Yosh o‘qituvchi konspekt yozsin
Gazetaning 19-avgust kungi sonida “O‘qituvchida ish reja va konspekt bo‘lmasa...” maqolasini o‘qib muallif meni ham o‘ylantirayotgan mavzuni qalamga olibdi, deb o‘yladim.
Institutni bitirib, yangi ishga kelgan vaqtim ish reja, konspekt yozish nima uchun kerakligini tushunmasdim. Bu o‘qituvchi uchun ortiqcha ish deb o‘ylardim. Ammo keyin konspekt yozish darsni o‘quvchiga puxta tushuntirishga yordam berishini bildim. Takrorlash bilimning onasi, deyishadi. Fikrimcha, yosh o‘qituvchilar kamida uch yil ish reja va konspekt yozib darsga kirishlari kerak. Masalan, chet tillarni o‘qitishda o‘qituvchi o‘zi konspekt yozib, ko‘p narsalarni o‘rganadi, lug‘at bilan ishlaydi, yozgani xotirasida uzoq vaqt saqlanadi. Bilimni yozuv bilan kishanlanglar, deyishgan. Yosh o‘qituvchi bir kun konspekt yozmay darsga kirsa, o‘sha kuni darsi sifati ham buziladi.
To‘g‘ri, xalq ta’limi tizimida o‘qituvchining ishini osonlashtirish, uni turli hujjatbozliklardan qutqarish uchun amaliy ishlar qilinyapti. Bu maqsadlarga biz ham hayrixohmiz. Ammo konspektni tekshiruvchilar uchun emas, o‘zimiz uchun yozib, darsga tayyorgarlik ko‘rib qo‘ysak, foydadan xoli bo‘lmaydi.
Muallif ta’kidlaganidek, darsda maqsad hamda samaradorlikka erishish, o‘quvchilarga manbaning asosiy joylari va qo‘shimcha materiallarni yetkazib berish uchun konspekt yoziladi. Konspekt 45 daqiqaga mo‘ljallangan dars taqdimoti bo‘lib, 45 daqiqada o‘quvchiga yetkazib beriladigan ma’ruza yoziladi. Konspekt yozish jarayonida o‘qituvchi izlanadi, o‘zi ham faniga oid yangiliklardan xabardor bo‘ladi.
Maktablarda “kunim o‘tsa bo‘ldi” qabilida ishlaydigan o‘qituvchiga konspektsiz darsga kirish taklifi juda yoqqan bo‘lishi mumkin. Ammo o‘quvchiga puxta bilim beraman degan o‘qituvchi o‘zi ham bilimdon, izlanuvchan, yangilikka intiluvchan bo‘lishi kerak.
Hozirgi kunda konspektni kompyuterda yozib, uning xotirasiga saqlab qo‘yish mumkin. Shu tariqa muallimda ma’lumotlar bazasi shakllanadi. Yillar davomida bu bazani yangilab, unga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritib borsa, yildan-yilga shu o‘qituvchida o‘sish seziladi.
Dinara ABDULLAYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 1-IDUMI o‘qituvchisi