Chet tilini o‘qitishda an’anaviy usulning o‘zi yetarli emas
Dars mobaynida o‘quvchilarni o‘rganilayotgan mavzuga to‘liq qiziqtirish muhimdir. Chet tili darslarida o‘yin shaklidagi metodikalardan foydalanish bolalarning nafaqat talaffuz, leksik va grammatik ko‘nikmalarini shakllantiradi, balki o‘rganilayotgan tilga qiziqishini oshiradi. Ko‘pincha past o‘zlashtiriruvchi o‘quvchilar bu usulda o‘zlarini butunlay boshqacha tutadi, o‘yinda faol bo‘ladi, jamoasi g‘alabasiga hissa qo‘shadi. Shu nuqtayi nazardan o‘yinlardan foydalanish o‘zlashtirishi zaif bolalar uchun muvaffaqiyat omili bo‘lishi mumkin. Quyida darsning qiziqarli bo‘lishiga yordam beradigan bir nechta o‘yin turlarini e’tiboringizga havola qilaman:
Board race o‘yini o‘quvchilar o‘tgan darsni qanchalik o‘zlashtirishganini tekshirishda samarali. Unda sinf ikki jamoaga bo‘linadi. Har bir jamoaga rangli markerlar beriladi. Doska ikki qismga ajratilib, tepaga mavzu yoziladi. O‘quvchilarga mavzuga bog‘liq so‘zlarni estafeta shaklida yozishlari tushuntiriladi. Har bir jamoa to‘g‘ri javoblar uchun bittadan ball oladi. O‘tilmagan va noto‘g‘ri so‘zlar hisobga olinmaydi.
Word Jumble Race o‘yini grammatik bilimni yaxshi o‘zlashtirishda foydali. O‘quvchilarning nechta guruhga bo‘linganini inobatga olib, kamida 3 yoki 4 ta gapning so‘zlarini alohida kesib, rangli qog‘ozlarga bo‘lib chiqiladi. Guruhlarga qog‘ozlarni tartib bilan birlashtirib butun jumlani hosil qilish tushuntiriladi. So‘zlarni ajratish davomida so‘z turkumlarini alohida ranglarda bergan ma’qul, otni ko‘k qog‘ozga, fe’lni qizil va hokazo. Barcha jumlalarni birinchi va to‘g‘ri tartiblagan guruh g‘olib bo‘ladi.
Miming o‘yini fe’llar orqali so‘z boyligini oshirishga ko‘mak beradi. Darsdan oldin kichik qog‘ozlarga o‘tilgan ko‘pchilik fe’llarni yozib, qutichaga solib qo‘yiladi. Masalan, idishlarni yuvish, dars tayyorlash, televizor ko‘rish va hokazo. Sinfni ikki jamoaga bo‘lib, har bir jamoadan bir o‘quvchini doska oldiga chiqarib qutidan fe’l yozilgan qog‘ozchani tanlashini va ikkalasi ham bir paytda so‘zni jamoadoshlariga gapirmasdan harakat orqali tushuntirishlari kerakligini ayting. To‘g‘ri javobni topgan guruhga ball yoziladi.
Where shall I go? Bu o‘yin joy nomlari va tomonlarni o‘rganishda asqotadi, muloqot qila olish ko‘nikmasi rivojlanadi. Shkaf yoki qayergadir biror buyum qo‘yiladi. Har bir guruhdan bir vakilni chiqarib, ko‘zlari bog‘lanadi. Ko‘zlari bog‘langan o‘quvchilar jamoadoshlarining yo‘naltirishlari bilan buyumga birinchi bo‘lib yetib borishi lozim. Masalan, oldinga yur, chapga buril, qo‘lingni ko‘tar, aylanib o‘t va hokazo. Yashirilgan buyumga birinchi yetib borgan guruh g‘olibdir.
Describe me! Bu o‘yin har qanday mavzu uchun mos. O‘rganilayotgan mavzuga aloqador so‘zlar har bir o‘quvchiga qog‘ozchaga yozib beriladi. O‘quvchilar sherik bo‘lib so‘zlarni bir-birlariga tasvirlab beradi. Ikkinchi o‘quvchi tasvirlangan so‘z nima ekanligini topishi lozim. Har ikki o‘quvchi navbatma-navbat tasvirlaydi hamda topadi. Bu chet tilida so‘zlay olish ko‘nikmasini rivojlantiradi.
Muazzam G‘UDDIYEVA, Jizzax shahridagi 14-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi