.
Konsepsiyada chet tili tushunchasi va siyosati qamrov va mohiyat jihatidan qiyomiga yetmagan. Chet tillar qatorida rus tili nega esga olinmagan. O‘z-o‘zidan biz uchun rus tili qanday maqomdagi til degan savol tug‘iladi? Rus tili chet mamlakat tili emasmi? To‘g‘ri, SSSR davrida u turli xalqlarning o‘zaro muloqot tili edi. Ammo Respublikada hozir qancha rus tilida so‘zlashadigan aholi bor? Nega mamlakatning tub milliy aholisining tili o‘zaro muloqot tili bo‘lolmaydi?
Rus tili endi chet tili maqomida va boshqa chet tillar kabi tanlov fani sifatida o‘rganilishi shart! Buni hatto referendum o‘tkazib ham aniqlasa bo‘ladi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning quyidagi gapi ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinib, ko‘pchilikning e’tirozi va hatto nafratiga sabab bo‘lmoqda: “Bundan buyon O‘zbekiston maktablarini bitiruvchilar rus tilini bilib bitirib chiqadilar”. Nega? U majburan o‘rgatiladigan tilga aylanib qoladimi? Unda xalqaro til maqomidagi 97% maktablarda o‘rgatilayotgan ingliz tilining taqdiri nima bo‘ladi? 10 000 dan oshiq maktablarimizda rus tili majburan o‘rgatilsa va bunga Rossiya har yili yuztadan mutaxassislarini yuborib tursa, qay ahvol yuz beradi? Har maktabda 4-5 nafar rus tili muallimi ishlasa, mamlakat bo‘yicha ularning soni 50–60 mingdan oshadi. Rus tili bilan birga bizning milliy mustaqillik g‘oyamizga yot rus siyosati ham kirib kelmasligiga kim kafolat beradi?
Chet tillarining ta’lim tizimida tutgan o‘rni
O‘zbekiston maktablarida, jumladan oliy maktablarda ham 90 foiz o‘qitilayotgan chet til hali ham ingliz tili bo‘lib turibdi. Bu noto‘g‘ri ta’lim siyosati. “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2012-yil 10-dekabrdagi Prezident qaroridan keyin chet tillarni o‘qitish siyosatidagi vaziyat tubdan o‘zgardi. Mazkur Qarorga muvofiq umumta’lim maktablarida chet tillarni o‘rgatish avvalgiday 5-sinfdan emas, 1-sinfdanoq boshlanishi kerakligi ko‘zda tutilgan. Albatta, Qarorning bu moddasi mustaqil rivojlanayotgan mamlakatimiz uchun navbatdagi olg‘a qadam bo‘ldi. Biroq o‘rgatiladigan chet tili asosan ingliz tili bo‘lsin deyilgan ko‘rsatma barcha bo‘g‘in va pog‘onadagi ta’limga mas’ul rahbarlar tomonidan urrapatriotizm ruhida noto‘g‘ri tushunilib, yaxshi qarorning biryoqlama va noto‘g‘ri ijrosi boshlandi. Natijada 2013–2020-yillar ichida umumta’lim maktablaridagi 5000 dan ortiq nemis va fransuz tili o‘qituvchilari yo ingliz tiliga qayta kvalifikatsiyadan o‘tishlari yoki ishdan ketishlari kerak bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtlarida ham nemis va fransuz tili fakultetlari, bo‘limlari va kafedralari yo qisqartirildi, yoki batamom yo‘q qilindi. Bunday noto‘g‘ri til siyosatiga qarshi gapiruvchilar esa ta’qib ostiga olindi va hatto ishdan chetlatildi.
Gap shundaki, chet tili o‘qitishdan bosh maqsad — shu til yordamida tili o‘rganilayotgan mamlakat bilan aloqalar o‘rnatish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdir. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, oxirgi 7-8 yil davomida barcha ta’lim tizimimizda 90% o‘qitilayotgan ingliz tili mamlakatlari bilan qo‘shma korxonalar foizi nolga teng, investitsiyalar ham deyarli yo‘q. Ammo tillari 10% atrofida o‘qitilayotgan olmonzabon va farangzabon davlatlardan kelayotgan investitsiyalar hajmi inglizzbon mamlakatlarnikiga nisbatan yer bilan osmon qadar farqli! Bunga guvohlik beruvchi dalillar bisyor.
Hozir Prezidentimiz mavjud salbiy holatlarga tanqidiy munosabatda bo‘lishni talab qilmoqda va yangicha tashqi siyosat olib bormoqda hamda xalq buni qo‘llab-quvvatlamoqda. Natijada mamlakatda vaziyat ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Biz ko‘targan masalada ham Vazirlar Mahkamasi 2019-yil 21-avgustda “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida xorijiy tillarni o‘qitishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Qaror qabul qildi. Albatta, vaziyatning bunday o‘zgarishiga Prezidentimizning Germaniyaga qilgan safari, Germaniya Prezidentining O‘zbekistonga qilgan tashrifi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shu yilning birinchi yarmidayoq ilgari kamsitilgan ikkala Yevropa tillari rag‘batlantirila boshladi. Hududlarda yangi nemis va fransuz tillari maktablari va markazlari tashkil etila boshlandi. O‘rgatilishi chuqurlashtirilgan nemis tili maktablariga Gyote, V.Humboldt va F.Shiller kabi mashhur olmon mutafakkirlarining nomlari berildi. Ammo bu qaror chala bajarildi, negaki o‘zgarish faqat 10–15 ta ixtisoslashtirilgan maktablardagina amalga oshdi xolos. Asosiy umumta’lim maktablarida hamon inglizparastlik davom etmoqda. Minglab ishdan bo‘shatilgan nemis va fransuz tili o‘qituvchilarining XTVga yordam so‘rab qilayotgan arz-dodlariga, vazir Sh.Shermatovga “Ma’rifat” gazetasi va ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborilayotgan ochiq xatlarga vazirlik bepisandlik bilan javob bermayapti. Hatto O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasining shaxsan Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatovga 2020-yil iyul oyida yozgan xatiga ham javob berilmadi. Biz endilikda o‘z murojaatimizni bevosita Prezident Sh.Mirziyoyev va Bosh vazir A. Aripovning o‘zlariga yuboramiz. Chunki chet tillarga nisbatan bunday siyosat davom etsa, O‘zbekistonning tashqi siyosatida nemiszabon va farangzabon mamlakatlar, Yevropa Ittifoqi bilan olib borilayotgan xalqaro aloqalarida salbiy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
Bundan kim manfaatdor? Bu Yurtboshimiz ishonch bilan olib borayotgan tashqi siyosatga to‘g‘ri keladimi? 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab 1-sinflardanoq barcha umumta’lim maktablarida hozirgiday asosan ingliz tilini (90 foiz) emas, har bir chet tiliga 20–30 foizdan o‘quv soatlari ajratish, ya’ni ingliz va rus tillariga 20 foiz sinflar ajratish, nemis va fransuz tillarini esa 30 foiz umumta’lim maktablaridagi sinflarda o‘qitish to‘g‘ri bo‘lardi. Qaysi chet tilini o‘qitishni ota-ona belgilay olmaydi.
Ta’lim — standartdan boshlanadi. Standartni esa predmetning o‘zinigina bilganlar emas, uni o‘qitishning didaktikasi va metodikasi bilimdonlari tuzishlari kerak, noshud amaldorlar emas. Hozirgi chet tillar bo‘yicha tuzilgan amal qilayotgan DTS chala va yuzaki. DTS asosida esa o‘quv va ishchi dasturlar, bular asosida esa o‘quv adabiyotlari va didaktik materiallar yaratiladi. Hozirgi darsliklarda chet tillar o‘qitish jarayonida o‘rgatilishi kerak bo‘lgan nutq faoliyati turlari prosentual mutanosibligi buzilgan, masalan 1-sinfda faqat gapirish va tinglab tushunishga e’tibor qaratilgan, o‘qish, yozish va tarjima qilish butunlay unutilgan. Bizningcha, va umuman, mantiq asosida 10 foiz o‘qish, 10 foiz yozish, 10 foiz tarjimaga, 30 foizdan gapirish va tinglab tushunishga ajratish kerak. Hozir-chi?! 1-sinf darsligini 1 yil (12 oy) o‘quvchi ushlaydi, ko‘tarib yuradi, biroq undagi mashqlarga chet tilida berilgan topshiriqlarni bechora o‘quvchi va ularning ota-onalari o‘qiy olmaydi! Va tarjima qila olmaydi ham. Demak, tushunmaydi. Tushunilmagan dars – o‘zlashtirilmaydi-da. Bu vazifani o‘yin metodining o‘zigina bajara olmaydi. Demak, barcha darsliklarni boshqatdan yaratish kerak, tanish-bilishlik asosida tuzilgan mualliflar guruhi tomonidan emas, albatta.
Darsliklarning nomlari ham g‘alati — “Deutsch mit Spass”, “Assalom, Deutsch”. Ayting-chi, “Assalom, fizika”, “Assalom, geometriya”, “Assalom, ona tili” degan fan bormi? Unda salomlarga alik oluvchi “Vaalaykum assalom, matematika” deb nomlanuvchi fan yaratishsin! Xullas, bu darsliklarni to‘la yangitdan yaratish kerak. Chunki ularda didaktik prinsiplar, jumladan uzviylik buzilgan, masalan, 4-, 5- va 6-sinf darsliklari o‘rtasida.
Bu kabi kamchiliklarga jumladan Respublika ta’lim markazi ham aybdor. Undagi metod kengashda metodika va didaktikani mukammal biladigan mutaxassislar ishlashi kerak.
Konsepsiya bo‘yicha bildiriladigan fikrlar inobatga olinmog‘i lozim. Konsepsiyaning e’lon qilinishi va umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi – yaxshi. Ammo bu ish xo‘jako‘rsinga o‘tkazilmasligi va navbatdagi aldov bo‘lmasligi kerak.
Konsepsiya bo‘yicha bildirilgan fikr-mulohazalar bo‘yicha men barcha mutasaddilar bilan suhbatlashishga tayyorman va ushbu takliflarimga javob kutaman.
Xurram RAHIMOV, O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi raisi, professor