Yangi yil ostonasidagi o‘ylar
Hademay yangi yil eshik qoqadi. Yakuniga yetayotgan yil esa insonni mulohazaga chorlaydi, kelgusi rejalar haqida o‘ylashga undaydi.
Katta sinovli 2020-yilda mamlakatimizda boshqa sohalarda bo‘lgani kabi, ta’lim tizimida ham bor imkoniyat ishga solindi. Pandemiya sharoitida farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi, ilm olishi uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Bu yildan oddiy bir o‘qituvchi sifatida o‘zim uchun qator xulosa va hayotiy saboqlar oldim. Masalan, o‘zimni o‘zimga nisbatan talabchan, mutaxassisligim bo‘yicha doimiy izlanuvchan pedagog, deb bilardim. Ishimdan qanoatlanishga o‘xshash his borday edi. Koronavirus pandemiyasi sabab yangi bilimlarni, sohamga aloqador yangi yo‘nalishlarni muntazam o‘zlashtirib borishim zarurligini chuqurroq angladim.
Bu yil ota-onalar bilan faol muloqot qilish, tez-tez fikr almashib turish ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilishini o‘z tajribamda ko‘rdim. Yana shuni ta’kidlash kerakki, o‘qituvchi bolalarning faqat maktabdagi yutuq va kamchiliklaridan xabardor bo‘lishining o‘zi yetarli emas. Biz ko‘p hollarda ertamiz egalarining maktabdan tashqaridagi harakatiga, shaxsiy qiziqish va mashg‘ulotlariga e’tibor beravermaymiz.
Karantinda ko‘plab hamkasblarimizning mana shu boradagi kamchiligi ham to‘g‘irlandi. Darhaqiqat, bolaning shaxsiyati haqida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lish o‘qituvchining muvaffaqiyat kalitlaridan biri sanaladi.
Sharoit taqozosiga ko‘ra turli veb-resurslar bilan ishlashga, videodasturlarni o‘rganishimga to‘g‘ri keldi. Hozir bu yo‘nalishga o‘zimda ham qiziqish ortgan, bu boradagi bilimlarimni boyitib boryapman. Bugungi kunda an’anaviy darslarda ham o‘zim tayyorlagan videomateriallardan tez-tez foydalanaman. Matematika fanini qiyin o‘zlashtiradigan ba’zi o‘quvchilarimga bu ancha manzur bo‘lmoqda.
Shuningdek, onlayn darslarni o‘tishda xorij tajribasi qandayligini o‘rganish, mustaqil video-darslar tayyorlash jarayonlarida ingliz tilini o‘rganishga ehtiyoj sezildi. Demak, matematika fani o‘qituvchisi ingliz tilini ham bilishi maqsadga muvofiq, degan xulosaga keldim.
Odatda faoliyatim davomida maktab psixologi va sinf rahbari bilan muntazam hamkorlik qilib kelaman. Shu yildan boshlab hamkorlarim safiga ingliz tili fani o‘qituvchilari ham qo‘shildi.
Ustozlarimiz yaxshi o‘qituvchi nafaqat bolalarga, balki o‘ziga ham talabchan bo‘ladi, deb o‘rgatishgan. Bu o‘gitlarga amal qilib ishlash esa kelgusida o‘z mevasini berishiga ishonamiz.
Malika UMAROVA, Zangiota tumanidagi 13-maktabning matematika fani o‘qituvchisi