“Hayot davomida o‘qish” tamoyili joriy etiladi
Amaldagi tartibga ko‘ra xalq ta’limi pedagog va rahbar xodimlari qay tarzda malaka oshiryapti? Bugun zamon talabi qanday? Malaka oshirish tizimiga nodavlat ta’lim tashkilotlarini jalb qilishdan ko‘zlangan maqsad nima?
Abdulla Avloniy nomidagi Xalq ta’limi muammolarini o‘rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon RADJIYEV O‘zA muxbiriga xalq ta’limi tizimi, malaka oshirish sohasidagi islohotlar haqida so‘zlab berdi.
– Hozir xalq ta’limi pedagog-o‘qituvchilari va rahbar xodimlari belgilangan davriylikka ko‘ra, ya’ni o‘qituvchilar har 5 yilda, rahbar xodimlar har 3 yilda malaka oshirmoqda, – deydi Ayubxon Radjiyev. – Xodimlar Abdulla Avloniy nomidagi institutga kelib, o‘qituvchilar hududiy markazlarga borib, bir oy mobaynida ta’lim oladi. Pandemiya sababli 2020-yil 16-martdan onlayn masofaviy ta’lim yo‘lga qo‘yildi. Ammo tizimda muammolar yillar mobaynida to‘planib kelgan va bu o‘zini oqlamagani hech kimga sir emas.
Endilikda zamon talabidan kelib chiqib, tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar berildi. Amaldagi 3-5 yilda malaka oshirish tajribasi zamon talabiga mos emasligi nuqtai nazaridan davriylikdan uzluksizlikka o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda xalq ta’limi tizimi rahbar xodimlarining bilimi, salohiyati va malakasini belgilovchi aniq ko‘rsatkichlar tizimi mavjud emas. Pedagog xodimlar malaka darajasini belgilashda attestatsiya natijalariga muvofiq, ularga berilgan malaka toifasi inobatga olinadi.
Prezidentimizning 2019-yil 29-apreldagi farmoniga asosan, 2021-yildan boshlab maktab direktorlari va o‘qituvchilarni kasbiy litsenziyalash amaliyotini joriy etish belgilangan. Mazkur kasbiy litsenziya maktab direktorlari va o‘qituvchilarning malaka darajasini aniqlash mezoni hisoblanadi.
Malaka oshirish tizimini takomillashtirishda xorijiy mutaxassislar jalb qilinyapti, tajriba o‘rganilmoqda.
Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimini takomillashtirish borasida 2019-2020-yillar davomida qator xorijiy mutaxassislar bilan yaqindan hamkorlik ishlari amalga oshirildi. AQShdan professor Judi Smetana, Germaniyadan doktor Xanish, Malayziyadan doktor Sazali Yusuf, amerikalik xalqaro ta’lim eksperti Jon Tulli hamda o‘quv dasturi va darsliklar ishlab chiqish bo‘yicha mutaxassis Benjamin Piper bilan hamkorlikda malaka oshirish kurslarining o‘quv-reja va dasturlari takomillashtirildi.
Mazkur hamkorlik rishtalarini uzmagan holda, xalqaro tajriba almashish geografiyasini Koreya, Belarus, Germaniya, Finlyandiya va Rossiyadagi yetakchi ilmiy-tadqiqot va ta’lim tashkilotlari hisobiga kengaytirish, mazkur tashkilotlardan tajribali pedagog-olimlarni institutimizga taklif qilish va o‘z mutaxassislarimizni ham tajriba almashish uchun xorijiy stajirovkalarga yuborishga doir rejalarimiz mavjud.
Hamkorlik natijalari xalq ta’limi tizimining, shu jumladan, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning dolzarb muammolariga topilgan yechimlarda, birgalikda amalga oshirilgan tadqiqotlar va pirovard natijada umumiy o‘rta ta’limda ta’lim sifati oshishida o‘z aksini topadi, degan umiddamiz.
Shuni alohida qayd etish joizki, xalqaro hamkorlar bilan malaka oshirishda tinglovchilarning kasbiy ehtiyojlarini diagnostika qilish va aniqlangan kasbiy ehtiyojlar asosida har bir tinglovchiga individual malaka oshirishni taklif etish mexanizmlarini yaratish ustida ishlanmoqda.
Malaka oshirish tizimining “hayot davomida o‘qish” tamoyiliga o‘tishi borasida qanday ishlar olib borilayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy hol.
Axborot, bilim, tajribalar har kuni yangilanyapti. Shu nuqtai nazardan, malaka oshirish ta’limi tizimini takomillashtirish zarurati tug‘ildi. Bugun dunyoning yetakchi davlatlaridagi malaka oshirish ta’limi 20-25 yildan buyon “hayot davomida o‘qish” tamoyili asosida tashkil etilyapti.
“Hayot davomida o‘qish” tamoyili asosidagi malaka oshirish ta’limini kredit-modul shaklida kelgusi yildan joriy etish rejalashtirilmoqda. Xo‘sh, kredit-modul tizimi malaka oshiruvchi pedagoglarga nima beradi, an’anaviy malaka oshirishdan farqi, qulayliklari nimada?
Kredit-modul tizimida rahbar va pedagog xodimlar malaka oshirish kurslarida kasbiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, tegishli kurslar, professor-o‘qituvchilar, malaka oshirish mazmuni va muddatini mustaqil tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda onlayn ta’lim platformalari asosida o‘quvlarni tashkil etish dolzarb masalalardan biri. Qolaversa, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimida shu kabi maxsus elektron platformalar mavjud emas.
Bu platforma 2021-yilning 1-iyuniga qadar amaliyotga joriy etilishi belgilangan. Unga qadar tajriba-sinovidan o‘tkaziladi. Tajriba-sinovidan keyin aniqlangan kamchiliklar to‘ldiriladi, qayta ishlanadi va 1-iyun sanasidan to‘liq amaliyotga joriy etiladi. Elektron platforma pedagog va rahbar xodimlarga xohlagan vaqtda va xohlagan joyda, shuningdek, o‘z kasbiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, malaka oshirish imkoniyatini beradi.
Uzluksiz malaka oshirishda pedagoglarning ta’lim olish jarayonlari maxsus elektron platforma asosida avtomatlashtiriladi va inson omili minimallashtiriladi.
Maktabning asosiy vazifalaridan biri o‘quvchilarni mustaqil hayotga tayyorlashdan iborat. Bu borada sinf rahbarlarining o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Sinf rahbari bir sinf sharoitida tarbiyaviy vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan ishlarni tashkil etadi va boshqaradi.
Sinf rahbarlarining malaka oshirish ta’limi qisqa muddatli kurslar shaklida tashkil etilishi rejalashtirilgan. Xususan, bugungi kunda 36 soatlik maqsadli kurslar o‘quv-rejalari ishlab chiqilgan bo‘lib, o‘quv kurslari 2021-yildan tashkil etiladi.
Prezidentimizning joriy yil 6-noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida 2021-yil 1-martdan boshlab xalq ta’limi xodimlari o‘z ixtiyoriga ko‘ra xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazlarida, pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTMlar yoki litsenziyaga ega nodavlat tashkilotlarda malakasini oshirishi mumkinligi belgilandi. Ya’ni, maktab direktorlari rahbar xodimlar sifatida avvallari faqat Abdulla Avloniy nomidagi institutda malaka oshirgan bo‘lsa, endi ular o‘z ixtiyorlariga ko‘ra tegishli malaka oshirish dasturini taqdim qilib, malaka oshirish kurslarini tashkil qila oladigan pedagog kadrlar tayyorlaydigan OTMlar yoki nodavlat ta’lim tashkilotlarida ham o‘z malakalarini oshirishi mumkin. Albatta, bizning institutimiz ham o‘zining uzoq yillik tajribalaridan foydalangan holda, maktab direktorlari malakasini oshirish bo‘yicha ta’lim dasturlarini taqdim etish orqali mazkur raqobatda ishtirok etishga tayyor.
Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi tegishli davlat talablari, malaka talablari va o‘quv-rejalariga binoan, o‘qitish shakllari esa malaka oshirish kursini tashkil qiladigan ta’lim tashkiloti tomonidan belgilanadi.
Shunga ko‘ra, rahbar xodimlarning, shu jumladan, maktab direktorlarining malakasini oshirish qaysi tashkilot tomonidan amalga oshirilmasin, mazkur soha uchun amalda bo‘lgan “Davlat talablari”, “Malaka talablari”, belgilangan tartibda tasdiqlangan o‘quv-reja va dasturlariga binoan tashkil qilinadi.
Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida davlat ta’lim muassasalari monopoliyasi mavjud bo‘lib, nodavlat ta’lim muassasalarining mazkur jarayonlarda ishtirok etish imkoniyati belgilanmagan. Tabiiyki, bu jarayonlarga nodavlat ta’lim muassasalarini jalb etish sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish orqali ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.
Pedagog xodim ta’lim tashkilotlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra tanlaydi va malakasini oshiradi. Oliy ta’lim tashkilotlari va nodavlat ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlar malakasini oshirish bilan bog‘liq xarajatlari davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ushbu maqsadlar uchun Xalq ta’limi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida qoplanishi belgilangan.
Hech kimga sir emas, bugun ta’lim sohasida, xususan, xalq ta’limi tizimida muammolar to‘planib qolgan. Ta’lim sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasini ertaga kutish noo‘rin, albatta. Chunki, ta’limga kiritilgan investitsiyalar samaradorligi jamiyatda 5-10 yillarda seziladi. Masalan, 2020-yilda bitiruvchilari OTMlarga kira olmagan maktablar salmog‘i o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar kamaygan. Bu ham maktab pedagogik jamoasining salohiyati, direktorlarning saviyasi oshganligi isboti. Shu nuqtai nazardan, o‘zgarishlarning natijalari kelgusi 5 yillikda ko‘rina boshlaydi.
O‘zA muxbiri Barno MELIQULOVA yozib oldi.