O‘zMU Olmazor tumanidagi 10 ta maktabni otaliqqa oldi
O‘zbekiston Milliy universiteti Olmazor tumanidagi ta’lim sifati va bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha eng past bo‘lgan 10 ta maktabni o‘z otalig‘iga oldi va ularda ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqdi.
Unga muvofiq matematika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, rus tili va adabiyoti fanlari bo‘yicha 1831 nafar o‘qituvchi O‘zMUda malaka oshiradi.
Mazkur maktablarga mos fakultet va kafedralar biriktirilib, universitetda fanlar kesimida o‘qituvchilarning kasbiy mahorati va ularga metodik yordam ko‘rsatish orqali malakasini oshirish, universitet professor-o‘qituvchilari va maktab o‘qituvchilari “Ustoz-shogird” tizimini joriy etish hamda yuqori natijaga erishgan maktab o‘qituvchilarini “Universitetning faxriy o‘qituvchisi” maqomiga ko‘tarish va moddiy rag‘batlantirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, maktab o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish va g‘oliblarga “Universitet stipendiyasi”ni joriy etish, yuqori sinf o‘quvchilarini OTMga o‘qishga kirish uchun tayyorlaydigan maxsus o‘quv-tayyorlov kurslarini tashkil etish, o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra ijodiy va fan to‘garaklarini tashkil etish, besh tashabbus doirasida sport musobaqalari hamda ijodiy kechalar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
O‘zMU rektori Avaz Maraximov boshchiligida fakultet dekanlari va kafedra mudirlari Olmazor tumanidagi 219-sonli maktab jamoasi va o‘quvchilari bilan uchrashdi. Universitet nomidan maktabga 1 dona interaktiv doska, kompyuter sinfi, badiiy va o‘quv adabiyotlari to‘plami sovg‘a qilindi.