Tanqidiy fikr va tanqidbozlik
“Ma’rifat” gazetasining 2020-yil 11-noyabr kungi 43-sonida berilgan fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Abduqahhor G‘aniyev qalamiga mansub “Ta’limda tanqidiy fikrlash kerakmi?” maqolasini o‘qib, ancha o‘yga tolganim rost.
Qarama-qarshi fikrlar og‘ushida qoldim. Ustoz qalamga olgan nazariy va amaliy faktlar hayotda o‘z tasdig‘ini topgan yoki topishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, o‘z qarashlarim va mulohazalarimni bayon etishni lozim topdim. Chunki bunga yana bir voqea sabab bo‘ldi. Yaqinda bir hamkasbim bilan ham aynan ta’limda tanqidiy fikrlash malakasini shakllantirish(aslida, rivojlantirish) qay darajada o‘zini oqlashi haqida bahs yuritgandik.
Hamkasbimning aytishicha, 6-sinf o‘quvchisini tanqidiy fikrlashga o‘rgatish to‘g‘ri emas ekan. Nega? Savolimga shunday javob berdi: “Kattalar ham tanqidiy munosabat bildirishga qiynaladi, o‘rni kelsa dosh berolmaydi. Bu o‘quvchi-ku?! Qanday qilib tanqidiy fikrlasin?” O‘z navbatida hayotiy kuzatishlarimdan olgan xulosalarimdan kelib chiqib javob berdim: “Haqiqat bilan yondashadigan bo‘lsak, o‘quvchi tanqidiy fikr bera oladi, himoya ham qiladi, shuningdek, tahlil qilib to‘g‘ri va noto‘g‘ri fikrni ajrata oladi. Ishonchlilikni ta’minlaydi. Faqat biz, kattalar, buning yuzaga chiqishidan biroz cho‘chiymiz, beriladigan bilimlarni qolipga solingan holda qabul qilishini istaymiz. Agar fikrga qarshi fikr bersa, “bilimdon”likka, betgachoparlikka yo‘yamiz. Qachon qo‘llab-quvvatlaymiz? Qachonki, ijodiy fikrlashini ham qolipga solib taqdim etsa! Lekin ijodiy fikrlash ko‘nikmasidan malaka hosil bo‘lishi va hayotda qo‘llay olish layoqatiga (shaxs sifatida o‘z-o‘zini rivojlantirish kompetensiyasi) ega bo‘lishi uchun ham tanqidiy qarash kerak-da!”. So‘zimni davom ettirib so‘roqqa tutdim:
— Farzandingiz necha yoshda?
— To‘qqiz yoshda.
— Hech kuzatganmisiz yoki qo‘llaganmisiz, u biladigan yo aytsangiz tasavvur qiladigan ma’lumotlarni chalkashtirib hamda mazmunidan yiroqlashtirib berganingizda qarshi fikr bildirganmi?
— Yo‘q. Farzandim qanday qilib menga qarshi chiqsin?!
— Shu holatni siz qanday baholaysiz?
— .....
Ko‘rinadiki, tanqidiy fikrlash ko‘nikmasini dastlab oiladagi tarbiya vositasida shakllantirish, so‘ng ta’limda rivojlantirish, uzviylashtirib amaliyotda qo‘llashini ta’minlash zarurati tug‘ilmoqda. Ammo bola ta’lim-tarbiyasidagi cheklovlar, faqat ijobiy munosabat bildirishni talab qilishlar uning SHAXS sifatida rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Buni ich-ichingizdan tasdiqlaysiz ham. Bola imkoniyatini hisobga olmaslik, uni tinglamaslik, mustaqil qarorini hurmat qilmaslik, qarshi chiqishiga qo‘ymaslik, o‘z orzularimiz tizginida boshqarish va shu kabi holatlar, aksariyat hollarda, salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Bir so‘z bilan aytganda, ko‘z gavharimiz — farzandimiz ergashtiruvchi emas, ergashuvchi shaxslar tipiga mansub bo‘lib qoladi. Hozirgi globallashuv jarayonida esa, tanqidiy fikrlashning nihoyatda qimmatli ekanligini har bir soha misolida ko‘rishimiz mumkin. Chunki texnika asrining vositalari asoslangan va asoslanmagan, to‘g‘ri va noto‘g‘ri, ishonarli va ishonarsiz ma’lumotlar to‘plamini birdek taqdim etadi. Ana shunda tanqidiy yondashish asqotadi, ya’ni sarasini saraga, puchagini puchga ajrata oladigan layoqat egasini har qanday kuchli tashviqot ham ta’sir doirasiga torta olmaydi. O‘zining muqim qarashi bilan o‘z uslubini yaratadi. Ijtimoiy hayotda ijobiy yutuqlari bilan belgi beradi. Bugungi kunda esa aynan shunday malakaga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli bo‘y ko‘rsatmoqda. Keling, shu o‘rinda nazariy ma’lumotlardan biroz chekingan holda, ijodiy va tanqidiy fikrlashning bir-biridan farqi va afzallliklari haqida hayotiy asoslangan fikrlarni (ba’zi fikrlar asos uchun internet manbalaridan olindi: peskiadmin.ru/uz, svcministry.org.uz) keltirib o‘tsak.
Ijodiy fikrlash ham, tanqidiy fikrlash ham tafakkur mahsuli. Ammo bir-birini takrorlamas jihatlari bor. Ijodiy fikrlash o‘z xususiyatiga ko‘ra, cheksizlikka asoslangan. Tasavvur olamining aniqlikka yoki mavhumlikka yo‘g‘rilishi dunyoqarashning qay darajada kengligiga bog‘liq. Neki bo‘lganda ham, ijodiy fikrlashga chegara qo‘yib bo‘lmaydi. Buning natijasida yangidan yangi g‘oyalar tug‘iladi. Yana muhim omillaridan biri, ijodiy fikrlash mavzu tanlamaydi. Har bir mavzu g‘oyasidan yangi g‘oya yaratish mumkin. Demak, ijodiy fikrlashda tasavvur muhim omil hisoblanadi. Tanqidiy fikrlash esa, ma’lum bir doira atrofidan chiqmagan holda namoyon bo‘ladi. Mavzu tanlaydi. Aniqlikka asoslanadi. Tahliliy munosabat tanqidiy fiklashning mazmuni. Bu degani, har doim ham tanqidiy fikrlash malakasi ishga tushirilmaydi. O‘rtaga tashlangan muammoli vaziyatni tahlil qila olish, taqqoslash, natijaviylikni yaqqol ko‘ra olishi uchun ham tanqidiy fikrlash malakasini rivojlantirish zarur.
Ijodiy fikrlash va tanqidiy fiklrashning o‘xshash jihatlari esa, ikkalasi ham fikrlardan iborat. Ikkalasida ham xulosaviy yechim mavjud. Ikkalasi ham ixtirolar tug‘ilishida doyalik qila oladi. Hozirgi atama bilan aytganda, ikkalasi ham kreativlikka asos bo‘ladi.
(Biroz chekinish qilsak-da, tanqidni salbiy munosabat tushunchasi sifatida qabul qiluvchilar uchun shu so‘zning “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da keltirilgan lug‘aviy ma’nosiga urg‘u berib o‘tsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, meningcha.)
Tanqid – baho berish maqsadida o‘rganish, tahlil qilish va shu asosdagi xulosa.
1. Ish-harakat, faoliyat, asar, ta’limot va shu kabilarning yutuqlarini qayd etish, kamchilik va nuqsonlarni belgilash va bartaraf etish maqsadidagi muhokama, tahlil. Tahlil aylab ters-u o‘ngingdan, ikkimizni qiladi behol. Xo‘p do‘pposlab, tanqid so‘ngida ijodimga tilaydi kamol. (E.Vohidov)
Biror narsaning to‘g‘ri, haqqoniy ekanini ilmiy tahlil qilish, tadqiq etish. Tarixiy manbalarning tanqidi. Matn tanqidi.
Adabiy faoliyatning badiiy, ilmiy va boshqa turdagi asarlarni, shuningdek, ularda aks ettirilgan hayotiy hodisalarni talqin va tahlil qiluvchi maxsus turi. Shaxsan men adabiy tanqid faqat adabiyot uchun emas, umuman, ma’naviy hayot uchun zarur ekanini… yana ham chuqurroq his etdim. (U. Normatov)
Kamchilik, nuqson, xatolik va shu kabilarni qayd etish, qoralash, shuningdek, ularni hal etish maqsadida bildiriladigan tanbehli fikr-mulohaza, gap-so‘z. Tanqid bo‘g‘ilgan joyda hech qanday taraqqiyot bo‘lishi mumkin emas. (F. Musajonov)
Har bir fikrning qarshi tushunchasi bo‘lganidek, tanqidning ham kushandasi tanqidbozlik(-) sog‘lom muhitni ifloslantiradi, odamlarni sog‘lom fikrlashdan og‘ishtiradi. Qachon? Qachonki, unda yuqorida berilgan ta’riflarga mos keladigan ko‘nikma shakllanmaganda, malaka aks etmaganda! Shuning uchun ham tanqidni kelajak mevasi misolida totishni o‘rganish va o‘rgatish lozim. Tanqid deganda ijobiy tushuncha shakllanishi bugungi ta’lim masalalaridan biri bo‘layotgani ham bejiz emas. Chunki u xulosalarning eng yaxshisini tanlatadi, nuqsonlilaridan voz kechtiradi, muammolarni tez fursatda hal qilishga undaydi. Ishonchli manbani taqdim etadi. Mukammallik sari yo‘l ochadi. Demak, tanqidiy fikrlashni noto‘g‘ri talqin qilmaslik, ya’ni uni ijodiy fikrlash bilan almashtirmaslik kerak. Shaxs hayotida ikkisining ham alohida-alohida qimmati bor!
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, tanqidiy fikrlash, nainki ta’limda, tarbiyada ham muhim ahamiyatga ega. Inson hayotning o‘nqir-cho‘nqir so‘qmoqlaridan, baland-baland dovonlaridan o‘ta olishi uchun ma’nan qurollanishi zarur. Bu esa, albatta, ijodiy va tanqidiy fikrlash orqali shakllanadi. Shuningdek, ta’limda rivojlantirilgan tanqidiy fikrlash layoqati raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishida katta o‘rin tutadi.
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz shahridagi 23-maktab o‘qituvchisi