O‘quvchimning bahosi – mening bahomdir!
Tog‘lar — yerning qoziqlaridir. Tog‘lar yelkasida quyoshni ko‘tarib turgandek salobat bilan tiriklikka ma’no berib turadilar. Kasbim o‘qituvchilik bo‘lgani uchun ham goho muallimlik, utozlik sharafini shu tog‘larga qiyoslagim keladi. Negaki, ustozlar ham millatning, bani basharning taqdirini xuddi tog‘lar quyoshni ko‘targanidek yelkasiga olib turadilar.
Ha, ustozlar butun bir millatning, bashariyatning kelajagini, iqbolini yelkasida ko‘tarib katta qiladi. Ko‘zlari yonib turgan, oq, sariq, bug‘doyrang, ko‘ngliga osmon-osmon orzularni joylab, maktab tomonga shoshib ketayotgan bolajonlarning har biri bir quyosh emasmi? Ularsiz millatning osmoni zimiston.
Ko‘cha supurganda ham, paxta terganda ham, huda-behuda hujjatlarga ko‘milib, qog‘oz to‘ldirganda ham o‘qituvchi zoti millat kelajagini bir zum bo‘lsa-da yelkasidan tushirmadi. Har qanday vaziyatda burchini vijdon bilan o‘tadi.
Ularga havas qilib men ham shu mas’uliyatli kasbni tanladim. Bir dunyo o‘quvchilarim bor. Har ne bo‘lsa-da e’tiqodiga sodiq qolgan ustozlarimning yo‘lini bersin. Qadrli muallimlar, hamkasblar, bu yo‘lda siz bilan yelkama-yelka borayotganimdan faxrlanaman!
Kasbim taqozosiga ko‘ra, boshlang‘ich ta’limda qadrdon o‘quvchilarimga saboq berarkanman, har tongda ularning yanada savodli bo‘lishlarini, topshiriqlarni bajarib kelishlarini, mening oldimda yuzlari shuvit bo‘lmasliklarini istab maktabga – ishga boraman. Biror o‘quvchimga qo‘yadigan yomon bahom, bu – o‘zimga, o‘quvchimning ota-onasiga qo‘yilgan baho deb bilaman. Agar o‘quvchim uy ishlarini ko‘ngildagidek ado qilsa, undan kam quvonmayman, a’lo baholar bilan rag‘batlantiraman. Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tishim lozim: bu o‘quvchilarning ota-onalariga ham, biz muallimlarga ham birday tegishli. Ya’ni, bolamizning ko‘rsatadigan natijasi bizning unga berayotgan mehrimizda, shu niholga sarflayotgan mehnatimizdadir.
Shularni his qilarkanman, Prezidentimizning “Uchinchi Renessans maktab ostonasidan boshlanadi”, degan so‘zlarini eslayman va bu xulosa naqadar teran va o‘ylab aytilganiga amin bo‘laman. Shunday ulkan mas’uliyat, millat taqdirining bir qismi mening ham yelkamda ekanini his qilarkanman, kasbimdan faxr tuyaman, o‘zimni yanada o‘quvchilarim muvaffaqiyatiga baxsh etishim lozimligini his etaman.
Shalola RAHMONOVA, Yunusobod tumanidagi 240-maktab o‘qituvchisi