Huquq ham kerakli fan
Huquqiy ong, huquqiy madaniyat, mas’uliyat, javobgarlik hissi kabi tushunchalar demokratik jamiyatning muhim belgilaridir.
Mazkur tushunchalarsiz chinakam demokratik jamiyatni qurib bo‘lmaydi. Savol tug‘iladi: bu tushunchalar bizga qayerda va qachondan o‘rgatilishi zarur? Albatta, maktabdan boshlanadi degan javob to‘g‘ri bo‘ladi. Yoshlar ongida bu muhim tushunchalar haqida to‘laqonli tasavvur hosil qilishimiz kerak. Bu esa o‘z-o‘zidan ta’lim tizimida huquq fani ahamiyatini oshirishni talab etadi.
Afsuski, hozir huquq fani ikkinchi darajali fanlar qatoriga tushib qoldi. Inson har qancha kuchli, bilimli bo‘lishi mumkin, lekin unda mas’uliyat, javobgarlik hissi bo‘lmasa, qonunni hurmat qilmasa, fuqarolik pozitsiyasini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Maktablarda malakali huquq fani o‘qituvchilarining yetishmasligi, dars soatlari kamligi, darsliklarning murakkabligi kabi masalalarga ham e’tibor berish fursati keldi.
Zero, yoshlarimizga huquq bilan birga burchni, burchlarni to‘liq bajarmay huquqlarni talab qilish noo‘rinligini anglatmoq zarur. Shaxsiy manfaatini har narsadan ustun qo‘yayotganlar soni ortishi, mas’uliyat hissi yo‘qolib borayotganidan emasmi?! Bugun hayotning o‘zi ham huquq faniga ehtiyoj kuchli ekanini ko‘rsatib turibdi. Ehtiyojga qarab shakllanish esa ta’lim tizimimizning ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i zarur. Demokratik jamiyat — huquqiy ong, huquqiy madaniyat va mas’uliyat hissi bilan yo‘g‘rilgan yoshlar bilan mustahkam.
Muzaffarmirzo QOSIMOV, Farg‘ona tumanidagi 13-maktabning tarix fani o‘qituvchisi