Maktablarda sinf rahbarlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash boshlandi
“Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonga asosan umumtaʼlim muassasalarida sinf rahbarligi yuklatilgan pedagog xodimlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga 2020-yil 1-noyabrdan boshlab sinf (guruh) rahbarligi uchun qoʻshimcha toʻlovlar 1,5 baravarga oshirilmoqda.
Ushbu masalaga masʼul boʻlgan Xalq taʼlimi vazirligi hamda Moliya vazirligi mazkur Farmon ijrosini tezkorlik bilan joylarda sifatli bajarilishini taʼminlash maqsadida tegishli koʻrsatmani yubordi.
XTV matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, unda sinf rahbarligi uchun qoʻshimcha toʻlovlar mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan quyidagi foizlar hisobida amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, jumladan:
— 15 nafar oʻquvchigacha – 26,4 foiz (179 343 soʻm);
— 16 nafardan 20 nafar oʻquvchigacha – 31,6 foiz (214 668 soʻm);
— 21 nafardan 25 nafar oʻquvchigacha – 36,9 foiz (250 673 soʻm);
— 26 nafardan 30 nafar oʻquvchigacha – 42,1 foiz (285 998 soʻm);
— 31 nafar va undan koʻp oʻquvchi boʻlganda – 52,8 foiz (358 686 soʻm) tashkil etadi.
Shuningdek, endilikda mazkur toʻlovlar umumtaʼlim maktablari bilan birgalikda barcha tip va nomdagi maktab-internatlarida ham amalga oshirilishi koʻrsatib oʻtilgan.
Maʼlumot uchun: avval joylarda ushbu umumtaʼlim muassasalarida pedagog xodimlarga sinf rahbarligi belgilangan boʻlsada, qoʻshimcha toʻlovlar amalga oshirilmasdan kelingan.