O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining asosiy vaqti xalq ta’limi bo‘limlarida o‘tib ketmoqdami?
Tarifikatsiya, tabel, turli xil jadvallar va boshqalar...
Ma’lumki, maktablarda ta’lim jarayonini asosan o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari boshqaradi. Birgina dars jadvalini ishlab chiqishning o‘zi juda ko‘p vaqtni oladi. Undan tashqari, fanlar bo‘linishi yoki o‘qituvchilar shtat jadvalida o‘zgarishlar bo‘lsa tarifikatsiya ro‘yxatini qayta ishlab chiqib, hududiy xalq ta’limi bo‘limlariga olib borib iqtisodchilardan imzo yig‘ishi kerak bo‘ladi.
“Xalq ta’limi Info (@dokument_zamdirektor)” kanalida “O‘qituvchilar tarifikatsiya ro‘yxatini XTBga topshirish uchun qancha vaqt sarflaysiz?” degan mazmunda so‘rovnoma o‘tkazgandim.
So‘rovnomada jami 4092 nafar pedagog qatnashib, ulardan 1690 nafari 1-2 hafta, 1397 nafari bir oy, 603 nafari bir kun, atigi 402 nafari hech qancha vaqt sarf bo‘lmasligini bildirgan. Umumiy qilib aytganda, 4092 nafar pedagoglarning 90 foizi iqtisodchilardan imzo yig‘ish uchun juda ko‘p vaqt sarf bo‘lishini bildirgan.
Aslida o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlarining asosiy vazifasi pedagog xodimlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda ishtirok etish, sinf jurnallarining yuritilishi va saqlanishini ta’minlash, o‘qituvchilarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va umumlashtirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishni tashkil etish, darslar, imtihonlar jadvali va boshqa o‘quv tadbirlarini ishlab chiqish, o‘quvchilarning o‘zlashtirishi va xulqining monitoringini amalga oshirishdan iborat.
Xo‘sh, sanab o‘tilgan vazifalarni bajarish uchun ularda vaqt yetarlimi? Yo‘q, yetarli emas. Chunki ularning asosiy vaqti yuqoridan kelib tushayotgan sanoqsiz jadvallarni to‘ldirish, oylik tabellar, o‘qituvchilar tarifikatsiya ro‘yxatini hududiy xalq ta’limi bo‘limlariga topshirish bilan o‘tib ketadi.
Masalan, birgina tarifikatsiya ro‘yxatini olib qaraylik. Tarifikatsiyaga naqd 13 mas’ul imzo chekishi kerak. Ularning har biriga imzo qo‘ydirish uchun esa iqtisodchi mutaxassislarning eshigi oldida sarg‘ayib turish kerak. Negaki, hamma ham doim o‘z ish joyida bo‘lmaydi yoki ularning qabulida boshqa odam bo‘lishi mumkin. Ustiga-ustak imzo qo‘ydirishda maktabda ishlaydigan barcha o‘qituvchilarning diplomlarini birma-bir barcha mas’ullarga ko‘rsatib chiqishga to‘g‘ri keladi. Bo‘lmasa, imzo qo‘ydirish amrimahol. Qisqasi, ularning imzosini tarifikatsiyaga qo‘ydirish uchun o‘rtacha 1-2 hafta XTBga qatnash kerak bo‘ladi.
Iqtisodchilarni ham to‘g‘ri tushunish lozim. Ular ham xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun shunday qilishsa kerak. Chunki yo‘q joydan jarimaga tortilishni hech kim xohlamaydi.
Lekin aslida Xalq ta’limi vazirligining 2018-yil 29-maydagi 142-buyrug‘iga muvofiq pedagog xodimlar lavozimlariga nomzodlarning tegishli lavozimga munosibligini o‘rganib chiqish va xulosa berish maqsadida hududiy tuman xalq ta’limi bo‘limida komissiya tuziladi. Ushbu komissiya raisi XTB mudiri hisoblanadi.
Mazkur komissiya pedagog xodim lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodning lavozim uchun belgilangan malaka talablariga mosligi, tegishli oliy ma’lumotga ega ekanligini aniqlaydi va xulosa beradi. Pedagog xodimning lavozimga munosib yoki munosib emasligi haqidagi masalaning ko‘rib chiqilishi to‘g‘ri, xolis va adolatli amalga oshirilishi uchun javobgarlik komissiya raisi, ya’ni XTB mudiri zimmasiga yuklatiladi. Shunday ekan, aslida har safar o‘qituvchilarning diplomini birma-bir ko‘rib o‘tirishga hojat yo‘q.
Shuning uchun Xalq ta’limi vazirligi bu sohani ham isloh qilishi kerak deb o‘ylayman. Yaxshisi, markazlashgan buxgalteriya tizimidan voz kechib, maktablarga buxgalterlarni yana qaytarib, tarifikatsiya, tabel va turli xil jadvallarni to‘ldirishni ularning zimmasiga yuklash kerak. Bularning imkoni bo‘lmasa tabel, tarifikatsiya ro‘yxatiga qo‘yiladigan imzolar soninini keskin kamaytirish lozim.
O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari vaqtini turli xil jadvallar to‘ldirishga sarf qilmasdan butun e’tiborini ta’lim sifatiga qaratsin, darslarga kirib o‘qituvchilar faoliyatini tahlil qilsin, har kuni xalq ta’limi bo‘limiga qatnayvermasdan faqat ta’lim jarayoni bilan band bo‘lsin. Bu ham ta’lim sifati oshishiga turtki bo‘ladi.
Ulug‘bek PO‘LATOV, “Xalq ta’limi Info” telegram kanali ta’sischisi, bloger