Biologiyadan sovitmang!
Maktabda matematika fanidan zo‘r o‘qigan o‘quvchi adashib biologiya yo‘nalishiga o‘qishga kirib qolgan va biologiya tabiiy fan ekanligi xayolidan chiqib, uni aniq fanga aylantirib yuborgan.
Bundan tashqari, u maktabda o‘qituvchilik qilmasdan, menimcha, faqat masala tuzib, biologlarni “jinni” qilmoqchi bo‘lyapti. Nima demoqchi bu gaplari bilan deb o‘ylayotgandirsiz… Ochiqlayman.
Genetikaning otasi — Mendel asli matematik bo‘lgan ekan, faqat no‘xat ustidagi tajribasi o‘xshab, boshqa tajribalari o‘xshamay qolganda bir olim: “bunday tajribalarni biologlarga qo‘yib bering-da, siz o‘z ishingizni qiling”, degan ekan. Mendel o‘zi qilgan tajribaning mohiyatiga yetmay olamdan o‘tgan.
Demoqchimanki, burchakda o‘tirvolib biologlarning asabini egovlayotgan “buzg‘unchilar” ham borib matematikligini qilsin-u, yuqoriroq cho‘qqilarga erishsin. Biologiya fani uchun bunaqa murakkab masalalar nimaga kerak? Bu masalalar kelajakda biolog bo‘lmagan o‘quvchining hayotida qay darajada ahamiyat kasb etadi? Undan ko‘ra, birinchi yordam, o‘simliklarning dorivor xususiyatlari, ulardan qanday foydalanish mumkinligi va hokazolar haqida ko‘proq ma’lumotlar beraylik, toki o‘quvchilarimiz hech joyda o‘qimasa ham, hayotida foydalana olsin. Masala yechishiga qarab o‘qituvchiga baho bermasdan, biologiya fanining mohiyatini ochib berganimiz, tabiatni sevishga o‘rgatganimiz uchun “Ustozim zo‘r!” deb baho bersin! Biz ham biologiya — tabiiy fan ekanligini har tomonlama isbot qila olaylik.
Charos SIDDIQOVA, Kasbi tumanidagi 30-maktab biologiya fani o‘qituvchisi