Bola maktabdan nima olib ketishi kerak?
Keyingi yillarda tez-tez tilga olinadigan “yangi pedagogik texnologiyalar”, “pedagogikada innovatsiyalarni qo‘llash”, “bilim berishning noan'anaviy usullari” kabi tushunchalar mutaxassislar orasida bahslarga sabab bo‘lmoqda.
Ammo aksar hollarda asosiy savolga ko‘pam e’tibor qaratavermaymiz. Bizningcha, ta’limning shakl, usullarini tatbiq etishdan oldin bosh maqsadni oydinlashtirib olish kerak. Avvalo, o‘quvchining bilimini boyitishimiz kerakmi yoki unga mustaqil fikrlashni o‘rgatishimiz zarurmi?
An’anaviy ta’limda “bilim” omili muhimroq sanaladi. Umumiy tarzda oladigan bo‘lsak, hamkasblarimiz orasida “o‘qituvchining vazifasi, avvalo, bolaga bilim berish”, deb hisoblaydiganlar ko‘proq. Matnni yodlatish, mavzu haqida yetarlicha ko‘p ma’lumotlar berish, o‘qish va o‘rganish ko‘nikmasini oshirish kabi omillar hamon muhimligicha qolmoqda.
Xo‘sh, aslida-chi? Bugungi o‘qituvchi davrning qanday talablariga javob bermog‘i kerak? Bir kunda 6 soatgacha vaqtini “ta’lim-tarbiya olishga” sarflaydigan bola maktabdan aynan nima olib ketishi kerak? To‘g‘ri, o‘qishdan ko‘ra uqish muhimroq ekanini hamma biladi, ammo buni qay yo‘sinda amalga oshirishni esa… zamonaviy pedtexnologiyalardan “izlaymiz”. Aslida esa, innovatsiyalar, texnologiyalar – umumiy tavsiyalar, xolos. Har bir organizmning o‘ziga xos jihatlari bo‘lgani kabi, har bir o‘qituvchining ham o‘z texnologiyasi bo‘lmog‘i shart. Umuman, hammabop qilib tayyorlangan andozalardan andak chetga chiqibgina, bolaning shaxs bo‘lib yetishishiga keng yo‘l ochish mumkin.
Pedagogik faoliyatimiz davomida mavzularni “suv qilib ichib yuborgan” o‘quvchilarga dars berganmiz, lekin ularning mulohazalaridan qoniqmaganmiz. Ba’zan fanning mazmun-mohiyatini anglab o‘qiydigan o‘quvchini ham “mustaqil fikrga ega”, “mulohazali” deb ayta olmaymiz.
Fikrimizni tushunarliroq anglatish uchun o‘zimiz boshdan o‘tkazgan va “noan'anaviy usul”ga “mukkasidan ketgan” ayrim hamkasblarimiz duch kelayotgan noxush holatlardan so‘z ochsak. Qiziriq tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan yosh kasbdoshimiz arzihol qilib qoldi. U, o‘zining aytishiga ko‘ra, mumtoz adabiyotimiz namoyandalarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan soatlarni juda jonli o‘tishning bir usulini “topibdi”. Lutfiy, Hazrat Navoiy, Mirzo Bobur, Boborahim Mashrab kabi buyuk shoirlarimizning g‘azallari asosida yaratilgan ommabop qo‘shiqlarni bir fleshkaga yozib kelib, sinfxonada qo‘yib eshittiribdi. Yosh muallim dars o‘tayotgan xonaning yarim ochiq eshiklaridan qo‘shiq “sachrayotganini” eshitgan direktor va o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosar hovliqqancha yugurgilab kelishibdi. Sinf qo‘shiq sehriga shunchalar berilgan ekanki, rahbarlarning kirib kelganini payqamabdi ham. Harqalay, Xudo insof berib, koridorga qaytib chiqib, darsning buyog‘i qanday kechishini bilmoqqa jazm qilishibdi. Qo‘shiq tugashi bilan o‘sha yosh o‘qituvchi bolalarga, qo‘shiq matnidan eslab qolgan joylaring bo‘lsa, qog‘ozga yozib olinglar, deb topshiriq beribdi. Ma’lum bo‘lishicha, sinfdagi o‘quvchilarning oltmish foizi hech bo‘lmasa uchtadan satrni eslab qolgan ekan. Qolgan vaqt o‘sha qo‘shiq shaklida tinglangan g‘azallarning tahliliga bag‘ishlanibdi. Yosh hamkasbimizning tan olib aytishicha, tahlil davomida sinfxona “Zakovat” klubidagiday shovqinli tortishuvlarga to‘lgan. Lekin bu fikr talashuv shovqini bo‘lgan. O‘qituvchi esa fikrlar to‘qnashuvi kechayotgan jarayonni boshqarib turgan, xolos. Bu o‘ziga xos “usul”ning asl mohiyati shundan iboratki, o‘qituvchi munozara mavzusini topib beradi, o‘quvchilarning fikrlarini jim tinglaydi. Ayni vaqtda faol o‘quvchilarni daftarda belgilab boradi.
Qiziriqlik hamkasbimiz “dars o‘tish texnologiyasini qo‘pol buzgani” uchun eshitadiganini eshitib, “tegishli jazosini” ham olibdi. Nazarimizda, yosh kasbdoshimiz to‘g‘ri yo‘lda. Bolaning ongini faqat sanalar, asarlar nomlari bilan to‘ldirmasdan, tahlilga, mulohazaga o‘rgatish kerak. Buning uchun istalgan vositadan keraklicha foydalanish mumkin, deb o‘ylaymiz. Sanalar, raqamlar, ma’lumotlarni o‘zi kitobdan o‘qib olaveradi: buni o‘qituvchi aytib berishi shart emas (Masalan, “Xamsa” nechta dostondan iboratligini kitobdan ham o‘qib oladi-ku?). Shu o‘rinda savol tug‘iladi: xo‘sh, adabiyot uchun bu usul samara berar, lekin boshqa fanlar-chi? Masalan, ona tili fanidan qo‘shiq eshittirib, kinolavha tomosha qilib dars o‘tib bo‘lmaydi-ku? Deylik, ona tili darsida “Gapning uyushiq bo‘laklari” mavzusini noan'anaviy usul bilan qanday o‘tish mumkin? Avvalo, “uyushiq bo‘laklar” tushunchasi atrofida qizg‘in bahs uyushtiriladi. Xatomi, to‘g‘rimi, har bir o‘quvchi erkin tarzda o‘z munosabatini bildiradi. Atama mohiyati aniqlashtirilgandan so‘ng, bu gapga misollar keltirish bolaning o‘ziga havola qilinadi. “Borù iz topora” nomli rus ertagi bor. O‘qituvchi ham, “Borù iz topora”, ya’ni “boltadan sho‘rva” pishiradi. Masalliqlarni esa bolalar topib berishadi.
O‘zimizga kelsak, bolani fikrlashga majbur qilishning yo‘l-yo‘lakay topiladigan qiziqarli usulidan foydalanamiz ko‘pincha. Dars tugashiga bir daqiqa qolganda uyga vazifa sifatida “o‘tloq”, “kitob”, “mashina” so‘zlariga ta’rif yozib kelishni topshiramiz. Topshiriq tushunarli bo‘lishi uchun aytamizki, siz o‘zbek tilini chala bilgan do‘stingizga shu so‘zlarning asl ma’nosini sodda qilib tushuntirmoqchisiz: buni qanday amalga oshirgan bo‘lardingiz?
Biz, jamiyatimizning yetakchi kuchlarini yetkazib berish mas’uliyatini zimmasiga olgan ulkan armiya vakillari har bir topildig‘imizni, qo‘llab ko‘rgan usulimizni matbuot orqali bir-birimizga bildirib turishimiz kerak, deb o‘ylaymiz. Mayli, o‘zaro bahslashaylik, tortishaylik. Zora, shu yo‘l bilan davrimizning eng ulug‘ muammosi sanalgan ta’lim tizimining tugal mukammalligiga erishsak.
Hilola XUDOYMURODOVA, Qiziriq tumanidagi 36-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi
Ruxiya SHAYMANOVA, Bandixon tumanidagi 11-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi