Yozish — eski odatmi?!
Bugungi kun bolalari shunchalik kuchli texnosavodxonki, ularga klaviaturadan foydalanish yoki smartfonni boshqarishni o‘rgatishning hech ham keragi yo‘q!
Axborotdan qanday foydalanishimiz va hatto hayotimizni qanday tashkil qilishimizda texnologiya juda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ammo biror yangi va foydali narsa mavjudligi eski usul endi ahamiyatsiz ekanligini anglatmaydi.
Bu haqiqat ayniqsa yozish haqida gap ketganda o‘rinli. Texnika asrida ham qalamni qog‘ozga qo‘yish kerak bo‘lgan paytlar juda ko‘p uchraydi, masalan, imtihonning insho yozish qismida. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, yozuv malakasi faqat maktab uchun talab qilinmaydi: yozuv – bu miya va tanaga koni foyda ekanligi isbotlangan faoliyat.
Fikrlarni kundalikka yozish deysizmi, sanalarni xotiralar bilan birga qayd etib borish, she’r yozishga harakat qilish yoki roman yoza boshlashga urinishmi – farqi yo‘q: “eskirgan” qalam va qog‘oz hissiy holatimizga katta ta’sir ko‘rsatadi, bu o‘quvchilarning fikrlarini tartibga solish va hatto kayfiyatini yaxshilashga yordam beradi.
“Eskirgan faoliyat uslubi” sifatida baholanishiga qaramay, yozuv malakasi hali hamon ta’lim jarayonida va undan keyin ham ko‘plab kognitiv foydaga ega bebaho mahorat hisoblanadi.
Qo‘l bilan yozishning ba’zi foydalarini ko‘rib o‘tamiz:
1. Stressni yo‘qotish. Yozish harakatining o‘zi stressni kamaytirishi mumkin, bu esa dars davomida diqqat va e’tiborni yaxshilashga yordam beradi.
2. Ijodkorlik va fikrlashga undash. Yozuvni odatga aylantirish ijodkorlikni oshirishi va tafakkurni chuqurlashtirishi, miya faoliyatini o‘tkirlashtirishi aniqlangan.
3. Xotira va qayta eslash. Qo‘l bilan yozish, shuningdek, xotirani va qayta esga tushirish qobiliyatini oshirishi fanga ma’lum. Qalamni qog‘ozda harakatlantirish miyaning faollashishini ta’minlaydi, bu esa o‘quvchining anglash qobiliyatini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, qo‘lda yozish jarayonida klaviaturada yozishdan ko‘ra ko‘proq sezgirlik va motorli neyronlar ishtirok etadi.
4. Tuyg‘ular sokinligi. His-kechinmalar haqida yozish kayfiyatni yaxshilashi va xotirjamlik hissini uyg‘otishi mumkin. Qalamni sahifaga qo‘yishning o‘ziyoq yorqin fikrlarni yuzaga keltiradi va bularni tartibli ravishda namoyish etishga yordam beradi, bu esa ruhiyatdagi og‘irliklarni yengillashtirishga sabab bo‘ladi.
5. Minnatdorchilik hissi. Ba’zi tadqiqotlar shukur qilish haqida yozish, ayniqsa yotishdan oldin uyquni yaxshilashga yordam berishi mumkinligini ko‘rsatadi. Shunday hollarda ertangi kuni bo‘ladigan ta’lim jarayoni yaxshi natijalarni keltirishi turgan gap.
Demak, yozishga va yozdirishga erinmang! Klaviaturani chetroq qo‘ying-da, ruchka yoki qalamni mahkam tutib, yozishga chog‘laning! Zero, qancha miqdorda yozishingizdan qat’i nazar, ushbu ta’limiy va hayotiy mahoratning afzalliklaridan bahra olasiz!
E’zoza SOBIROVA, Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali “Umumta’lim fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi