O‘quvchini adolatli baholang…
Har bir bajarayotgan ishimizning sifatli chiqishi atrofdagilarning shu ishga nisbatan munosabatiga ham bog‘liq. Azaldan insonlar qilgan mehnatining rohatini ko‘rishni, sarflagan kuchiga yarasha rag‘bat olishni istaydi.
Bu vaziyat yoshlar bilan bog‘liq jarayonlarda sodir bo‘lsa, o‘zgalarning bahosi ikki karra muhim sanaladi. Boisi, farzandlarimizga biz, kattalar tomonidan berilayotgan ishonch ularning yanada samarali mehnat qilishiga turtki bo‘ladi.
Maktablarda pedagoglar o‘quvchini baholashda u sarflagan quvvat hamda mehnatni ham inobatga olsa yaxshi bo‘lardi. Nima bo‘lganda ham, bola biror ishni uddalashga urindimi, uni rag‘batlantirish keyingi bajaradigan ishining yanada yaxshi chiqishini ta’minlaydi. Odatda men o‘quvchilarni baholashda o‘z usulimni qo‘llayman. Masalan, sinf jurnalida har bir sanaga har bir o‘quvchi uchun bitta balga joy bor. Lekin o‘quvchi bir darsda bir necha baho oladi: uy vazifasi, mashqlar bajarganligi va boshqalar uchun. Shu ballarni qayd qilib borish uchun alohida jurnal tutganman. Bu daftar-jurnalga har bir sanada tartib-intizomga ham alohida rag‘bat va jarima ballari qo‘yib boriladi. Dars so‘ngida barcha ballar yaxlitlanib, sinf jurnaliga qo‘yiladi.
Masalan, o‘quvchi uyga vazifaga 5 balga loyiq javob berdi, dars davomida bitta mashqqa 4 ball, bittasiga 3 balga loyiq ko‘rildi, tartib-intizomi 4 ball, bu o‘quvchiga shu kuni sinf jurnaliga 4 ball qo‘yiladi. Bilamizki, maktabda ta’lim va tarbiya birgalikda olib boriladi. Shunday ekan, tartib-intizomga qo‘yilgan balni aralashtirganim bejiz emas. Aytishingiz mumkin, “bu o‘qituvchi yana bir qog‘ozbozlikni targ‘ib qilyapti” deb. Ammo bu jurnalga faqat ism-familiya va sana qo‘ysangiz yetarli. Mavzu yoki uyga vazifa qismlarini ko‘chirish shartmas. Eng muhimi, qaysidir o‘quvchi uyga vazifani ma’lum bir sabablarga ko‘ra qoniqarsiz bajargan bo‘lsa ham, bahosini to‘g‘rilash uchun darsda imkon bor. O‘quvchida har bir mashq uchun motivatsiya ham mavjud. Qo‘yilgan ballar choraklik baholar chiqarishda ham asqotadi, ya’ni o‘quvchi misqollab yiqqan ballari kundek ravshan bo‘lib qoladi. Bunday usullar bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini ham oshiradi, xatti-harakatini yanada kuchaytirishga undaydi.
Akbar AHMEDOV, Sherobod tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi