Uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni ta’minlash
Ta’lim sohasi mamlakat taraqqiyotining strategik yo‘nalishi hisoblanadi. Joriy yilning 23-sentabrida “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni tasdiqlandi. Qonunda maktabgacha ta’limdan boshlab, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, maktabdan tashqari ta’limning uzviyligini, mazmun jihatdan ketma-ketligini ta’minlashga alohida ahamiyat berilgan. Ta’lim dasturlarini mazmunan uzluksiz va uzviylik tamoyili asosida tayyorlashga erishsak, mutaxassis kadrlar tayyorlashda ta’lim sifatiga ijobiy ta’sir qiladigan pedagogik tizimni joriy eta olamiz.
Uzluksiz ta’lim tizimi sifatini ta’minlashda bir qancha muammoli masalalar mavjudligini ko‘rish mumkin. Jumladan:
• Nima uchun maktabning birinchi sinfiga borgan bola darslarga moslashish va fan dasturida berilgan mavzularni o‘zlashtirishda qiynaladi?
• Nega boshlang‘ich ta’limda yaxshi baholarga o‘qigan bola yuqori sinflarda o‘qishi pasayib ketadi?
• Nima uchun o‘quvchi kasb tanlashda mustaqil tanlovni amalga oshira olmaydi?
• Nega oliy ta’limni tugatganlar kasbiy faoliyatga tezkor kirishib keta olmaydi? Bu kabi savollarning javobi sifatida uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikning ta’minlanmaganligini ko‘rsatish mumkin.
Uzluksiz ta’lim tizimida fan dasturlarining uzviyligi ta’minlanmaganligi ta’lim sifati va samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, ta’lim turlariaro mavzularning takrorlanishi, ayrim mavzularga haddan ziyod ko‘p soatning ajratilgani, fan mazmuni deyarli nazariy ma’lumotlarga asoslanganligi hamda xalqaro tadqiqotlar singdirilmaganligi kabi muammolar mavjud. Ta’lim bosqichlari mazmuni tahlilida 10–15 foiz mavzularning takror berilayotganligi, 50–60 foiz mavzularda uzviylik ta’minlanmaganligi tahlillarda ko‘rindi.
Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari o‘z ta’lim obyektlari bo‘yicha me’yoriy hujjatlar tayyorlash jarayonida bir qancha ijobiy natijalarga erishgan bo‘lsalar-da, ammo uzluksiz ta’lim tizimida uzviylik yetarlicha ta’minlanmay kelmoqda.
Oldimizda ta’lim mazmunini belgilashga xizmat qiluvchi, uzluksiz ta’lim tizimining me’yoriy hujjatlari, o‘quv dasturlarining uzviyligini tahlil qilish, ularning har bir fan bo‘yicha bosqichlar orasida takroriyligining oldini olish bo‘yicha ishlar hamda uzviyligi ta’minlangan fan dasturlari asosida darsliklar mazmunini ham muvofiqlashtirish kabi dolzarb vazifalar turibdi.
Prezidentimiz “Maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamalari va fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga moslashtirish, darslik va adabiyotlar sifatini oshirish zarurligi” hamda “Oliy ta’lim standartlari xorijiy tajriba asosida takomillashtirilishi, ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitiladigan fanlar qayta ko‘rib chiqilishi zururligi hamda mutaxassislikka aloqasi bo‘lmagan fanlar sonini 2 barobarga qisqartirish” to‘g‘risida aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Ushbu topshiriqlar asosida Prezident Administratsiyasi tomonidan har bir ta’lim tizimi oldida turgan dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda 2020-yilda ta’lim sohasida islohotlarni jadallashtirish bo‘yicha kompleks “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Mazkur “Yo‘l xaritasi”ning 3-bandida “Fan dasturlarining mazmun-mohiyati, mavzularning mantiqiy ketma-ketligi va uzviyligini ta’minlash hamda o‘quvchi va talabalarda shakllanishi zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalar darajasini aniq belgilash” vazifasi belgilanib, ma’sul ijrochilar sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari belgilangan. Idoralararo ushbu masala bo‘yicha yig‘ilish va seminarlar tashkil etilib, ishchi guruhlar shakllantirildi. O‘rganishlar natijasida uzluksiz ta’lim tizimida uzviylikni ta’minlash borasida quyidagi muammolar borligi aniqlandi:
• mavzular takrorlanishi — uzluksiz ta’lim turlariaro bosqichlarida mavzularning aynan yoki mazmunan takrorlanishining mavjudligi;
• ayrim mavzularga soat hajmining ko‘pligi — ta’lim bosqichlarida ayrim mavzularga ortiqcha vaqt ajratilganligi. Ayniqsa, nazariy mashg‘ulotlarga ko‘p vaqt ajratilgan;
• vaqtning besamar sarflanishi — takrorlanish va ortiqcha vaqt evaziga o‘qituvchi va o‘quvchining vaqti besamar sarflanishi;
• uzviylikning yo‘qligi — uzluksiz ta’lim turlariaro fan xususiyatidan kelib chiqqan holda obyekt va subyekt tanlovi va mazmunida nomutanosibliklar mavjud va h.k.
Muammolarni bartaraf etish maqsadida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari ekspertlari, umumiy o‘rta ta’limda dars beriladigan 21 ta fan asosida ishchi guruhlarga har bir ta’lim turidan me’yoriy hujjatlarni biladigan yetuk olimlar 19 ta ishchi guruhlarga 300 dan ortiq ekspertlar sifatida biriktirildi. Dastlab ishchi guruhlarga amalga oshiriladgan ishlar mazmuni va ketma-ketligi tushuntirildi. Har bir ishchi guruhdan o‘zlariga biriktirilgan fan kesimida uzluksiz ta’lim tizimida fan rivojlanishi konsepsiyasini yaratish, ta’lim turlariaro mavzular takrorlanishining oldini olish, uzviyligini ta’minlash maqsadida mavzularni vertikal va gorizontal tarzda tahlil qilish, tahlillar natijasida uzviyligi ta’minlangan fan dasturlari tayyorlash vazifasi yuklatildi. Hozir fan konsepsiya loyihalari tayyorlangan bo‘lib, uzluksiz.tdi.uz portalida pedagoglarning keng doiradagi muhokamalariga qo‘yilgan. Portalning to‘liq nomi “Fanlar uzviyligi muhokama portali” bo‘lib, unda 19 ta fan tizimi kesimida, jumladan: “Ona tili ta’limini rivojlantirish tizimi”, “O‘zbek tili savodxonligini rivojlantirish tizimi”, “Rus tili ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Rus tili (o‘zga tillilar uchun) ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Texnologik ta’limni rivojlantirish tizimi”, “Matematika ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Fizika ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Kimyo ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Biologiya ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Jismoniy tarbiya ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Xorijiy til savodxonligini rivojlantirish tizimi”, “Tarix ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Huquq ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Tarbiyalash odobini rivojlantirish tizimi”, “Informatika ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Geografiya ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Musiqa ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Tasviriy san’at va chizmachilik ta’limini rivojlantirish tizimi”, “Harbiy ta’limni rivojlantirish tizimi” ko‘rinishida konsepsiyalar muhokamaga qo‘yilgan. Xuddi shunday qiyosiy jadvallar va fan dasturlari ham ushbu portalga muhokamaga qo‘yiladi.
Muhokamalar natijasida masalan “Ona tili” ta’limining uzviy konsepsiyasini ishlashda quyidagi nomutanosibliklar borligi aniqlandi. Jumladan, o‘quvchilarning yosh va individual xususiyatlari hisobga olingan holda murakkab deb hisoblangan mavzular yuqori sinflarga o‘tkazilishi tavsiya qilindi. Jumladan: 5-sinfdan 6-sinfga so‘z turkumlari, fe’l so‘z turkumi, fe’l zamonlari, ot so‘z turkumi, egalik va kelishik qo‘shimchalari, sifat, son so‘z turkumi va ularning imlosi, olmosh so‘z turkumi mavzulari;
6-sinfdan 7-sinfga yordamchi so‘zlar, bog‘lovchi, ko‘makchi, yuklama, undov va taqlid so‘zlar mavzulari;
7-sinfdan 8-sinfga gap, gapda so‘zlarning bog‘lanishi, so‘z birikmasi, gapning ifoda maqsadiga ko‘ra turlari, gap bo‘laklari, kesim, ega, hol, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, undalma va unda tinish belgisining ishlatilishi mavzulari.
Shuningdek, “Texnologiya” fani dasturining uzluksiz ta’lim dasturlari bilan qiyosiy tahlili natijasida quyidagi nomutasibliklar aniqlandi:
• Maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limda takrorlangan mavzular — 4 ta;
• Umumiy o‘rta ta’lim hamda oliy ta’limda fan kesimlarida tahlillar natijasida takrorlangan mavzular — 9 ta;
• Umumiy o‘rta ta’lim hamda oliy ta’limda fan kesimlarida tahlillar natijasida mos kelmaydigan mavzular — 55 ta;
• Oliy ta’limdagi 4 ta fan bo‘yicha texnologiya faniga mavzular qisman mos keladi.
Xuddi shu kabi muammolar uzluksiz ta’lim tizimida barcha fanlardan uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash muhim ekanligini anglatadi. Uzluksiz ta’lim tizimidagi nomutanosibliklar, uzluksizlik va uzviylikning ta’minlanmaganligi, ta’lim turlariaro mazmunni shakllantirishda izchillik va tizimlilikning mavjud emasligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida ishchi guruh tomonidan quyidagi natijalarga erishish maqsad qilingan:
— ta’limning har bir bosqichi yakunida XXI asr ko‘nikmalariga ega bo‘ladigan bitiruvchilarga qo‘yiladigan malaka talablarini shakllantirish;
— maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha mantiqiy, tanqidiy fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantiruvchi va soddalashtirilgan hamda uzviyligi ta’minlangan o‘quv dasturlari, darsliklar, raqamli resurslar yaratish;
— o‘quv dasturlariga xalqaro tadqiqotlar (PISA, PIRLS, TIMSS kabi) savollarining mazmun-mohiyatini singdirish, o‘quvchi, talabalar, o‘qituvchilar uchun aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlari, qo‘llanmalar va darsliklar, metodikalarni bosqichma-bosqich xalqaro talablarga qarab takomillashtirib borish;
— o‘qituvchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlari va O‘MMni modernizatsiya qilish.
Vazifalarni amalga oshirishda jahon ta’lim tizimida ta’lim turlariaro uzluksizlik va uzviylikni ta’minlash bo‘yicha tadqiqotlar olib borayotgan xorijiy ta’lim tashkilotlarining ham tajribalari o‘rganilmoqda. Jumladan, Carl Wieman Science Education Initiative (CWSEI) loyihasida (Britaniya Kolumbiyasi), ta’lim samaradorligini oshirish mexanizmlarini takomilashtirish bo‘yicha tadqiqotlar Purdue Universityda (AQSh) va JCM International Management Engineering Instituteda (Xitoy) hamda interaktiv ta’limni amalga oshirish bo‘yicha tadqiqotlar BMTning International Institute for Sustainabie Development (IISD) kabi dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlarida olib borilmoqda.
Har bir fandan ishchi guruh a’zolari bugungi kunda amalda foydalanib kelinayotgan va yangilanayotgan o‘quv reja va dasturlarini tahlil qilib, pedagoglar va ota-onalar o‘rtasida onlayn so‘rovnomalar o‘tkazish orqali tanqidiy tahlil qilish va takliflar tayyorlashni boshlashgan.
Ushbu tahlillar hamda muammolarning bartaraf etilishi quyidagi natijalarni beradi:
• uzluksiz ta’lim tizimida fan dasturlarining mazmun mohiyati, mavzularning mantiqiy ketma-ketligi va uzviyligini ta’minlashda tayyorlanadigan me’yoriy xujjatlarda uzviylik ta’minlanadi;
• konsepsiya — uzluksiz ta’lim tizimida fanlar kesimida konsepsiyalar ishlab chiqiladi. Bunda ta’lim turlariaro fanning mazmunan va mohiyatan uzluksizlik va uzviyligini ta’minlash asoslari yoritiladi;
• qiyosiy jadval — fanlar kesimida barcha ta’lim turlarida o‘tiladigan mavzular bo‘yicha qiyosiy tahlil qilinadi. Bunda mavzular takrorlanishi, nazariy mavzularning salmog‘i, nazorat materiallarining xorijiy tadqiqotlarga asoslanganligi, soddadan murakkabga tomon tamoyiliga asoslanganligi o‘rganiladi. Fan dasturlarini shakllantirish uchun taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi;
• fan dasturlari — uzluksiz ta’lim turlarining har bir bosqichida o‘tiladigan mashg‘ulotlarning uzviylashgan fan dasturlari ishlab chiqiladi. Fan dasturlarini ishlab chiqishda uzviylik, uzluksizlik mantiqiy ketma-ketlik, izchillik va tizimlilikka e’tibor beriladi.
Amalga oshirilgan ishlar samarasi sifatida quyidagi tashkiliy vazifalar bajariladi:
• tashkiliy darajada – fanlar kesimida ta’lim turlariaro ishchi guruhlar shakllantiriladi, barcha fanlardan konsepsiya, qiyosiy jadval, fan dasturlari ishlab chiqiladi hamda ta’lim natijalari muvofiqligini ta’minlash uslubi ishlab chiqiladi va treninglar o‘tkaziladi;
• mazmunli darajada – fanlar kesimida mavzular soddadan murakkabga tamoyili asosida shakllantiriladi, xalqaro tadqiqotlar fan dasturlariga kiritiladi, mavzular takrorlanishi bartaraf etiladi, amaliy mashg‘ulotlar hajmi ko‘paytiriladi;
• sifat darajada – mantiqiy fikrlash va qiziqish o‘sadi, kompetensiyalar rivojlanadi, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik takomillashtiriladi, ta’lim oluvchi va beruvchilar o‘zaro integratsiyalashgan pedagogik-metodik muhit shakllanadi;
• natijaviylik darajada – uzluksiz ta’lim turlariaro me’yoriy hujjatlar tizimlashtiriladi, fanlar mazmuni izchilligiga erishiladi, ta’lim jarayoni innovatsion tarzda muvofiqlashtiriladi.
Uzluksiz ta’lim tizimida fan konsepsiyalari, qiyosiy jadvallar, uzviyligi ta’minlangan fan dasturlari muhokama qilish portaliga joylashtiriladi. Muhokamalar natijasida takomillashtirishga qaratilgan takliflar asosida o‘zgartirishlar kiritiladi. Uzviylashtirilgan fan dasturlari asosida darsliklar mazmuni uzviyligi ta’minlanadi.
Odil QO‘YSINOV, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari,
pedagogika fanlari doktori (DSc), dotsent
Fursatdan foydalanib e’lon: Hurmatli uzluksiz ta’lim tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan fidoyi ustoz-murabbiylar va mas’ullar. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamkorligida fan dasturlari uzluksizligi va uzviyligini ta’minlash maqsadida uzluksiz ta’lim tizimi uchun 21 fan bo‘yicha konsepsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur konsepsiyalarni yanada takomillashtirish hamda mazkur masalada soha mutaxassislarining taklif va mulohazalarini o‘rganish maqsadida maxsus muhokamalar portali ishga tushirildi. www.uzviylik.tdi.uz saytiga kirish orqali siz konsepsiyalar bilan tanishib, o‘z fikr va mulohazalaringizni qoldirishingiz mumkin. Siz tomondan bildiriladigan takliflar fan-ta’lim tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Buning uchun quyidagi bosqichlarni amalga oshirishingiz lozim bo‘ladi:
a) www.uzviylik.tdi.uz havolasi orqali muhokamalar portaliga o‘tasiz;
b) sohangizga doir fan bo‘yicha tuzilgan konsepsiya bilan tanishib chiqasiz;
d) konsepsiyaning ostida joylashgan maxsus blokka ism-familiyangizni kiritib, taklif va mulohazalaringizni qoldirasiz;
e) yakunda rasmda ko‘rsatilgan maxsus kodni kiritib, “jo‘natish” tugmasini bosasiz.