Zararli gazlar qanday hosil bo‘ladi?
Kuz-qish mavsumida insonlarning is gazi(SO)dan zararlanish holatlari ko‘payadi. U nafas olish vaqtida o‘pka alveolalariga kirib, qon tarkibidagi gemoglobin oqsiliga kislorodga nisbatan tezroq birikib oladi. Qon orqali hujayra va to‘qimalarga borgan is gazi tanadagi kislorod bilan oksidlanib karbonat angidrid gaziga aylanadi (2SO + O2= 2SO). Natijada hujayra va to‘qimalarga kislorod yetishmay qoladi, organizm bo‘g‘iladi. Vaqtida yordam ko‘rsatilmasa, bu o‘limga ham olib kelishi mumkin.
Ko‘mir, tabiiy gaz va boshqa yonuvchi moddalarning chala yonishi natijasida bo‘g‘uvchi gaz hosil bo‘ladi. Pechning mo‘risi qanchalik soz bo‘lsa ham atmosfera havosining turli xil oqimlari natijasida ajralib chiqayotgan gazning bir qismi xona ichiga tarqalib turadi. Moddalarning chala yonishiga xonada kislorodning kamligi sabab bo‘ladi. Kislorod va suv bug‘i yetarli bo‘lsa, bo‘g‘uvchi gaz ham yonib ketar edi. Xona havosi tarkibida bug‘ bo‘lmasa, bu reaksiya amalga oshmaydi. Xonada elektr toki, gaz plita va chiroqlarning uzoq vaqt yoniq qoldirilishi havoning quruqlashishiga, bug‘ va kislorodning kamayishiga sabab bo‘ladi. Bu esa uglerod birikmalarining chala yonishiga olib keladi. Xonada karbonat angidrid miqdori ko‘payganda ham kislorod va bug‘ kamayadi. Chunki karbonat angidridning massasi kislorod va suv massasiga nisbatan og‘ir. Haroratning keragidan ortiq ko‘tarilishi kislorodning kamayishiga, karbonat angidrid gazining ortishiga sabab bo‘ladi.
SO – bo‘g‘uvchi gaz rangsiz, hidsiz, ta’msiz bo‘lganligi uchun insonlar uning ajralib chiqayotganini sezishi qiyin, ammo yetarlicha hushyorlik uni ilg‘ashga yordam beradi. Inson uchun eng qulay harorat +20 — +25 daraja. Undan yuqori bo‘lganda organizmning faolligi pasayadi, moddalar almashinuvi susayib, odam lanj bo‘ladi, uyqu bosadi. Xona havosi tarkibida kislorodning kamayishi ham xuddi shunday oqibatlarga olib keladi.
Organizmda modda va energiyaning yetishmovchiligi moddalar almashinuvi jarayonining buzilishiga olib keladi. Buning natijasida organizm juda sust harakatlanadi, zaif holatga o‘tadi, lanj bo‘lib, boshda og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘riq organizmning eng birinchi himoya funksiyasidir. Boshda og‘riq paydo bo‘lganda uning sababini topish kerak. Balki xonani shamollatib toza havodan nafas olish kerakdir. Buning o‘rniga ko‘p hollarda charchaganga o‘xshayman, deb uxlashga harakat qilamiz. Xonada pech yoki gaz plitasi yonib turgan bo‘ladi…
Uyqu vaqtida sezgi hujayralarining faoliyati pasayadi yoki butunlay yo‘qoladi. Ya’ni ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish, harakatlanish, terining issiq-sovuqni, siypalashni, kuchsiz og‘riqni sezish xususiyatlari deyarli yo‘qoladi. Uxlagan odamda oliy nerv faoliyatiga xos bo‘lgan fikrlash, tashqi muhitdagi voqealarni, o‘zgarishlarni sezish, ular to‘g‘risida xulosa qilish qobiliyati ishlamaydi, uxlayotgan odam gaz ta’sirida bo‘g‘ilayotganini ham sezmay qoladi.
Qadrli vatandosh, e’tiborli bo‘ling. O‘zingiz va yaqinlaringiz hayotini xavf ostiga qo‘ymang!
Zokir XO‘JAMURODOV, Nurobod tumanidagi 18-maktabning kimyo-biologiya fani o‘qituvchisi