Bolalarimiz rus tilini o‘rganishga majbur emas!
Tilimizni rivojlantirish, jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash haqida juda ko‘p fikrlar bildirilmoqda, davlat idoralari, tashkilot va muassasalarda ona tili rivojini ta’minlashga xizmat qilishi lozim bo‘lgan mas’ullar faoliyat boshladi. Ammo...
Sentabr boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda bir xabar o‘qidim. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi hamda Rossiya Federatsiyasi Ta’lim vazirligi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi maktablarida rus tili fanini va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitish sifatini oshirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolanibdi. O‘zbek tili bayrami arafasida A.Avloniy nomidagi XTXQTMOI va I.A Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti tomonidan (ta’lim o‘zbek tilida olib boriladigan maktablardagi) rus tili o‘qituvchilarining kasbiy ehtiyojlarini o‘rganish maqsadida so‘rovnoma ham o‘tkazildi.
Mustaqillkkacha bo‘lgan davrni-ku qo‘ya turaylik, mustaqillikdan keyin ham ona tili o‘qituvchisining kasbiy ehtiyojlari bilan birov qiziqdimi, hozir qiziqyaptimi? Nega o‘qituvchilar saviyasi uchun javobgar malaka oshirish instituti rus tilining o‘qitilish holatidan tashvishlanyapti-yu, ona tili ta’limi haqida yoki jamiyat taraqqiyoti, iqtisodi uchun zarur bo‘lgan aniq va tabiiy fanlar haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi?..
Bolalik paytlarimiz noyabr-dekabr oylarida ham sovuqda diydirab, qorong‘i aralash paxta terimidan qaytardik. Qishlog‘imizdagi bolalar bog‘chasi peshtoqida “Hamma yaxshi narsalar bolalarga”, degan shior osilib turardi. Har safar shu shiorni o‘qirkanman, xuddi o‘sha yaxshi narsalarni qo‘limga olgandek o‘zimda yo‘q quvonib ketardim. Aslida buning aksi ekanini anglamaganmiz. Hozir tilimizning ahvoli shunday.
Umuman, o‘zi rus tili respublikamizda qanday til sifatida o‘qitiladi? Aytaylik, o‘zbek tili ona tilimiz bo‘lgani uchun alohida fan sifatida o‘rgatiladi. Ingliz yoki fransuz yoki nemis tili chet tili sifatida o‘qitiladi. E’tibor bering, ingliz va fransuz demadim, ingliz yoki fransuz dedim. Aniqrog‘i, chet tili degan fan tarkibida maktablarimizda chet tillardan biri ixtiyoriy tanlov asosida o‘rganiladi. O‘quvchi o‘z ixtiyori bilan ingliz, fransuz yoki nemis tilini tanlash imkoniga ega. Sinf ikkiga ajratilib, yarmi ingliz, yarmi fransuz tilini o‘rganishi ham mumkin. Qolaversa, bu tillar orqali dunyo bilan tanishish imkoniga ega bo‘lamiz. Xo‘sh, rus tili o‘zbek maktablarida qanaqa til sifatida o‘qitilmoqda? Ona tili emas, desam, siz ham fikrimga qarshi chiqmasangiz kerak. Demak, chet tili sifatida degan javob ustida to‘xtaymiz. Xo‘p, chet tili bo‘lsa, nega chet tili soatlari hisobidan emas, alohida soatlar ajratilib, yana imtiyozli holda ikki guruhga bo‘lib ommaviy o‘qitilmoqda, ya’ni hamma bolalar rus tilini o‘rganishga majbur. Rus tili-
ning boshqa chet tillaridan qanday ustun tomoni borki, biz o‘z ona tilimizga bermagan imtiyozni rus tiliga berib qo‘yibmiz?
Ona tili darslari 30–35 o‘quvchi bilan savodxonlik, og‘zaki va yozma nutq o‘stirish, mustaqil fikrlashga o‘rgatish, grammatik bilimlarni singdirish kabi bir qancha talablar qo‘yilgan holda, rus tili darslari esa 15-16 o‘quvchi bilan tashkil etiladi. Hali sifat haqida gapirmadik. Bugungi kunda maktablarda ona tili darslari, natija bermadi, degan sabab bilan qisqartirildi. Lekin natija berishi uchun ona tili o‘qituvchilariga qanday yordam ko‘rsatildi? Quruq grammatik qoidalardan iborat darslikni o‘qitayotgan, biri bog‘dan, biri tog‘dan olingan gaplar tizmasidan tizilgan mashqlarni ko‘chirtirish asosiga qurilgan ona tili darslaridan yana nima kutgan edingiz? Iltimos, bizga qanday o‘qitishni emas, nimani o‘qitishni aniqlab bering.
Xo‘sh, rus tili darslari-chi? Bo‘lib o‘qitilayotgan rus tili darslarining samarasi qanday? Maktabda 11 yil rus tili o‘rgatilgan o‘quvchilarimiz oddiygina sodda muloqotga ham qodir emas-ku. Lekin negadir rus tili darslari olib tashlanmaydi, soatlar kamaytirilmaydi. Bitiruvchilarning necha foizi oliy ta’limga qamrab olinadi? Umuman, o‘zbek bolalarining qanchasiga rus tili hayotiy ehtiyoj uchun kerak? Aksariyati mehnat bozorida band bo‘layotgan butun O‘zbekiston bolalariga 11 yil rus tilini majburan o‘qitish qanchalik to‘g‘ri? Butun dunyoni pandemiya titratib turgan, yer yuzida ilm-fan taraqqiyoti borasida kurash ketayotgan bir davrda rus tilini o‘rganish o‘zbek bolasi uchun hayot-mamot masalasi emas-ku. Sarflanayotgan milliardlarni biologiya, kimyo, matematika, fizika kabi fanlarni chuqurroq o‘rgatishga, ortib qolsa, o‘z ona tilimiz rivojiga sarflashimiz muhimroq emasmi? Rus tili hayotida kerak bo‘lgan shaxs kurslarga borib, tilni bir necha oyda o‘rganib olmoqda. Hech kim maktab bergan ruscha ta’lim bilan dunyoga chiqib ketolgani yo‘q.
Taklifim: umumta’lim maktablari tayanch o‘quv rejasidan rus tili degan alohida fan chiqarilsin. Rus tili chet tili sifatida, jahon tili sifatida baholanadigan bo‘lsa va juda o‘rganmasak bo‘lmasa, marhamat qilib, boshqa chet tillari qatori, ingliz, fransuz tillaridan ustun qo‘yilmagan holda, ularga ajratilgan soatlar hisobidan o‘qitilsin. Sinflar ingliz–ingliz, ingliz–fransuz, ingliz–rus, fransuz–fransuz, rus–rus shaklida o‘quvchilar xohishi asosida bo‘linib o‘tilsin. Hech bir o‘zbek bolasi rus tilini o‘rganishga majbur emas.
Ona tilimizga bermagan imtiyozni rus tiliga berishga o‘zbek sifatida ma’naviy haqqimiz yo‘q.
Rus tiliga hech qanday xusumatim yo‘q. Qolaversa, rus tili ifoda nozikligi, go‘zalligi bilan meni maftun etadi. Maktab partasida yodlagan o‘nlab ruscha she’rlarni hamon o‘quvchilarimga, farzandlarimga aytib beraman. Faqat bir narsa ko‘nglimni og‘ritadi — bugun farzandlarimiz ona tili o‘qituvchisi bo‘lishdan ko‘ra rus tili ustozi bo‘lishni afzal ko‘rishmoqda. Bu millat uchun fojia emasmi? Sababi ayon: birinchidan, 2 soat darsi 4 soatga aylanadi, qolaversa, 30 bolaga saboq berishdan ko‘ra 15 o‘quvchi bilan yuzlashmoq oson.
O‘z qadrimizni o‘zimiz ko‘taraylik, ona tilimizni o‘zga tillar soyasida qoldirish avlodlar uchun xiyonatdir. Ona tilimizga shunday bir martaba, o‘rin beraylikki, boshqa tillar o‘z haddini, o‘rnining qayerdaligini bilsin!
Gavhar USMONOVA, Narpay tumanidagi 64-maktab o‘qituvchisi