“Umumiy o‘rta ta’lim tizimida tabiiy fanlardan elektron resurslarini yaratish va ularni tadqiqot qilish muammolari va yechimlari” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi
2020-yilning 25-noyabrida T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida “Umumiy o‘rta ta’lim tizimida tabiiy fanlardan elektron resurslarni yaratish va ularni tadqiqot qilish muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Axborot kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda ta’lim tarbiya jarayonini axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda tashkil etish asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Bunda umumiy o‘rta ta’limda yangidan ochilgan 10-11-sinflarda o‘qishlarni tashkil etish uchun laboratoriya jihozlarining yetishmasligini qisman bartaraf etishda elektron axborot resurslari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu masala ayniqsa butun dunyoni qamrab olgan pandemiya sharoitida yanada dolzarb muammo hisoblanadi.
Yuqorida bayon etilgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot institutida “Umumiy o‘rta ta’lim tizimida tabiiy fanlardan elektron resurslarni yaratish va ularni tadqiqot qilish muammolari va yechimlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Anjumanning maqsadi: Zamonaviy ta’lim samaradorligini oshirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim tizimida tabiiy fanlardan elektron resurslarni yaratish va ularni tadqiqot qilish muammolari va yechimlari bo‘yicha mavjud tajribalarni umumlashtirish va amaliyotga joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish va ularni hayotda qo‘llash.
Anjuman bu sohadagi ishlarni takomillashtirish, shu orqali ta’lim jarayoni sifati va samaradorligini ta’minlash, ta’lim sifatini oshirish muammolariga bag‘ishlandi.
Anjuman ishtirokchilari: Respublika ilmiy-amaliy anjumanida O‘zMU ijtimoiy fanlar fakulteti dekani, TDPU prorektori va professor –o‘qituvchilari, T.N.Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti rahbari va ilmiy xodimlari, Qo‘qon davlat pedagogika instituti o‘qituvchilari, Respublika ta’lim markazi metodistlari, Toshkent shaxar maktablarining o‘qituvchilari va boshqalar jami 100 nafar ishtirokchilar qatnashdi.
Anjumanda muhokama qilingan asosiy masala va muammolar:
Anjumanda pandemiya sharoitida tabiiy fanlarni o‘qitish muammolari, elektron resurslardan foydalanish texnologiyalari, elektron resurslarni yaratish va ulardan onlayn mashg‘ulotlarni o‘tkazishda foydalanish tajribalari, elektron axborot resurslarini yaratish va ularni tadqiqot qilish muammolariga bag‘ishlangan masalalar.
Anjuman yo‘nalishlari(sho‘‘balari):
1- yo‘nalish: Umumiy o‘rta ta’limda pandemiya sharoitida tabiiy fanlarni o‘qitish muammolari.
2- yo‘nalish: Umumiy o‘rta ta’limda tabiiy fanlarni o‘qitishda elektron resurslardan foydalanish texnologiyalari.
3- yo‘nalish: Pedagoglarning tabiiy fanlardan elektron resurslarni yaratish va ulardan onlayn mashg‘ulotlarni o‘tkazishda foydalanish tajribalari.
4- yo‘nalish: Tabiiy fanlardan elektron axborot resurslarini yaratish va ularni tadqiqot qilish muammolari va yechimlari.
Anjuman natijalari: Ilmiy-amaliy anjuman materiallari to‘plam holatida chop ettirildi. Ilmiy-amaliy anjumanda bildirgan taklif va tavsiyalar asosida anjumanning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan ularni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etish uchun yuqori hamda tegishli tashkilotga takliflar kiritildi.