Qorako‘l tumanidagi Xalqaro matematika maktabi yutuqlarining siri
Bugun qayerga qaramang — aksariyat o‘quv markazlari peshtaxtasida “Qorako‘l”, “Qorako‘l maktabi ta’limi asosida” kabi yozuvlarga guvoh bo‘lasiz. Xo‘sh, aslida Qorako‘l qanday joy? Qorako‘l xalqaro maktabi qanaqa maktab? Unda qanday ta’lim beriladi? Nimaga u nafaqat respublika, balki xalqaro miqyosda ham mashhur? Ketma-ket qayd etayotgan faxrli natijalarining siri nimada? Ushbu maktabda o‘qish uchun nima qilish kerak? Bular haqida ma’lumotga egamisiz? Agar javobingiz yo‘q bo‘lsa, ushbu maqolamiz aynan siz uchun.
Xabaringiz bor, 2020-2021-o‘quv yili oliy ta’lim muassasalari qabulida Qorako‘l xalqaro maktabi bitiruvchilari yuz foiz o‘qishga qabul qilindi. O‘z navbatida, bu xabar ko‘plab OAVlarda yoritildi hamda ushbu maktab to‘g‘risida bir nechta qiziqarli va tahliliy materiallar tayyorlandi. Tabiiyki, bu mavzu “Ma’rifat” gazetasi tahririyati nazaridan ham chetda qolmadi. Biz aynan Qorako‘l Xalqaro maktabiga borib, barchasiga jonli guvoh bo‘lishni maqsad qildik.
Respublikamizda dovrug‘ qozongan, o‘z o‘rniga ega Qorako‘l xalqaro maktabi Buxoro viloyatining chekka — Qorako‘l tumanida joylashgan bo‘lib, o‘quvchilarga yuqori sifatli ta’lim beradigan oddiy maktablardan biridir. Undagi mutaxassislar ham aksariyati ushbu maktabni tamomlab, oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan va u yerni muvaffaqiyatli tugallagan o‘qituvchilar hisoblanadi.
Xo‘sh, unda ushbu maktabning yuqori ko‘rsatkichlari siri nimada?
Dastlab Qorako‘l xalqaro maktabi tarixi va qayd etgan natijalariga nazar tashlasak. Ushbu maktab dastavval tumandagi 52-ixtisoslashgan maktab bo‘lib, 2013-yili Buxoro viloyati hokimining qaroriga asosan Qorako‘l maktab-internatiga aylantirilgan. Keyinchalik, maktabning ko‘rsatayotgan yuqori ko‘rsatkichlari hamda maktab direktori Temur Ro‘ziyevning sa’y-harakatlari natijasida 2019-yil 9-avgustda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan maktab-internatga “Xalqaro matematika maktabi” maqomi berilgan. Maktabning ayni damdagi o‘quv binosi ta’mirtalab bo‘lib, joriy yilda Xalqaro maktabning yangi o‘quv binosi qurilishi uchun 47 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Maktabga qabul 13-14 yosh, ya’ni 7-sinfdan bo‘lib, o‘quvchilar 3 yo‘nalish: iqtisodiy yo‘nalish; texnika yo‘nalishi; tabiiy yo‘nalish bo‘yicha saralab olinadi. Maktabga qabul uchun saralash testlari Davlat test markazi tomonidan tuziladi va aynan markaz mas’ullari tomonidan qabul imtihonlari har yilning avgust oyida o‘tkaziladi. Maktabning pedagog kadrlari ayni damda 51 nafar (18 nafari ayollar — 40 %), barchasi oliy ma’lumotli. Qo‘shimcha qilish mumkinki, maktab o‘qituvchilarining 11 nafari oliy (18 %), 22 nafari birinchi (40 %), 12 nafari ikkinchi toifali (30 %) hamda 7 nafari mutaxassis (12 %). Bundan tashqari, pedagoglarning 10 nafari “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, ikki nafari esa Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Bugungi kunga qadar maktab o‘quvchilaridan Abbos Sayliyev, Umid Arabov, Shahboz Hasanov, Olimjon Olimov, Doniyor Ismoilov, Ismoil Po‘latov, Bobur Halimov, Laziz Rajabboyev, Anvar Rahmatov, To‘ymurod Qodirov, Aziz Ergashev Xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 7 ta kumush, 5 ta bronza medal bilan taqdirlangan. Bundan tashqari, ushbu maktabda tahsil olgan Nafosat Jo‘rabekova, Sevara Ostonova Zulfiya nomidagi va Doniyor Ismoilov “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sovrindori bo‘lishgan. 2020-yilning 4-oktabr kuni Buxoro shahrida o‘tkazilgan “SEAMO” olimpiadasi hududiy bosqichida ishtirok etgan maktabning 11 nafar o‘quvchisi 2 oltin, 1 kumush va 4 bronza medalini qo‘lga kiritishdi. Bunday yuksak natija va yutuqlar ortida Odil Sodiqov, Risolat Shukurova, Fazliddin Karimov, O‘ktam Haydarov, Alisher Sharipov, Quvondiq Yangiyev, Jahongir Mirzaqulov, Zufar O‘dayev, Aziz Toshov, Ro‘zimurod Ro‘zimurodov, Xurshid Rahimov, Umid Arabov, Shernazar Salomov kabi fidoyi va serg‘ayrat o‘qituvchilarning mehnati yotganini ta’kidlab o‘tmaslik imkonsizdir. Maktabning yana bir aytib o‘tilishi joiz bo‘lgan yutug‘i tashqaridan kelganlar uchun tizimning ochiqligi, har qanday OAV turlari uchun ma’lumot va maktab ichki hayotining shaffofligi hamda, eng muhimi, maktab jamoasining ahilligi. Direktor muovuni G‘ayrat Qulliyev hamrohligida maktab ichki hayoti va o‘quv tizimiga uyushtirgan sayohatimiz yutuqlar asosida hashamatli bino, zo‘r shart-sharoit yoki eng so‘nggi rusumdagi jihozlar emas, balki jamoaning birdamligi, o‘qituvchining fidoyiligi va rahbarning adolatini mana shu maktab misolida ko‘rdik, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Xalqaro maktabning kundalik hayoti, undagi tartib-intizom, ichki qoidalari va bugungi kunda maktabda bo‘layotgan yangiliklar bilan yaqindan tanishish uchun maktab direktori va o‘qituvchilari bilan suhbatlashdik.
Direktor Temur Ro‘ziyevning naqadar adolatli hamda talabchan inson ekaniga guvoh bo‘ldik. Uning so‘zlari har bir maktab direktori uchun qaysidir ma’noda ajoyib mahorat darsi vazifasini ham o‘taydi.
— Maktabingizning ushbu yilgi bitiruvchilarining barchasi yuqori natijalar bilan oily ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Bundan tashqari, Qorako‘l xalqaro maktabining respublika va xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalarida qayd etgan natijalari ham ko‘plab maktablarning orzusi. Xo‘sh, bularning siri nimada? Haqiqatan, ta’lim sifati va o‘qituvchilarning bilimi juda kuchlimi yoki hamma gap o‘quvchining iqtidoridami?
— Maktabimiz ochilganiga 11 yil bo‘ldi. Shukurki, bu vaqt davomida o‘quvchilarimiz fan olimpiadalari va oliy ta’lim muassasalariga qabul imtihonlarida yuqori natijalar ko‘rsatib kelmoqda. Shu yil 48 nafar bitiruvchimizning 46 nafari mahalliy, 2 nafari esa xalqaro oily o‘quv yurtlariga qabul qilinib, 100 foizlik natija ko‘rsatdi. Chetdan qaraganda markazdan olisda, yaxshi sharoitga ega bo‘lmagan maktabning bunday natijalari ortida, haqiqatan ham, bir sir borga o‘xshaydi. Aslida bu tuproq ulg‘aytirgan daholarning qoni millatning har bir farzandi tomirida oqyapti, iqtidorli o‘quvchi va o‘qituvchilar hamma joyda bor. Faqat ularni kashf qilish, adolatli tanlab olish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Nazarimda, qayerda yuksalish bo‘lsa, albatta, uning ortida o‘sha yerdagi tizimning adolatli qurilgani yotadi.
— Adolat to‘g‘risida so‘z ochdingiz. O‘quvchilar maktabingizga imtihon orqali qabul qilinadi. Masalan, qaysidir amaldorning erka bolasi qatnashsa-yu, sinovdan o‘tolmasa. Uning “iltimos”iga qanday javob berasiz?
— Farzandi sifatli ta’lim olishini kim istamaydi deysiz. Bunday holat bilan 11 yillik faoliyatim davomida ko‘p bor to‘qnash keldim. Ammo adolatning yuziga oyoq bosib, vijdonga xiyonat qilganimda edi, maktabimiz hech qachon bunday natija ko‘rsatmagan bo‘lardi. Lavozimdan ketarmiz, ammo kim bo‘lishidan qat’i nazar, xalqning qalbidan bizni yulib ololmaydi. Ularga “Farzandingizni biror bilimli bolani “yiqitish” hisobiga qabul qilishim mumkin. Bu vijdonan to‘g‘ri bo‘ladimi? O‘sha bola keyin umr bo‘yi bizning maktab va tizimimizdan norozi bo‘lib, xalqda ham bizga nisbatan nafrat uyg‘otmaydimi?”, deya to‘g‘ri tushuntirganman. Ular esa qayta bu borada so‘z ochmagan. Shundan ham xursand bo‘lamanki, bu masalada biror marta bo‘lsa ham qattiq tahdid ostiga olishmagan va adolatimizga putur yetkazishmagan.
— Keling, maktabingizdagi o‘qituvchilar masalasiga to‘xtalsak. O‘quvchi-yoshlarni xalqaro olimpiadalarda faxrli o‘rin egallaydigan darajaga yetkazib tarbiyalash, bilim berish o‘qituvchidan juda katta fidoyilik va matonat talab qiladi. Ammo mehnatiga yarasha munosib rag‘batlantirilmagan o‘qituvchining ishtiyoqi, tabiiyki, so‘nadi. O‘qituvchilar bugungi moddiy ahvolidan mamnunmi?
— Aslida, haqiqiy o‘qituvchi qanday sharoitda bo‘lmasin burchini go‘zal o‘taydi. Ishga qabul qilayotib xodimlarning qalbiga, vatanparvarligiga, bilimga chanqoqligiga va ko‘zining yonib turganligiga e’tibor qarataman. Tabiiyki, bunday saralashdan o‘tgan xodim uchun moddiy tomon birinchi o‘rinda turmaydi. O‘sha xodim o‘zini ko‘rsatgach esa biz moddiy rag‘batlantirishni ham o‘z o‘rnida bajaramiz. Ma’lumki, yaqin yillargacha o‘qituvchining oyligi chumchuqqa don sepgan kabi edi. Bu esa ko‘plab o‘qituvchilarni maktabni tashlab xorijga ketishga yoki boshqa ish bilan shug‘ullanishga majbur qildi. Hozir esa holat anchayin o‘zgargan.
Bizning aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishidagi o‘qituvchilarimiz to‘liq stavkada ishlamaydi, ya’ni 8–10 soat bilan kifoyalanadi. Ammo 100 % ustama bilan ularning maoshi o‘rtacha 6-7 million so‘m atrofida. Bizga natija muhim. O‘qituvchilarimiz hech qanday moddiy manfaati bo‘lmasa-da, darsdan so‘ng ham shogirdlarining bilimini yanada mustahkamlashga harakat qiladi. Buning natijasi o‘laroq esa xalqaro yoki respublika olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan, faxrli o‘rinni egallagan o‘quvchisi uchun 100 mln so‘m va undan ortiq miqdorda rag‘batlantirish oladi. Yana bir tomoni, biz o‘qituvchilarimizning darsdan keyingi vaqtiga daxl qilmaymiz va ular ixtiyoriy tarzda repetitorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
— Masalan, bir o‘quvchi imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan. Ammo o‘qishni davom ettirish uchun moddiy imkoni yo‘q (turarjoy, oziq-ovqat, belgilangan oylik to‘lovlari…). Siz qanday yo‘l tutasiz?
— Juda o‘rinli savol. Moddiy imkoniyatidan qat’i nazar, har bir bola sifatli ta’limdan bahramand bo‘lishni istaydi va bunga haqli. Bunday vaziyatga ko‘p duch kelganmiz. Shuning uchun o‘quvchilarni qabul qilgandan keyingi ilk ishimiz ularning ijtimoiy va oilaviy ahvoli haqida ma’lumot to‘plash bo‘ladi. Moddiy yordamga muhtoj oilalar farzandlari uchun davlatimiz tomonidan 15 foizli imtiyoz taqdim etilgan bo‘lib, biz shakllantirgan ro‘yxat bo‘yicha bu bolalarning oziq-ovqati davlat tomonidan ta’minlab beriladi. Undan tashqari, qobiliyatli o‘quvchilarimizni 10–15 kunga har yili bir marta Toshkentga yuboramiz. U yerda o‘quvchilarimiz o‘rganayotgan fanlari bo‘yicha mutaxassis-professorlardan ta’lim oladi.
Buning xarajatlarini o‘qituvchilari-mizning o‘zi fidoyilik ko‘rsatib, to‘lab bermoqda. Sizga yana bir voqeani gapirib bersam: bundan bir necha yil avval boquvchisini yo‘qotgan bir o‘quvchimiz uchun o‘z hisobimdan stipendiya joriy etgandim. Oradan necha yillardir o‘tib qabulimga bir yigit kirib keldi. Qurolli kuchlar podpolkovnigi ekan. “Meni tanidingizmi? O‘qishga sharoitim bo‘lmaganda menga stipendiya bergandingiz?”, deya eslatdi u. Tanisam-da, ataylab “Esimda yo‘q”, dedim. Ammo ich-ichimda o‘sha bola shunday inson bo‘lib yetishganidan faxrlanib ketdim. Menimcha, savolingizga javob oldingiz. Biz ijtimoiy holati qanday bo‘lishidan qat’i nazar,
bilimli o‘quvchiga sifatli ta’lim imkoniyatini yaratib beramiz.
— Maktabda o‘quvchilar qabuli uchun kvota belgilangan. Masalan, aksariyat o‘quvchilarning imtihonda to‘plagan bali juda past bo‘lsa, shunda ham kvota bo‘yicha qabul amalga oshiriladimi?
— Belgilangan kvota bo‘yicha har yili 30 nafar o‘quvchi qabul qilamiz. Ularning ham eng kamida 70 baldan yuqori natija ko‘rsatganini. Agar 70 baldan yuqori to‘plaganlar 30 taga yetmasa, kvotaga qarab o‘tirmaymiz. Oz bo‘lsa-da soz bo‘lsin. Masalan, bundan ikki yil oldin 18 nafar o‘quvchini qabul qilganmiz, qolganlarining bali esa talabga javob bermagan. Kvota bu nisbiy, faqat kuchlilar ko‘payib ketgandagina ishlaydigan tizimdir. Bunga misol esa ushbu yilgi iqtisod sinfimizga 95 dan yuqori ball to‘plagan 30 nafar o‘quvchini qabul qildik. Bilimlilar juda ko‘p edi. Ammo biz eng zo‘rlarinigina saralab oldik.
— Qorako‘l xalqaro maktabining yuqori natijalariga birdan-bir sabab — o‘quvchilarning saralab olini-shi. Agar bizda ham shunday imkon bo‘lganda, bizning o‘quvchilar ham yaxshi natija ko‘rsata olar edi, degan gaplarni ko‘p o‘qituvchilardan eshitaman. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?
— Albatta, ularning fikrida ham jon bor. Bizning eng katta yutug‘imiz — o‘quvchi va o‘qituvchilarning sara-lab olinishi. Buni inkor etmayman. Lekin o‘ylab ko‘ring, respublikamizdagi 10 000 ga yaqin maktabda bir necha million o‘quvchi ta’lim oladi. Biz esa har yili shularning 30 nafarinigina qabul qilamiz. Xo‘sh, bu foizga hisoblaganda qancha? Hech qancha! Shunday ekan, haqiqatan, bilim-saviyali o‘quvchini yetishtirib chiqaraman degan o‘qituv-chi uchun bu gaplar vaj bo‘la olmaydi. Vaholanki, yurtimizda iqtidorli va intiluvchan yoshlar juda ko‘p. Muhimi, ularga turtki berish. Maktabimiz jamoasi shunchalik ahilki, o‘qituvchilar o‘rtasida raqobat hissi shakllanmagan. Bu falonchi domlaning o‘quvchisi ekan, u bilan o‘zi ishlasin, degan qarash mavjud emas. Hamma o‘qituvchi faqat mana shu maktab ravnaqi uchun birdek harakat qiladi.
— Qorako‘l xalqaro maktabi boshqa viloyatlarda ham filiallarini tashkil etayotgan ekan. Ularda ham bu yerdagi kabi shaffoflik va adolatni ta’minlay olamiz deb o‘ylaysizmi?
— Ayni damda Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida filiallarimiz tashkil etilgan bo‘lib, hozir Toshkent shahri va viloyatidan ham Qorako‘l maktabini tashkil qilish taklifi tushmoqda. Qaysi viloyatda bo‘lishidan qat’i nazar, Qorako‘l maktablari uchun har doim bel bog‘lab xizmat qilamiz. Shaffoflikka keladigan bo‘lsak, Sirdaryo va Navoiy viloyati hokimlari taklif bilan chiqqanda “Siz Qorako‘l maktabini nomi uchun ochmoqchimisiz yoki natijasi uchun?” degan savolni berganman.
Maktabingiz peshtoqida birgina Qorako‘l degan yozuv yoziladi. Uni ko‘rgan kishi farzandini shu maktabda o‘qitishni istaydi. Tabiiyki, buning ortidan xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i, maktab direktoriga mening farzandimni maktabingizga qabul qiling mazmunidagi qo‘ng‘iroqlar bo‘ladi. Ular yo‘q desa, keyinchalik uning shaxsiga amaldor yoki kattakonlar tomonidan tahdid bo‘lmasligiga kim kafolat beradi? Shunday ekan, bu maktabning ochilishini xohlayapsizmi, boshida o‘zingiz turing. Toki hech bir shaxs maktab adolati va nomiga g‘arazlik yo‘l bilan putur yetkaza olmasin.
— Sizga so‘nggi savol bilan murojaat qilmoqchiman. Qorako‘l Xalqaro maktabi bugungi kunda reyting uchun ishlayaptimi?
— G‘alati savol bo‘ldi. Albatta, har bitta tashkilot, muassasa uchun reyting muhim. Lekin mana shu maktabda o‘qigan o‘quvchi ertaga jamiyatda
kerakli inson sifatida o‘z o‘rnini topmasa, bizning reytingdagi o‘rnimiz hech narsa. Oddiy bir pufakdek gap. Shunday ekan, jamoamiz, birinchi navbatda, yoshlarning kelajagi porloq bo‘lishiga hissa qo‘shish uchun ishlaydi.
Guloro YUSUPOVA suhbatlashdi.