Ortiqcha nazariy ma’lumotlar o‘rni nima bilan to‘ldiriladi?
Shu kunlarda ko‘plab muhokamalar bugun ta’lim oldiga qo‘yilgan talablarni yaxshi anglamaslik, grammatika haqida boshqacha tasavvurlarga ega bo‘lish oqibatida bir-biriga qarama-qarshi fikrlarni keltirib chiqarmoqda.
Avvalo, grammatika nima? Aslida “grammatika” so‘zi o‘qish va yozishni o‘rganmoq degan ma’noni anglatadi. Ammo bizda tilshunoslikda yaratilgan nazariyalar, qoidalar majmuasi sifatida qaraladi, grammatika deganda, asosan, morfologiya va sintaksis tushuniladi. Maktab o‘quvchisiga 6-7-8-9-sinflarda 4 yil davomida morfologiya va sintaksis o‘qitiladi, ammo bu ma’lumotlar nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirishga deyarli xizmat qilmaydi. Undan ko‘ra darslik tuzishda ko‘p yillardan beri e’tibordan chetda qolib, juda kam soatlarda o‘qitib kelinayotgan fonetika, to‘g‘ri yozish, imlo qoidalari (orfografiya), adabiy talaffuz qoidalari (orfoepiya), tilning lug‘at tarkibi (leksika, leksikologiya emas) va tinish belgilari (punktuatsiya) kabi mavzular o‘quvchida haqiqatan imloviy savodxonlik, adabiy talaffuz ko‘nikmalarini hosil qiladi, so‘z boyligini oshiradi. Darsliklarda yengil grammatik ma’lumotlar berilishi kerak, bu — o‘quvchiga biror chet tilini o‘rganishda asqotadi.
Maktab darsliklari mazmunida nazariy ma’lumotlar qachon va qanday ko‘paydi? Bunday ahvolga kelib qolishning asosiy sababi shuki, ko‘p yillardan buyon metodika degan g‘alvirimiz bo‘lmagani, metodist-olimlarimiz bosh qo‘shmagani uchun nazariy ma’lumotlar botmonlab maktab darsliklariga kiritildi. Oqibat hammamizga ma’lum — darsliklarimiz tayyor akademik grammatika bo‘ldi-qoldi, uni o‘qigan o‘quvchi borki, tilshunos bo‘lmay iloji yo‘q. Istagan bitiruvchi yoki birinchi kurs talabasining oldiga borib mana shu jumlani grammatik tahlil qilib ber, desangiz (u tibbiyot yo‘nalishida bo‘ladimi, moliya yo‘nalishidami, farqi yo‘q) lingvistika ixtisosligida tadqiqot olib boradigan doktorantdan yaxshi tahlil qilib beradi, ammo unga gapni murakkab ega, ot-kesim, sifatlovchi, qaratqich aniqlovchi, nomustaqil, mustaqil to‘ldiruvchiga ajratishdan hech qanday naf yo‘q. Buning o‘rniga unga yaxshi shifokor va bank xodimiga kerak bo‘ladigan ta’sirchan nutq va muloqot madaniyati o‘rgatilishi kerak edi. Ular ona tili mashg‘ulotlarida adabiy talaffuzi ravon, imloviy savodxon, ta’sirli nutq uchun yetarli so‘z boyligiga ega bo‘lishlari kerak edi.
Jaloliddin Rumiyning “Tilshunos va qayiqchi” hikoyati bor. Unda bir mag‘rur tilshunos uni dengizning narigi qirg‘og‘iga olib o‘tayotgan qayiqchiga grammatikani bilasanmi, degan savol beradi. Qayiqchi yo‘q deb javob beradi. Shunda tilshunos viqor bilan umringning yarmi befoyda o‘tibdi, deydi. Biroz suzishgandan so‘ng, dovul ko‘tarila boshlaydi. Shunda qayiqchi tilshunosdan suzishni bilasizmi, deb so‘raydi. Tilshunos yo‘q, deb javob berganda qayiqchi unga butun umringiz befoyda o‘tibdi, hozir qayiq ag‘dariladi, cho‘kib ketasiz, degan ekan. Biz ham o‘quvchilarga ona tilidan hayot davomida har qanday vaziyatda, har onda asqotadigan bilim va ko‘nikmalarni berishimiz kerak. Ortiqcha grammatizm ona tili ta’limini “qand” kasalidek bir bedavo ahvolga olib kelayotgan edi. Yangicha yondashuvlarning o‘z vaqtida amaliyotga joriy etilayotgani, muammoning manbasi kech bo‘lsa-da aniqlangani bu jarayonni sog‘lomlashtirishga imkon beradi.
Muhokamalarda noto‘g‘ri tushunilayotgan bo‘lsa-da, to‘g‘ri ta’kidlanyapti: grammatikasiz dars ham, darslik ham bo‘lmaydi, biroq me’yorida bo‘lishi kerak. Til o‘rganishni murakkab jarayonga aylantirib qo‘yganmiz, kasbiy malakalar alohida masala, nega ona tili o‘qituvchilarining bilimi past baholanmoqda, chunki biz noto‘g‘ri o‘lchayapmiz. Maktab o‘qituvchisidan fan doktorining bilim va ko‘nikmasini so‘rayapmiz, aslida fan doktori ham tilshunoslikning kichkina bir sohasini biladi xolos. O‘qituvchidan lingvistikaning hamma sohasini bilish talab qilinmoqda. Grammatikasiz hayot tugaydi, deb bong uryapmiz, lekin shu grammatikadan 10 ta test savoli bizga ham berilsa, yarmini ham yecha olmasligimiz, yoki savol berilsa javob bera olmasligimiz mumkin. Bu savollarga erta-yu kech shu ish bilan mashg‘ul bo‘luvchi repetitorlargina qoniqarli javob bera oladi.
Bugun o‘quvchiga OTMga kirish uchun ona tili grammatikasidan taqdim etilayotgan test savollarini respublikaning manaman degan grammatikachi tilshunoslari ham to‘liq yecha olmaydi, ammo hammasi jamiyatimizda muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Insho yozib talaba bo‘lgan Xudoyberdi To‘xtaboyev, Erkin Vohidov, Ibrohim G‘afurov, Abdulla Oripov, Tohir Malik, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuflar ham bugungi “Ona tili” darsliklari mazmuni asosida tuzilgan grammatikaga doir testlarni o‘z davrida yechmagan bo‘lsa ham, grammatikani suv qilib ichmagan bo‘lsa ham ona tilida hammadan yaxshi yoza olishdi, o‘qiy olishdi, gapira olishdi va fikrlay olishdi. Demak, grammatikani chuqur bilmasa ham yaxshi ishlash va yashash mumkin. Endi kichik amaliyot o‘tkazib ko‘ramiz. Mana, grammatika bo‘yicha bilimingizni sinab ko‘rish uchun oddiy test savollari:
1. Qaysi so‘z turkumlari otlashadi?
A) barcha so‘z turkumlari
B) sifat, son, ravish, olmosh, fe’l, taqlid so‘zlar
C) barcha mustaqil so‘zlar
D) barcha mustaqil so‘zlar, undov, modal, taqlid va ayrim yordamchi so‘zlar.
Yoki:
2. na-na, ham so‘zlari qaysi yordamchi so‘z turkumiga mansub?
A) yuklama
B) bog‘lovchi
C) ham yuklama, ham bog‘lovchi
D) to‘g‘ri javob yo‘q.
Hurmatli grammatika ixlosmandlari! Barchangizga mana shu testlarning javobi o‘quvchilar nutqini rivojlantirishga qanchalik xizmat qilishi, muloqot uchun qay darajada ahamiyatli ekani haqida bir o‘ylab ko‘rish tavsiya qilinadi. Shunda maktabda o‘qituvchi va o‘quvchilar qanchalik “foydali” ish bilan mashg‘ul bo‘layotgani, juda kerak deb kuyunayotgan “grammatika”ga qanchalik ehtiyoj borligini tushunishingiz, nega ona tili ta’limi bunday ahvolga tushganini tasavvur qilishingiz mumkin. Bugun bu grammatizm oqibatida oramizda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan iqtidorlar fikr ifodalashga no‘noq, nutqini yozma bayon qilolmay qiynalayotgan, ish yuritishni bilmay birovning oldida har kuni izza bo‘layotgan bitiruvchilarimiz sonmingta. Nega, biz ona tilini yaxshi bilamiz-ku, deydigan 30–40 yil oldingi bitiruvchilarga shuni aytish mumkinki, bundan 20 yil oldin ham ona tili ta’limi mazmuni bu qadar murakkab bo‘lmagan.
Ko‘nikma va malakani sinaydigan test topshiriqlari quyidagicha bo‘lsa maqsadga muvofiqdir, chunki bu bilan bog‘liq ma’lumotlarni yozma va og‘zaki nutq uchun har bir kishi bilishi lozim:
Qaysi qatorda ko‘plik qo‘shimchasi ortiqcha?
A) Paxtalar qiyg‘os ochilgan.
B) Ikki yuz tup ko‘chatlar keltirildi.
C) Husningizdan oylar xijolat.
D) Yangi hovliga ko‘chatlar keltirildi.
(–) tire qanday holatda qo‘yiladi?
A) Juft va takroriy so‘zlar orasiga
B) Ega va kesim o‘rtasiga izohlash, o‘xshatish, tenglik ma’nosida
C) Tartib ma’nosini ifodalash uchun sanoq sonlardan keyin
D) Ayrim yuklamalar bilan birga qo‘llaniladi.
3. Qaysi o‘rinda qaratqich kelishigi qo‘llanilishi kerak?
A) Ukamni kitobi topildi.
B) Do‘stimni ko‘rgani bordik.
C) Meni oilam kutib turibdi.
D) Buning meni hurmat qilmaydi.
Bu kabi topshiriqlar o‘quvchilarning nutqiy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi, sinab ko‘radi. Testlar to‘plamidan qayta-qayta shunday topshiriqlarni bajarish orqali to‘g‘ri yozish ko‘nikmalari rivojlanib boradi. Bunday ko‘nikmalar har bir kishi uchun zarur. Orfografiya, orfoepiya, punktuatsiya va leksika bo‘limlarini barcha mavzularga bog‘lash mumkin va bu nutqiy kompetensiyaning shakllanishiga olib keladi. Grammatik minimum aniqlanib olishi kerak.
Grammatika deganda nazariyalar to‘plamini emas, savodxonlik asoslarini tushunsak, yetakchi va ko‘makchi morfema, nomustaqil va mustaqil to‘ldiruvchi, sintaktik shakl yasovchi, moslashuv, bitishuv va boshqaruvli so‘z birikmalari kabi maktab o‘quvchisiga mutlaqo kerak bo‘lmagan bir qancha ma’lumotlarni OTMlarga, tadqiqotchilarga beraylik, desak ular ham bu grammatikabozlikdan baraka topmaydi, biri ikki bo‘lmaydi. Undan ko‘ra zamonaviy tilshunoslik — kompyuter, korpus lingvistikasi bilan shug‘ullanish foydaliroq. Imkoni bo‘lsa, til bilan adabiyotni qo‘shib o‘qitish kerak. Samarqand davlat universitetida professor Ibodulla Mirzayev ona tili va adabiyot o‘qitish, yaxshi mutaxassis tayyorlash istiqbollarini shu yondashuvda ko‘rmoqda. Adabiyot fani orqali kamida 200 ijodkorning taxminan 3000 ta asari nomini bilish, ijodkorning tarjimayi holini yodlashdan kimga nima naf?! Modomiki, o‘quvchi asarni ixtiyoriy mutolaa qilmas ekan, badiiy asar o‘qishga ishtiyoqi ham bo‘lmas ekan, ehtiyoj sezmas ekan, eshitgan g‘azal, ashula, qo‘shiq, she’r yoki hikoyaning mazmun-mohiyatini ilg‘amas ekan, yangicha yondashuvlar haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Ona tili darsliklari adabiyot eshiklarini ochuvchi kalit vazifasini ham bajarishi kerak. Bunday yondashuv ona tili ta’limi mazmuniga singdirilmoqda. Grammatikabozlikni qo‘yib, ona tilida matn bilan ishlashga o‘tish, so‘zning matndagi ma’no tovlanishlarini, talaffuzi va yozilishini, matn muallifi aslida nima demoqchiligini anglashga olib boruvchi savol va topshiriqlar tizimini yaratish, o‘quvchining adabiyotga mehr qo‘yishini ta’minlaydi, ona tilining bo‘y-u bastini ko‘radi. Grammatik nazariyalar — qoliplardir, ona tili ularga sig‘maydi. Biz tilning nutqiy imkoniyatlarini ko‘rsatib berishimiz kerak, bu imkoniyatlar grammatika bilan o‘lchanmaydi.
G‘ofir HAMROYEV, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, ona tili o‘qitish bo‘yicha mutaxassis