Har bir o‘qituvchiga imtiyoz kerak!
Tiqilinch avtobusda bir o‘qituvchiga duch keldim. Uning o‘qituvchi ekanligini bilib olish qiyin emasdi. O‘tirib, o‘quvchilarining nazorat ishlarini tekshirib ketardi. Qo‘lida qizil ruchka va bir nechta daftar, ko‘zoynagini tez-tez ko‘ziga qadab, o‘quvchilar ishidan norozi qiyofada, achingannamo xatolarni zarda bilan tuzatardi.
Daftarlarning “lolazor”ga aylanayotganidan bilish mumkinki, o‘quvchilar uning faniga e’tiborsiz. Egnida ohori to‘kilgan kostyum-shim, tizzasida urfdan qolgan katta portfel. Yoshi ulug‘ bu pedagogni kuzatib turib, ko‘p narsa xayolimdan o‘tdi. U o‘quvchilarining faniga nisbatan e’tiborsizligi va hafsalasizligidan norozi edi. Demakki, o‘quvchilarning ham unga bo‘lgan munosabatini anglash mushkul emas.
Pedagog, ustoz, erkak o‘qituvchi! Men sizni boshqacha qiyofada ko‘rishni orzu qildim.
Chiroyli, o‘ziga yarashgan kostyum-shimda, o‘z mashinasida viqor bilan o‘tirgan, mashinasining orqa o‘rindig‘iga o‘quvchilarining daftarlari-yu kitoblarni, ko‘rgazmali qurollarni taxlab qo‘yib uyiga ketayotgan baxtiyor, o‘zidan va ishidan mamnun qiyofadagi kishini ko‘rgim keldi. O‘shanda, ehtimol, bugun insonning tashqi ko‘rinishiga qarab baho beradigan jamiyat yoshlari ham sizni ko‘proq hurmat qilib, darslaringizga e’tiborliroq bo‘lardi. Zero, o‘qituvchining o‘quvchilar, ota-ona, mahalla-ko‘yda obro‘-e’tibor qozonishida uning ijtimoiy va iqtisodiy holati ham rol o‘ynaydi.
Keyingi yillarda jamiyatda o‘qituvchining obro‘sini oshirish masalasida ko‘p gapirildi. Bu borada muayyan ishlar ham amalga oshirildi. O‘ylab qarasak, o‘qituvchining nufuzini oshirish bir necha omilga bog‘liq. Xususan, pedagoglarning bilim va saviyasi, malakasini oshirish, madaniyatini kuchaytirish — birlamchi omil bo‘lsa, yana bir muhim omil ularning moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishiga borib taqaladi. Zero, odam mehnatiga yarasha maosh olmasa, maoshiga yarasha mehnat qila boshlaydi. O‘qituvchining qo‘l uchida mehnat qilishi esa ta’lim sifatini izdan chiqarishi bilan birga, jamiyatda muallim nufuzining tushib ketishiga sabab bo‘ladi.
Yodingizda bo‘lsa, bir paytlar o‘qituvchilarga davlat tomonidan ko‘p imtiyozlar mavjud edi. Suv, gaz, elektr ta’minoti, mol-mulk solig‘idan 50 foiz imtiyozli to‘lov qilish huquqiga ega edilar. Har oy yo‘l haqi uchun oylik chiptalar, ehtiyoji bor o‘qituvchilarga yer uchastkalari berilgan. Ammo, bu imtiyozlarning barchasi 2004-yildan keyin bekor qilindi.
Bu yillarga kelib o‘qituvchida hech qanday imtiyoz qolmadi. Kamiga ularni qog‘ozbozlik, majburiy mehnat, majburiy pul to‘lovlari(hatto endi tanilayotgan xonandalarning konsertlari bileti majburiy sotilgani ham yodingizdadir), asossiz tekshiruvlar va hokazolar qiynab kelardi. Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida 2018-yilning 14-avgust kuni “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori imzolandi. Qarorda pedagoglarning nufuzini oshirishga qaratilgan bir qancha imtiyozlar joriy etilishi belgilab berilgan edi. Jumladan, o‘qituvchilarning maoshini oshirish, umumta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan pedagog kadrlarini direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish, hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagog kadrlarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti berish, ta’lim rivojiga munosib hissa qo‘shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan pedagog kadrlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sog‘lomlashtirish, har yili qishloq va shaharlarda namunaviy loyihalar bo‘yicha qurilayotgan arzon uy-joylarning bir qismini xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarga 20 yil muddatga ipoteka krediti sifatida berish, shuningdek, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida pedagog xodimlarning oila a’zolariga issiqxona tashkil etish, qoramol, parranda sotib olish va tadbirkorlik faoliyati uchun 3 yil muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, yillik 7 foiz stavka miqdorida kreditlar berish, avtotransport vositasi sotib olish va boshqa maqsadlar uchun iste’mol kreditlari berishni moliyalashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.
Bugungacha qarorda belgilangan vazifalarning qanchasi amalga oshirildi-yu qanchasiga o‘qituvchilar hamon ko‘z tikib turibdi.
Maoshlar oshirildi, ammo...
Ha, belgilab berilganidek, maoshlar o‘z vaqtida oshirildi va o‘qituvchilar bundan mamnun bo‘lishdi. Ammo tahririyatga hamon ayrim o‘qituvchilardan norozilik tarzidagi maqolalar, maktublar kelib tushyapti.
2018–2019-yillarda maosh oshgani bilan 2019–2020-yilning tayanch o‘quv rejasidagi ayrim fanlardan dars soatlari qisqarganidan ko‘plar norozi bo‘ldi. Sababi, maosh yana ozaydi. Jumladan, filologiya fanlari 11 soat, ijtimoiy fanlar 1 soat, amaliy fanlar 4,5 soatga qisqardi, kasbiy ta’lim va tanlov fanlarga ajratilgan soatlar ham olib tashlandi. Jami 25 soat dars soati qisqardi. Va bu o‘qituvchilarning maoshiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
— Birdaniga bir necha soatlar qisqarib ketdi, undan oldin sinflardagi o‘quvchi sonini ozaytirish kerak edi, — deydi andijonlik o‘qituvchi Aziza Ulug‘bekova (ism-familiyasi o‘zgartirildi). — O‘tgan yili 1 700 000 so‘m oylik olgan boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari bu yil 1 200 000 so‘m atrofida oylik olishyapti. Bundan tashqari, pandemiya tufayli ustama, mukofot pullari to‘lanishi ham to‘xtatildi. Natijada oyliklarimiz juda kamayib ketdi. Maktabimizda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilaridan bir men 1 stavka dars bilan ta’minlanganman. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining darslari doim 1 stavkaga yetmay qoladi. Shuning uchun yaxshi ishlashiga qarab dars taqsimlanadi. Toifam oliy, 35 foiz ustama bilan aprelda 3,5 million oylik olgan bo‘lsam, ustamasiz 2,5 millionga tushib qoldi. Har oy maoshimning 1 millioni kontraktga, 300 ming so‘mi kredit to‘loviga ketadi. Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ichida eng ko‘p maosh olaman. Ammo boshqa ustozlar bunday nomutanosibliklardan xafa. Chunki ko‘p ustozlarga 12-13 soatdan dars tegadi, bu degani bir stavkaga 5-6 soat yetmaydi.
“O‘qituvchilar maoshi oshdi” deb rosa bong urildi, lekin o‘qituvchining darsi bir stavkaga yetmasa maoshi oshganining foydasi bormi?
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisining 1 stavka dars soati(agar u oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchi bo‘lsa) 1 900 363 so‘m, agar o‘qituvchi toifasini oshirishga erishsa bu raqamlar o‘sib boradi va oliy toifali boshlang‘ch sinf o‘qituvchisi 2 614 844 so‘m olishga muvaffaq bo‘ladi. Bunga yetish uchun esa o‘qituvchi tinimsiz o‘z ustida ishlashi, attestatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tishi, va albatta, maktabda kam sonli boshlang‘ich sinf o‘qituvchisiga nasib qiladigan 1 stavka darsni olishga erishishi kerak. Shunday qilib, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari qisqargan dars soatlari hisobidan 0,75 stavkada qolishdi. Maqolani tayyorlash jarayonida ko‘plab boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining stavkani kamaytirish yoki atrofimizdagi olam, odobnoma, texnologiya, tarbiya kabi fanlarni ham sinf rahbarining o‘ziga berishlari kerakligi haqidagi fikrlarini eshitdik.
Darslarning qisqarishi ona tili va adabiyot o‘qituvchisiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
— Yangi tayanch o‘quv rejasida filologiya fanlari 5-sinflarda 9 soatdan 6 soatga, 6-sinfda 7 soatdan 5 soatga, 8–9-sinfda 5 soatdan 4 soatga, 10–11-sinfda 4 soatdan 3 soatga qisqardi, — deydi samarqandlik o‘qituvchi Gulrux Abdumalikova. — Bu sezilarli o‘zgarish. Avval 18—20 soat dars o‘tib 2,5–3 million so‘m atrofida oylik olgan o‘qituvchilar bu yil bilim va tajribasi yetarli bo‘lishiga qaramay 14-15 soat dars bilan ta’minlanishdi. Endi oylik 2 million so‘m atrofida bo‘ladi. Bu maoshga hammayam ro‘zg‘or tebrata olmaydi. Bozorda olibsotarlik qilayotganlar ham 3, 4 baravar ko‘proq daromad topishadi. Shuncha o‘qib, tinimsiz ishlab o‘qituvchi yana 15 soat dars va 2 millionga yetar-yetmas maosh bilan qolyapti.
Farmon ijrosi nega to‘xtab qoldi?
2–2.5 million so‘m maosh olayotgan o‘qituvchilarning oilasida ham shartnoma asosida ta’lim olayotgan farzandlar bor. Uy-joy va boshqa mulklarga ehtiyoj bor. Shunday ekan, o‘tgan yili maosh oshgani bilan bu yil darslar qisqargani hisobiga maoshning sezilarli darajada pasaygani ko‘plab o‘qituvchilarning turmush darajasi yana tushishiga, ish faoliyatiga sovuqqonlik bilan qarashi va malakali ustozlarning yana maktabdan ketishiga sabab bo‘ladi.
Yuqorida ta’kidlaganimiz Prezident qarorida ko‘rsatilgan uy-joy va avtomashinalar uchun imtiyozli kreditlar qachon berilishi haqida esa tahririyatimizga o‘qituvchilardan juda ko‘plab savollar kelib tushadi. Afsuski, bu savollarning javobi hozircha mavhumligicha qolmoqda.
Aytib o‘tish joizki, 2019-yili O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “UzAvto Motors” kompaniyasi imtiyozli shartlar asosida o‘qituvchilarga avtomobil sotib olish imkoniyatini berdi. Ushbu aksiya doirasida 6 325 nafar Xalq ta’limi vazirligi tizimi o‘qituvchilari avtomashina sotib olishdi. Shuningdek, respublika fan olimpiadasi va xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni tayyorlagan o‘qituvchilar va “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘oliblariga katta miqdorda pul mukofotlari berildi. Ushbu berilgan imtiyozlar e’tirof etishga arzigulik, ammo mamlakatda
10 008 ta umumta’lim maktabi bor va ularda 444788 nafar o‘qituvchi faoliyat yurityapti. Ularning hammasi ham ushbu aksiyalarda qatnashishga da’vogar, ammo bu imtiyoz ko‘pming sonlik talabgorlarga kamlik qiladi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Bir vaqtlar gaz, suv, elektrga imtiyozli to‘lovlar kabi har bir muallim foydalana oladigan imtiyozlar qachon tiklanadi? Harbiylarning farzandlariga OTMga kirish uchun yaratilgan qo‘shimcha kvotalar o‘qituvchilarning farzandlari uchun ham yaratilsa, pedagoglarga ta’til davrida sanatoriylarga, shifoxonalarga chegirma bilan yo‘llanmalar berilsa(ularning sog‘lom va tetik bo‘lishi ta’lim sifatini ta’minlaydi) va yana shu kabi qo‘shimcha imkoniyatlar, imtiyozlar yo‘lga qo‘yilsa maktabda malakali, o‘ziga ishongan, bilimli pedagoglarni ushlab qolish rahbarlarga yanada oson bo‘lardi. Pedagog ham o‘zi sevgan va ro‘zg‘ori, farzandlari kelajagi uchun foyda keltirayotgan kasbida yanada o‘sishga, ishdagi o‘rni, mavqeyini saqlab qolishga intilib samarali faoliyat ko‘rsatardi.
Qachon qaramang, o‘qituvchi ta’tilga chiqib ham sinf va maktab ta’miri-yu jihozlanishi va boshqa mayda-chuyda ishlarga yelib-yugurayotganini ko‘ramiz. Nega ular bu ishlarni tegishli mas’ullarga tashlab, sog‘lomlashtirish oromgohlari, sanatoriylarga borib hordiq chiqara olmaydi? (Chet ellarga sayohatni-ku gapirmasak ham bo‘ladi!)
— 26 yillik ish stajiga egaman, shu yillar davomida bir marta sanatoriyda dam olishga erishdim, — deydi biz bilan suhbatda bo‘lgan andijonlik muallima. — O‘qituvchilarning barchasi yoz oylari ta’tilga chiqadi. Shu vaqtda sanatoriy uchun yo‘llanmaga navbat xaddan tashqari ko‘p bo‘ladi. Uni ham eplagan oladi. Hammaga ham nasib qilmaydi.
Erkak o‘qituvchilar hamon oz
Ta’lim islohotlari avvalida o‘qituvchining jamiyatdagi obro‘sini oshirish masalasi turgan bo‘lsa, shu orqali maktablarga erkak o‘qituvchilarni qaytarish ham birlamchi maqsadlardan biri edi. Ammo raqamlarga e’tibor bersak, bu maqsadga ham to‘la erishilmaganini ko‘rish mumkin. 2016–2017-o‘quv yillarida umumta’lim maktablarida 148 695 nafar erkak o‘qituvchi ishlagan bo‘lsa, 2017–2018-o‘quv yilida bu miqdor 120 336 nafarga kamayib ketdi. 2018–2019-o‘quv yilida maoshlar oshirilishi va o‘qituvchining majburiy mehnatlardan ozod etilishi kabi islohotlar natijasida maktablarda erkak o‘qituvchilar soni ortayotgani ta’kidlandi. Ammo bu ko‘rsatkich bor yo‘g‘i 131 253 nafarga yetdi xolos (2016-2017-o‘quv yilidagi ko‘rsatkichga ham erishilmadi).
Xo‘sh, bugun erkak o‘qituvchilarning maktabga qaytishi yoki maktabda qolishi uchun nima qilishi kerak? (Qavs ichida aytib olishim o‘rinliki, bu savolni berib, hatto ayrim erkak o‘qituvchilardan “Nega yaramizga tuz sepding” degan dakkilarni ham eshitib oldim).
— Bozor iqtisodiyoti sharoitida istasak, istamasak shaxsning jamiyatda tutgan mavqeyi uning daromadiga proporsional bo‘ladi, — deydi Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 21-maktab o‘qituvchisi Iskandar G‘ozixo‘jayev. — Ko‘p hollarda erkak ustozlar farzandlari ota kasbini egallashini xohlamasliklariga guvoh bo‘lganmiz. Ularning bunday fikrlashiga yetarlicha asos bor. Avvalo, maoshning erkak kishi uchun pastligi, hech qanday imtiyozlarning yo‘qligi, kuchli ijtimoiy himoyaga ega emasligi. Axir o‘qituvchi mamlakatimizda ming xil imtiyoz-u otning kallasidek oylik oladigan soha vakillaridan yuz chandon foydali ish qiladi-ku. Muhokamada bo‘lib turgan Prezident farmoni loyihasiga quyidagi takliflarni barcha erkak ustozlar nomidan bildirib o‘tsam nojoiz bo‘lmas:
– erkak o‘qituvchilar nafaqaga chiqish yoshini 55 yoshgacha tushurish;
– erkak ustozlar uchun imtiyozli, eng past foiz stavkada avtomobil hamda uy-joy uchun ipoteka kreditlari ajratish;
– soliq, kommunal to‘lovlar uchun 50 foiz chegirma berish;
– ko‘p farzandli erkak o‘qituvchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun qo‘shimcha kvotalar ajratish;
– yangi ishga qabul qilingan mutaxassis o‘qituvchining oylik maoshini eng kam ish haqi miqdorining 10 barobariga ko‘tarish.
Yana ko‘proq talab va takliflarni bildirish mumkin, sababi yuqoridagi imtiyozlardan ham ko‘prog‘iga ega bo‘lgan soha vakillari bor. Ularga topilgan imkoniyat o‘qituvchilar uchun ham malolsiz topiladi. Ammo shuning o‘zi ham erkak ustozlarning ta’limga qaytishi, ularning nufuzuni oshirishi, farzandlari ular bilan faxrlanishi uchun yetarli bo‘ladi nazarimda.
Bu mavzuda qancha fikrlashsak ham oz. Zero, Prezidentimiz takidlaganidek, jamiyatdagi eng hurmatli zot — o‘qituvchi bo‘lar ekan, uning yashash tarzi, imtiyozlari, o‘zidan va ishidan mamnunligi ham shunga yarasha yuksak bo‘lishi kerak. Shu kunlarda davlatimiz rahbarining “Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi keng jamoatchilik tomonidan muhokama etilmoqda. Umid qilamizki, ushbu farmonda o‘qituvchilar turmush darajasini oshirish masalasiga ham e’tibor qaratiladi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri