Sinf soati e’tibor bilan o‘tilishi zarur!
O‘quvchilarda ma’naviy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizga hurmatni, Vatanga muhabbat hislarini tarbiyalashda, erkin va mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirishda sinf soatlarining ahamiyati katta. Shu bois ushbu mashg‘ulotlarda ham noan’anaviy usullardan foydalanib, darsni qiziqarli tashkil etishga e’tibor qaratish kerak.
Xususan, “Onajonlarga ta’zim” mavzusini tushuntirishda men videolavhadan foydalanaman. Ekranda ona siymosi gavdalanadi va munis qo‘shiq — alla ohista taraladi. O‘quvchilarga quyidagi savollar bilan murojaat qilaman:
— Alla aytilsa, nima uchun go‘dak osuda uyquga ketadi?
— Allada ne sir-u sinoat bor?
— Buvijon va onajonlaringiz allasini eshitib uxlaganmisiz? Ularning allasini nima uchun yoqtirasiz?
Bu savollarga har doim o‘quvchilardan kutilmagan, o‘ziga xos javoblarni olaman. So‘ng o‘zim ularga chuqurroq tushuncha beraman.
— Alla o‘ziga xos qudratga ega. U orqali bildirilgan ulug‘ niyatlar, ezgu tilaklar go‘dakning insofli, diyonatli bo‘lib kamol topishiga hissa qo‘shadi. O‘zbekiston onalar va bolalarni e’zozlaydigan jannatmakon yurtdir. Bu yurtning onalari tamoman boshqacha. O‘zbek ayollari uchun hayotda asosiy maqsad farzandini baxtli-saodatli qilish. Onalar farzandlari yuragiga yoshlikdan millat va vatanga muhabbat urug‘ini sochadi. Yurtiga sadoqatli, jasur, matonatli, halol, diyonatli inson bo‘lib kamol topishini istaydi. Onamiz dunyodagi eng buyuk zotdir. Muborak hadislarda ham onalarga hurmatda bo‘lish ta’kidlanadi. Ona farzandi yuragiga millat va Vatanga muhabbat urug‘ini sochadi.
Shu tarzda sinf soatidagi mavzular o‘quvchilarimizni har tomonlama tarbiyalab boradi. Ularda insoniylik tuyg‘ularini shakllantiradi.
Ra’no AVEZOVA, Qorovulbozor tumanidagi 8-IDUMning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi