Huquqiy bilimlar oshirildi
Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 81-sonli matematika faniga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi faollar zalida Asosiy qonunimiz qabul qilingan kun munosabati bilan «Konstitutsiya – baxtimiz qomusi» mavzusida ochiq dars bo‘lib o‘tdi.
Tarix fani o‘qituvchisi Elyorbek Yo‘ldoshevning 8 «a» sinf o‘quvchilariga o‘tgan mazkur darsi o‘quvchilar bilan ochiq muloqot va fikr almashish tarzida bo‘lgani bilan o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi. Ochiq darsda Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, hayotimizda tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Yoz navbatida o‘quvchilar Konstitutsiyamiz moddalaridan aytishdi, shuningdek, ularning huquqiy savodxonligini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan test savollariga javob berishdi. Mavzu doirasidagi taqdimot materiallari namoyishi ham o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otdi.
E’tirof etish lozimki, a’lo bahosi va namunali xulqi bilan tengdoshlariga namuna bo‘layotgan, respublika miqyosidagi fan olimpialari g‘oliblari, xalqaro olimpiadalar ishtirokchilariga maktab stipendiyasi berish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur mablag‘lar homiylar tomonidan ajratiladi. Tadbirda ana shunday iqtidorli o‘quvchilardan biri, shu yil Janubiy-Sharqiy Osiyo matematika SEAMO olimpiadasida kumush medal sohib bo‘lgan Abdulloh Mahmudov 300000 so‘m miqdoridagi maktab stipendiyasi bilan taqdirlandi.
– Bugungi tadbirda ichki ishlar organlari xodimlarining ishtirok etib, o‘quvchilarimiz bilan muloqot hamda savol-javoblar qilishi ularni ruhlantirib yubordi, – deydi maktab direktori Ziyoda Haydarova. – Faqat Konstitutsiya qabul qilingan kun emas, balki boshqa tadbirlarda ham osoyishtalik posbonlarining tashriflari bolalarning huquqiy bilimlarini oshirishida muhim o‘rin tutadi.
Ikrom HASANOV