Kundalikning o‘rni bilinyapti
Kundalik — baholar qaydnomasi, ota-ona va maktab orasidagi ko‘prik, darslar eslatmasi va hokazo. Biz “kundalik.com”ga birinchilardan bo‘lib o‘tib oldik. Hozir kundaliklar elektron shaklda.
Bu yaxshi, ammo ba’zi jihatlari borki, bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Masalan, ota-onalarning hammasida ham ulanish uchun smartfon bor deb aytolmaymiz. Bo‘lgan taqdirda ham aloqa sifati yetarli darajada emas. Quyi sinf o‘quvchilari dars jadvalini almashtirish, niqob, antiseptik vositalar xotirasidan chiqqanini, uyga vazifani eslab qololmayotganini tez-tez bildirishadi.
Dars qilmagan, kechikib kirgan, shovqin soladigan, uyga vazifa daftarlarini yoki kitoblarini unutib qoldirgan, bahosini qo‘ydirib rag‘bat olishga ko‘nikkan yoki teskarisi bo‘lgan o‘quvchilar uchun hamda ota-onalarga ba’zi narsalarni eslatma qilib yozish kerak bo‘lganda, ayniqsa, dars jadvali masalasida odatiy kundaliklarning o‘rni sezilyapti. To‘g‘ri, boshlanishida qiyin, lekin keyinchalik iziga tushadi deyish mumkin. Ammo kundalikning o‘rni boshqacha edi. Har qalay mas’uliyat va burchni sezishda katta yordamchi hisoblanardi. Buyuk insonlarning ham qog‘oz kundaligi bo‘lgan, keyinchalik bu juda yaxshi ish bergan, hech bo‘lmasa, xotira sifatida.
Qog‘oz kundalik kerak, uning ham o‘z o‘rni va mavqeyi bor. Mening fikrim shunday, bilmadim, siz qanday fikrdasiz? Munosabatingizni kutib qolaman.
Dilbar NORMURODOVA, Termiz shahridagi 11-maktab o‘qituvchisi