O‘quvchingiz diktantni yaxshi yozadimi?
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yozma nutq malakalari qanchalik rivojlangan bo‘lsa, yuqori sinflarda yozma ishlarni to‘g‘ri yozishlari uchun shunchalik puxta zamin tayyorlanadi.
Shu sababli ta’limning quyi bosqichida bolalarni savodxon qilish, nutqini o‘stirish, tafakkur qilish ko‘nikmalarini kengaytirishga alohida e’tibor berish zarur. Boshlang‘ich ona tili boshqa fanlarni puxta o‘rganib olish uchun yetakchi o‘quv fanlaridan biri hisoblanadi.
Bola ilk bor maktabga qadam qo‘yar ekan, ma’lum bir so‘z zaxirasi bilan keladi. Biroq ko‘p narsa unga notanishdek tuyuladi.
Ilg‘or metod va tajribalarga asoslanib darslarimda 1-sinf o‘quvchilarining so’z boyliklarini oshirib borish, yozma ishlarga tayyorlash uchun rasm va AKTlardan keng foydalanaman. K.Ushinskiy “Sinfga rasm olib kirsang, devor ham tilga kiradi” deganidek, rasmlar orqali o‘quvchilarning darsdagi faolligini oshirish, nutqini o‘stirish mumkin. Bolaning og‘zaki nutqi qanchalik ravon va to‘g‘ri bo‘lsa, yozma nutqi ham shunchalik rivojlanib boradi.
O‘quvchilarga ko‘pincha musobaqa usulida so‘zlar yozdiraman. Buning uchun doskani 3-4 qismga ajratib, AKT yordamida narsalarning rasmini ko‘rsatib, kim tez va to‘g‘ri yozadi, deb ularni ham tezlikka, ham e’tiborli bo‘lib narsalar nomini yozishga undayman. Xatosiz yozganlarni rag‘batlantirib, boshqa o‘quvchilarga namuna qilib ko‘rsataman. Tabiiyki, xato qilgan o‘quvchi keyingi safar chiroyli va xatosiz yozishga intiladi. Bu metodda, shuningdek, o‘quvchilarga yozgan so‘zlaridagi unlilarni aniqlab, ostiga chizdirish mumkin. Natijada, bola unli va undosh harflarni, bo‘g‘in ko‘chirish qoidalarini yaxshi o‘zlashtirib oladi.
Diktant yozishning eng izchil metodlaridan yana biri terma rasmlardan foydalangan holda lug‘at diktant yozishdir. Bu jarayon o‘quvchilarning imlo qoidalarini mustahkamlashi, so‘z boyligini oshirishga yordam beradi. Bunda o‘quvchilar daftarlariga ko‘rsatilgan rasmlardagi predmet nomlarini yozib borishadi. O‘qituvchi bu so‘zda nechta harf borligini so‘raydi. Bolalar savolga kim tez javob berish o‘ynashadi. Bu jarayonda matematik hisoblash ko‘nikmasi ham ortib boradi.
Bu kabi mashqlar o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutq malakalarini shakllantirib, bexato yozish va bo‘g‘in ko‘chirish haqidagi ko‘nikmalarini o‘stiradi. Natijada o‘quvchilar 1-sinfning o‘zidayoq bemalol diktant yoza oladigan bo‘lishadi.
Barno SOBIROVA,
Qo‘shko‘pir tumanidagi 41-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi