Ta’miridan yangidan qurilishi arzonga tushadigan maktab
Mana, o‘quv dargohlari ochilib, darslar boshlanganiga ancha bo‘ldi. Lekin Forish tumani “Osmonsoy” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 3-umumta’lim maktabi hamon yopiq. Sababi… sababi juda ulkan va bu muammo yillarki, ushbu dargoh ustoz-murabbiylarini qiynab keladi. Ularning dardiga biror quloq solguvchi yo‘q.
— Mazkur dargoh 1959-yili maktab-internat bo‘lib ishga tushirilgan, —deydi maktab direktor o‘rinbosari Ozod Nazarov. — 2014-yili internat maktabga aylantirilib, tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufiga o‘tdi. Olti yildan buyon tuman mahalliy budjeti asosida faqat joriy ta’mirdan chiqarilgan, xolos.
Binoga kirib ko‘rarkanmiz, yelvizakni his etdik. Biroz turib, sovuq oyog‘imizdan o‘ta boshladi. Romlardan kirgan shamol pardalarni o‘ynatyapti. Derazalar ham yaroqlilik muddatini o‘tab bo‘lgan. “Hamma derazalar shu holatda”, tasdiqlaydi xo‘jalik mudiri. “Inshootda 300 dan ortiq deraza bor. Uchinchi qavatga kleyonka olib qoqishga bir odamning oyligiyam yetmaydi”, dedi. Yillar davomida bu yerda bolalar soatlab qanday o‘qishgan ekan? Darvoqea, kirish qismining qurilishi ham o‘quv dargohiga mos emas…
Maktabning binosi 3 ta asosiy korpus va sport zalidan iborat. Obyekt 784 o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, ayni paytda 272 nafar o‘quvchi bor. Bugun o‘quvchilarning hammasi uyda o‘tiribdi. Bu yer oxirgi marotaba dastur asosida 2006-yili kapital ta’mirlangan. Muassasani isitish uchun tabiiy gaz va ko‘mir yoqilg‘isiga mo‘ljallangan 14 ta alohida qozonxona mavjud. Joriy yilning 9-fevralida yuz bergan kuchli shamol oqibatida maktabning tomidagi 234 dona shifer yaroqsiz holga kelib qolgan. Tom qismiga jiddiy zarar yetgani, isitish tizimidagi muammolar va maktabning kapital ta’mirga muhtojligi 2020-2021-o‘quv yillar davomida o‘quvchilarning ta’lim olishini to‘xtatishlariga sabab bo‘lib kelmoqda. Maktabda sinf xonalari yetishmaydi, qo‘shimcha o‘quv, to‘garak xonalari, oshxona, faollar zali, kutubxonaga ehtiyoj bor.
— Ushbu dargohning qurilganiga ikki oydan keyin 15 yil bo‘ladi, — deydi Forish tuman hokimligi sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jaligi masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Shahboz Abbasov. — Uning ta’miri uchun ajratiladigan mablag‘ga ikkita maktab qursa bo‘ladi. Inshootni risoladagidek holatga keltirish uchun 2 milliard so‘m yetmaydi. Viloyat hokimiga bu masala bo‘yicha xat tayyorlab qo‘yilgan. Uchinchi marotaba xat yozishimiz. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, vazirlikka ham xat yuborilgan. 2020-2021-yillar uchun shifer mablag‘ so‘raganmiz. Kapital ta’mirdan chiqarilsa ham baribir o‘z holidek bo‘lmaydi. Maktabni 250-300 o‘rinli qilib yangidan qursa bo‘ladi. Uzog‘i bilan 2,5 milliard so‘m ketadi.
— Oxirgi yig‘ilishimizda 4 milliard 300 million so‘m mablag‘ ketadi deyildi, — deydi xo‘jalik mudiri Sobir Adilov. — Isitish tizimi umuman yaroqsiz. Shu ahvolda tursa, tomni shamol yana uchirishi aniq. Qo‘shni 1-, 33- maktablarda 250 o‘quvchi bor, yangidan ta’mirdan chiqarildi, bizga ham ana shunday maktab qurilsa bo‘lardi.
— Bu yerda 1998-yildan beri ishlayman, — deydi direktor o‘rinbosari Ozod Jabborov. —2017-yilda qozonxona almashtirilib, ko‘mirga moslashtirildi. Ko‘mir bilan qozonxona isitolmadi, suvni haydab berolmadi. Shu sababli, bu katta binoni isitolmadi. Bu inshoot yaxshilab kapital ta’mirlanishi kerak. Bundayini keyin qurish qiyin bo‘ladi. Bizning sport zalimiz bor, ko‘plab maktablarda yo‘q, bu ularga orzu. Yangi qurilgan ta’lim muassasalarida bunday sharoitlarni topish mushkul.
— Ko‘mir endi olinadi, gaz bilan ikki-uchta qozonxona isitadi, — deydi xo‘jalik mudiri. —Ta’mirlashga, yonish moslamalarini almashtirish, sirtdagi quvurlarni yamash, kranlarning chiriganini almashtirish uchun 8 million mablag‘ ajratilgan. Qachonki, shular yaxshilansa, gaz bosimini bersa, tom ta’mirlansa, darslar boshlanishiga ruxsat beriladi. Tomning 2012-yildan beri har yili shiferini almashtiramiz, shamol uchiradi, qoqamiz, yana uchiradi. Faqat shiferini almashtiryapmiz, yog‘ochlarini esa yo‘q. Inshoot shamolga ko‘ndalang qurilgan. Shundan so‘ng 36 million ajratildi, narigi blokning ustini profnastil bilan yopdik. Lekin ikkinchi qavatdan yomg‘ir o‘tib, shuvoqlari tushib ketgan.
Joriy yilning fevral oyida kuchli shamol, yomg‘ir yoqqach, binodan yog‘in o‘tgan. Maktabda 21 ta xona bo‘lib, 12 ta sinf bor. O‘quvchilar suv o‘tmagan bo‘sh sinfxonalarga ko‘chirilgan. Pastki xonalarga, sovuq bo‘lgan paytlarda quyosh tushadigan sinfxonalariga o‘quvchilarni o‘tkazdik, imkoniyat yetgancha derazalarni yopib, dars o‘tamiz, deyishganini eshitib, lol qolasiz, nechanchi asrda yashayapmiz o‘zi deb?!.
— Hozirda isitish tizimini yangilayapmiz, buning uchun 8 million o‘tkazilgan, — deydi xo‘jalik mudiri Sobir Adilov. —Bu muammolardan xalq ta’limi boshqarmasi, tuman hokimligi, vazirlikning ham xabari bor. Har yili kelishadi, o‘rganadi, mana bu yil kapital remontga kiradi Xudo xohlasa, deyishadi. 2017-yilda maktab ta’miri uchun 400 million pul ajratmoqchi bo‘lishdi. Viloyat arxitektura va qurilish davlat nazorat inspeksiyasidan, firmalardan kelib o‘rganib chiqishdi. “Eee, bu pul bu yerga hech narsa bo‘lmaydi”, deyishdi. Yomg‘ir tushadigan tomonlar nurab boshlagan. Binoning old qismini 100 foiz ta’mirlamasa bo‘lmaydi. Hisoblab ko‘rilsa, shuning o‘ziga 400 million ketar ekan, boshqa hech narsaga yetmaydi. Ular yana bir taklifni kiritdi. O‘quvchi o‘qiydigan asosiy blok tomini ta’mirlab beraylik, deyishgandi. Keyin xalq ta’limi bo‘limidan so‘rasak, smetaga kirmay qolib ketibdi. “Sizning maktabingiz ta’mirlanadigan pulga 4-5 ta maktabni kapital ta’mir qilsa bo‘ladi”, deyishdi.
Uchinchi qavatga chiqib xonalarni ko‘rarkanmiz, ochig‘i, hayratdan yoqamizni ushladik. Sababi, sinfxonalarga yotqizib chiqilgan pol to‘shamalari yirtilib, sifatsiz ahvolga kelganiga ham ancha bo‘lgan. Inson bolasi uchun oy bir qadam, Mars ikki qadam bo‘lib turganida, zamonamiz bolalarining, millat bolalarining shu sinfxonalarida dars o‘tib kelganiga hech aqlingiz bovar qilishi mumkinmi?
— Bu qavatdayam suv o‘tishi natijasida devorlari tushgan, — deydi xo‘jalik mudiri. — 2006-yilda ta’mirlanib, xonalarga to‘shalgan bu qoplamalarga 14 yil bo‘layapti. Axir, bu to‘shamalar 14 yilga chidaydigan narsa emas. Hozir qurilishlarda foydalaniladigan to‘shamalar 3 yilda ishdan chiqadi. Bir yili hisobraqamimizdagi mablag‘ evaziga kompyuter xonasiga pollik to‘shatdik. O‘shalar ham uch yilning ichida yirtilib ketdi.
Yog‘ingarchilikda nam o‘tib, nuray deb yotgan bu bino tomining yana bir kuchli shamol yoki bo‘ronga dosh bera olishiga ko‘zimiz yetmaydi. Shu xonalarda nahotki o‘quvchilar o‘tirgan bo‘lsa, deb yoqa ushlashingiz tayin. Hovlida chala yotgan binoni ko‘rdik. Bu eski xo‘jalik binosi bo‘lib, qurilish paytidayoq chala qolib ketgan, oxiriga yetkazilmagan. Binoda 14 ta qozonxona bo‘lib, alohida-alohida, blok-blok qilib qo‘yilgan. Hozirda ta’mirlanib qovurg‘ali yonish moslamasi qo‘yib chiqilgan.
Maktabga iste'mol suvi chiqmaydi. Sababi, aholi uchun suv minorasi yaqinda qurildi. Undan faqat bir mahal suv chiqadi. Hali maktabga tarmoq ham tortilmagan. Ta’lim dargohida ikkita quduq bo‘lib, birisi iste'mol uchun mo‘ljallangan, biri texnik quduq sanaladi. Balki boshqa maktab qurish, bu binoni to‘liq ta’mirdan chiqarilmasa, auksionga qo‘yish, qaysidir tadbirkor undan unumli foydalanishi mumkindir, degan takliflarimizni maktab ma’muriyati qat'iy rad etdi.
Xullas, boshimizda o‘ylar chuvalashgancha qaytdik. Lekin bugungi kunda uyda o‘tirgan 272 nafar o‘quvchining taqdiri nima bo‘ladi? Onlayn darslar qayerda deysiz, qishloqda internetga ulanib bo‘lmasa! Ularning savodi chiqish-chiqmasligi, o‘zlashtirishda oqsayotgani nahotki hech kimning xayoliga ham kelmasa, yuragi achishmasa?
P.S. Yaqinda viloyat mutasaddilari bir guruh bo‘lib kelib, yana maktabni o‘rganib ketishibdi, bosqichma-bosqich ta’mirlanadi deyishibdi. Lekin bu har yilgi iddaolardan biri emasmikan?.. Voqealarni birgalikda kuzatamiz.
Xolnisa RAHMONQULOVA