Bolani maqsad qo‘yishga o‘rgatadi
“Tarbiya” darsligi Yaponiyaning “Axloq va ta’lim”, Singapurning “Fe’l-atvor va fuqarolik ta’limi”, Britaniyaning “Tafakkur”, “Xulq ta’limi” kabi fan va darsliklarini o‘rganish asosida yaratildi.
Darslikda “Yumshoq ko‘nikmalar” deb nom olgan XXI asr ko‘nikmalari ilk bor joriy qilingan. Bu orqali o‘quvchiga bilim berishdan tashqari ko‘nikmalar ham shakllantiriladi. O‘quv fani 50 foiz nazariya, 50 foiz amaliyotni o‘z ichiga oladi. Amaliyotga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘quvchida faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantiradi. Tarbiya darslarida “role-model”, ya’ni “namuna keltirish” zamonaviy pedagogik metodidan unumli foydalanilgan. Unda milliy va xalqaro darajada yuksak natijalarga erishgan insonlarning yutuqlari tahlil qilinadi, shunday insonlar qatoridan o‘rin olishga o‘quvchida ishtiyoq uyg‘otiladi. Darslikni 2020-2021-o‘quv yilida 1–9-sinflarda, 2021–2022-o‘quv yilida 10–11-sinflarda amaliyotga joriy etish ko‘rsatilgan.
“Tarbiya” dasturidan quyidagilar o‘rin olgan:
1-sinfda o‘quvchi dastlab orzularini aniqlab olishga o‘rgatiladi.
2-sinfda o‘z oldiga maqsad qo‘yish ko‘nikmalari shakllantiriladi.
3-sinfda orzu-umidlarini amalga oshirishga harakat qiladi.
4-sinfda voqea-hodisalarga sog‘lom munosabat bildira oladi, o‘zini shaxs sifatida taniydi.
Shuningdek, “Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi”dan ko‘zlangan maqsad yosh avlodda mustaqil hayot uchun zarur ijtimoiy ko‘nikma va fazilatlarni yoshiga mos, bosqichma-bosqich shakllantirish asosida yuksak fazilatli, barkamol avlodni voyaga yetkazishdan iborat to‘rtta bosqichni qamrab oladi:
— birinchi bosqich: oilalarda (homila davri, bola tug‘ilganidan 3 yoshgacha bo‘lgan davr);
— ikkinchi bosqich: maktabgacha ta’lim 3–6 (7) yoshgacha bo‘lgan;
— uchinchi bosqich: umumiy o‘rta ta’lim 7(6)–10 yoshgacha boshlang‘ich sinf, 11–17 (18) yosh;
— to‘rtinchi bosqich: ishlab chiqarishda faoliyat ko‘rsatayotgan va band bo‘lmagan, shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim tizimidagi yoshlar.
Mazkur fanning ahamiyatli jihati shundaki, u bosqichma-bosqich bolada maqsad qo‘yish va unga intilish ko‘nikmasini shakllantiradi, bola ulg‘aygan sari mustaqil fikrlash, o‘z faoliyatini tahlil qilish, to‘g‘ri qaror qabul qilish kabi ko‘nikmalarga ham ega bo‘lib boradi.
Zaynabjon ABDULLAYEVA, Ellikqal’a tumanidagi 61- maktabning biologiya fani o‘qituvchisi