Tarix darsliklaridagi chalkashliklar
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-qarori yuzasidan mamlakatimiz o‘qituvchilari o‘zlarining fikr-mulohazalarini bildirib, “Ma’rifat”da chiqishlar qilmoqda, gazetaning 2020-yil 8-yanvardagi 2-sonida O‘zbekiston tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi O.Mavlonovning “Har bir talab bo‘yicha bir savol” maqolasi menga ma’qul bo‘ldi. Chunki unda har bir o‘qituvchi ko‘nglidagi gap aytilgan edi. Shularga yana qo‘shimcha sifatida aytmoqchi bo‘lgan fikrlarim quyidagicha:
1. O‘qituvchilik stajiga qo‘yiladigan ballarning eng yuqorisi 16 yillik staj uchun belgilangan, ammo 20–25 yillik stajga ega bo‘lganlarning tajribasi, malakasi 16 yil stajga ega bo‘lganlardan ham yuqoriroq bo‘ladi.
Ikkinchidan, o‘qituvchi ish tajribasini maktab, tuman, viloyat, respublika miqyosida ommalashtirish bu har yili ham bo‘lavermaydi-ku, bir marta ommalashtirilsa, keyingi yillarda unga ball berilmaydimi?
Uchinchidan, deylik o‘qituvchi shaharda yashab, qishloq maktabiga transportda qatnab ishlaydi. Endi uning o‘zi yashayotgan mahallasida o‘zini tutishi haqida maktab o‘quvchilarining ota-onalari qanday fikr bildira olishar ekan?
O‘qituvchining ish-faoliyatini baholashda o‘quvchilar bilimining sifat darajasi ham katta rol o‘ynaydi. Ammo ba’zan shunday narsalar ham bo‘ladiki, bu ta’lim sifatiga, o‘quvchilarning OTMga kirish imtihonlariga tayyorlanishida chalkashliklarga olib kelmoqda. Darsliklarda bir xil ma’lumotlarning turlicha, bir sinfda unday, boshqasida bunday yozilishini nazarda tutmoqdaman:
1) 5-sinf “Tarixdan hikoyalar” darsligi 146-betida “Shomahmudovlar oilasi turli millatga mansub 16 nafar bolani farzandlikka oldi” deb yozilgan bo‘lsa, 10-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligida shu mavzuga oid ma’lumotda – kitobning 94-betida “Oddiy temirchi Shomahmudovlar oilasi 15 ta bolani olib tarbiyalaganlar” deb yozilgan. Bu raqamlarning qaysi biri to‘g‘ri ekan?
2) 8-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligi 81-betida “XVI asrning 70-yillarida Хiva хonligi iqtisodiy inqirozga duchor bo‘ldi. Uning asosiy sabablaridan biri — Amudaryoning o‘zanini o‘zgartirib, Оrol dengizi yo‘nalishida oqa boshlagani edi” deb ma’lumot berilgan. Shunday bo‘lsa XVI asrgacha Amudaryo qayoqqa oqqan? Bunga javobni 7-sinf “O‘zbekiston tarixi” darsligining 49-betidan izlaymiz. Unda shunday deb yozilgan: “Xorazm va Termizda yasalgan qayiqlar Amudaryo bo‘ylab to Orol dengizigacha muttasil mol tashib, savdogarlarning yukini yengil, uzog‘ini yaqin qilgan”. Demak, IX asrlarda ham Amudaryo Orolga oqqanmi yoki XVI asrdan oqa boshlaganmi?
3) Mayli, qayiqlarni qo‘yib turib, yer yuzasi o‘lchovi masalasiga kelsak, 8-sinf darsligining 61-betida bir tanob yer maydoni 8,33 sotixga teng, 1 gektar yer 12 tanobdan iborat deb yozilgan bo‘lsa, 9-sinf darsligining 83-betida 1 tanob yer 2500 kv metrga teng deyilgan. Endi o‘ylang, masalan 9-sinf olimpiadasida 1 tanob qanchaga teng degan savol qo‘yilsa, ancha savollar 8-sinf darsligidan keltirilayotgan bo‘lsa, o‘quvchi qay birini to‘g‘ri deb yozishi kerak?..
4) 8-sinf darsligining 91-betida berilgan “Xiva xonligida davlat boshqaruvi” mavzusida xonlik hududi 23 ta ma’muriy beklikka bo‘lingan. Shundan 20 tasi beklik deb yozilgan, 2 ta noiblik, 9-sinf kitobining 7-betida esa, Xiva xonligi 18 ta beklik, 2 ta noiblikka bo‘lingan deyilgan. OTMga kirish testini topshirayotgan abituriyentning qaysi javobini to‘g‘ri deb topish mumkin? Bular nafaqat o‘quvchilarni, hattoki o‘qituvchilarni ham chalg‘itib qo‘ymoqda.
Oxirgi e’tirozim Ahmad Donish haqida bo‘lib, mustaqillik davrida chop etilgan O‘zbekiston milliy ensiklopediyasining 1-jildida uning tug‘ilgan yili 1826-yil deb berilgan. 9-sinf darsligida esa 1827-yil deb yozilgan. Ana shu kabi bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni ko‘rib, ba’zan o‘ylab ham qolasan kishi: darslik yozayotgan mualliflar boshqa bir manbalarni ham qarab, ularni solishtirib, bir to‘xtamga kelsalar bo‘lmasmikan?! Bunday chalkashliklardan kimga foyda-yu, kimga zarar?
Tohir RASULOV,
Urganch shahri