Ona tili va adabiyot hamda o‘zbek tili — alohida fanlarmi?
Ta’lim maskanimizda salkam uch mingga yaqin bolalar ta’lim-tarbiya oladi. O‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan o‘n sakkiz nafar o‘qituvchi bilim beradi. Tilchilarning 40 foizi oliy va birinchi toifadagi o‘qituvchilar.
Maktabimizda ta’lim rus va o‘zbek tillarida olib boriladi. Tabiiyki, ona tili va adabiyot o‘qituvchilari ham rus guruhlarida o‘tiladigan o‘zbek tili darslaridan olishga majbur. Chunki o‘qituvchilarning mutaxassisliklari faqat o‘zbek tilini o‘qitish uchungina bo‘lmay, ona tili va adabiyot uchun to‘g‘ri keladi. Davlat tili darslari esa yetarli.
Men bu yil navbatdan tashqari o‘tkazilgan attestatsiyada oliy toifaga o‘tdim. Oktabr oyida oylik maoshimiz ona tili uchun bir va oliy toifa asosida va davlat tili uchun mutaxassis deb to‘landi. Mas’ul shaxslar bizning mazkur masala bo‘yicha yo‘llagan savolimizga quyidagicha javob berdi:
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori asosidagi “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 19-bandiga asosan pedagog kadrlarning diplomida bittadan ortiq tayyorlov yoki ta’lim yo‘nalishi, mutaxassislik yoki ixtisoslik ko‘rsatilgan bo‘lsa, ular dars berayotgan har bir o‘quv fani bo‘yicha alohida attestatsiyadan o‘tishi belgilangan, shu sababli davlat tili o‘qituvchilariga mutaxassis toifasi asosida oylik maosh belgilandi.
Qaror matnini tahlil qilib ko‘raylik. Unda ko‘rsatilishicha, o‘quv fanlari turlarga ajratilgani ta’kidlanmoqda. Geografiya, biologiya, tarix va boshqalar. Ularning qoidalari va o‘rganadigan predmetlari, haqiqatan, boshqa-boshqa. Masalan, biologiyaning zoologiya, anatomiya bo‘limlarini yaxshi bilgan o‘qituvchi kimyoning organik va anorganik kabi bo‘limlarini chuqur bilmasligi mumkin. Yoki jahon tarixi va O‘zbekiston tarixini yaxshi bilgan o‘qituvchi geografiyani mukammal bilmasligi mumkin. Lekin davlat tili darslarida o‘quvchilar bilishi kerak bo‘lgan DTS talablari o‘zbekcha matn tuza olish va o‘zbek tili grammatikasini soddaroq tushunishdan iborat. Ona tili va adabiyot fanini chuqur bilgan, mumtoz adabiyot namunalarini tahlil qila oladigan, nafaqat o‘zbek, balki jahon shoir va yozuvchilarining hayoti va ijodini puxta bilgan mutaxassis davlat tilida dars bera olmasligi mumkinmi? Bizningcha:
1. Ona tili va adabiyot davlat tilidan alohida fan emas.
2. Davlat tili hamda ona tili va adabiyot fanlaridagi qoida va matnlar o‘zaro uzviy bog‘liq.
3. Har bir o‘quv fani deganda geografiya va biologiya yoki tarix va milliy istiqlol g‘oyasini alohida nazarda tutish mumkin. Lekin davlat tili o‘zbek tilidir. Bular alohida tushuncha emas.
4. Ona tili va adabiyotdan oliy toifali o‘qituvchi davlat tilini mutaxassis darajasida biladi, deyish mantiqqa to‘g‘ri keladimi?
Maktabimizning barcha ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari mazkur murojaatimizga mutasaddilardan to‘g‘ri va odilona javob kutib qolamiz.
Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 10-maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari nomidan
Dilorom ERGASHEVA